Kuyi Murg‘kush guzari
Kuyi Murg‘kush — Buxoro shahrining Shayx Rangrez qismida joylashgan qadimiy guzar.
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Shahar | Buxoro shahri |
Kim sharafiga nomlangan | Xo‘ja Porso tomonidan kuyi Murg‘kush („tovuq so‘yuvchilar“) nomi berilgan |
Guzar tarixi
tahrir„Ku“ termini bo‘yicha qaralganda, bu guzar XVI—XVII asrga mansub. Chunki XVII asrdan so‘ng „ku“ termini ishlatilmay qolgan. Lekin vaqf hujjatlarida guzar XVIII asr boshida ro‘yxatga olingan. Kuyi Murg‘kush guzari Xo‘jabulg‘or, Xullabofon guzarlari bilan chegaradosh. Guzarda Rossiya imperiyasi bilan savdo qiluvchi karvonboshi istiqomat qilgan. Guzar aholisi to‘fboflik hamda mashkoblik qilishgan[1].
Guzarda masjid va maktab mavjud bo‘lgan. Unda, shuningdek, Xo‘ja Porso nomidagi xotin-qizlar hammomi bo‘lib, u XIV asr so‘fiylik oqimining namoyandasi Xo‘ja Porso nomida edi. U yer mahalliy aholi uchun qadamjo hisoblangan. Guzardagi ziyoratgohlardan yana biri — Sabatbof qabri bo‘lgan. Shuningdek, Kuyi Murg‘kush guzarida Ahmadboy tomonidan qurilgan uy ham mavjud edi. Uni keyinchalik Buxoro amiri o‘z ixtiyoriga olgan. Unda Rossiya imperiyasidan keladigan mehmonlar istiqomat qilishgan.
Guzarning Kuyi Murg‘kush deb nom olishi Xo‘ja Porso hammomi shu guzarda qurilgani bilan bog‘liq. Manbalarda qayd etilishicha, hammom bitgandan keyin ilohiyot olimi Xo‘ja Porso tovuq keltirib, qon chiqarib so‘yishni aytgan va „guzar kuyi Murg‘kush („tovuq so‘yuvchilar“) deb atalsin“ degan[2]. Xo‘ja Porsoning o‘z guzari shu guzarning ro‘parasida joylashgan.
1927-yil 10-avgustda olingan hisobotga ko‘ra guzarda 62 xo‘jalik bo‘lib, unda 260 kishi istiqomat qilgan. 1929-yili qayta ro‘yxatga olinganda Kuyi Murg‘kush, shuningdek, XV asrning 80-yillarida tashkil etilgan Muhammad Qosim, vaqf hujjatlarida XVII asrda ro‘yxatga olingan Kokilayi Kalon, XVIII asrda amir Shohmurod tomonidan tashkil etilgan Xo‘jabulg‘or guzarlari birlashtirilib, guzari Mehnat nomini olgan.