Kursiy Ruf
Kvint Kursiy Ruf (milodiy I asr) – qadimgi Rim tarixchisi va ritor (notiqlik sanʼatini oʻrgatuvchi muallim). Kvint Kursiy Rufning qachon tugʻilgan va vafot etgani nomaʼlum. Asarlarining tiliga qarab, tarixchilar Kvint Kursiy Rufni Rim imperatorlari Klavdiy yoki Avgust hukmronligi davrida yashagan deb taxmin qiladilar. Kvint Kursiy Ruf makedoniyalik Aleksandr va uning harbiy yurishlariga bagʻishlangan, harbiy texnika tarixi nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyatga ega 10 ta jilddan iborat „Buyuk Aleksandrning tarixi“ nomli asar (taxminan milodiy 50-yil)ning muallifi. Uning 8 ta jildi saqlangan[1].
Kvint Kursiy Ruf | |
---|---|
Tavalludi |
taxminan I asr Rim imperiyasi |
Vafoti |
aniq emas, taxminan I asr 2-yarmi Rim imperiyasi |
Istiqomat joylari | Rim, Afina shaharlari |
Fuqaroligi | Rim imperiyasi |
Kasbi | tarixchi, ritor, yozuvchi |
Sohasi | Tarix, Ritorika |
Mashhur ishlari | Buyuk Aleksandr tarixi |
Biografiyasi
tahrirBolalik va oʻsmirlik davri
tahrirKvint Kursiy Ruf Rim imperiyasigiga qarashli Tira shahrida tugʻilgan. Uncha katta boʻlmagan bu shaharning tabiati goʻzal bo'lgan. Uning oilasi uncha badavlat boʻlmasa ham, oʻziga yarasha toʻq boʻlgan. Kvint Kursiy Rufning yoshligidan bilimga chanqoqligini sezgan oilasi uni lotin maktabiga oʻqishga berishgan. Savodi chiqqandan soʻng lotin tilida yozilgan asarlarni bilan oʻqiy boshlaygan. Biroq bu vaqtda lotin tilida yozilgan badiiy asarlar barchaga birdek yetishmasdi. Koʻpgina yunon adabiyoti namunalarini lotin tilida oʻqib qoniqmagandan keyin grek tilini oʻrganishga zoʻr berib intiladi. 22-23 yoshida Afina safariga joʻnaydi. Afinaning qadimiy adabiyoti, madaniyat yodgorliklari unda katta qiziqish uyg'otgan. Afina safari uning dunyoqarashiga juda katta taʼsir koʻrsatadi. Kursiy Ruf milodning 30-yillari oxirlarida Rimga qaytib keladi. Rimdagi adabiy guruhlar bilan aloqa bogʻlaydi. Notiqlik sanʼatiga oid asarlar yoza boshlaydi. Uning bu asarlari oʻsha davrdagi adabiy jamoatchilikning eʼtiborini oʻziga tortgan[2].
„Buyuk Aleksandrning tarixi“ asari
tahrirKursiy Ruf Aleksandr Makedonskiyning tarixiga bagʻishlangan oʻnta jildlik asar yozgan. Mazkur asar fors, arab, suryoniy, arman, kopt, malay va boshqa tillarda keng tarqalgan va V asr oxirlarida arman tiliga tarjima qilingan[3]. Oʻnta kitobni oʻz ichiga olgan bu asarning keyingi taqdiri gʻoyat achinarlidir. Asarning birinchi va ikkinchi kitoblari yoʻqolib ketgan. Beshinchi kitobning oxiri va oltinchi kitoblarning boshlanishi saqlanmagan. Shuningdek, asarning oʻninchi kitobidagi ayrim sahifalar ham yirtilib ketgan. Asarning Markaziy Osiyoga bagʻishlangan kitobidagi sahifalardan ayrim satrlar oʻchganligini hisobga olmaganda, asar hozirgi davrgacha toʻliq yetib kelgan[4].
Markaziy Osiyo tarixiga doir maʼlumotlar
tahrirBaqtriya haqida
tahrirAsarda Markaziy Osiyoga doir turli qiziqarli maʼlumotlar mavjud. Kvint Kursiy Ruf Baqtriyani tabiati turli-tuman va goʻzal, unumdor yerlari koʻp, sersuv, ekinzorlarga boy mamlakat, deb taʼriflaydi. Uning yozishicha, oʻlkaning aholisi koʻp, ular bugʻdoy va arpani koʻp ekadilar, uzumzorlari bepoyon. Oʻlkada mevalarning barcha turlari oʻsadi. Chorva mollarini boqishga qulay. Yilqisi koʻp, chopar otlarga boy mamlakat. Ayni paytda oʻlka hududida qumloq va ekin bitmaydigan yerlar ham anchagina[3].
Skiflar (saklar)
tahrirKvint Kursiy Rufning qayd qilishicha, skiflarning hatto nutqi ham jozibador edi. Oʻzining goʻzal nutqi va madaniyatiga ega boʻlgan skiflarning oʻsha davrlarda oʻziga xos adabiyoti ham boʻlgan. Kvint Kursiy Rufning „Buyuk Aleksandrning tarixi“ asarida skiflarning jasurligi va mardligini taʼriflaydi. Uning yozishicha, Aleksandr skiflarning katta bir guruhini asir oladi. „Jismoniy jihatdan baquvvat boʻlgan skiflardan 30 kishini oʻlimga mahkum etganda, ular oʻlimdan ham qoʻrqmasdan, xalq qoʻshiqlarini baralla aytib, xursand boʻlib borardilar“, – deydi Kursiy Ruf. Skiflarning mardligiga qoyil qolgan Aleksandr asirlarni oʻlimdan saqlab qolib, hibsdan ozod qiladi[3].
Massagetlar haqida
tahrirAsarda massagetlarning jasoratlari haqida ham maʼlumotlarlar mavjud. „Massagetlar 800 nafar otliq jangchilarini qishloq yaqinidagi oʻrmonga yashirib qoʻyadilar. Bir necha kishi poda haydab, oʻrmonga qarab bemalol ketaveradi. Tayyor oʻljani qoʻldan chiqarmaslik uchun Attin oʻzining 300 otliq jangchisi bilan hech shubha qilmasdan oʻrmonga kirib boradi. Massagetlar Attin qoʻshiniga qoʻqqisdan hujum qilib, ularning hammasini qirib tashlaydilar“[3].
Spitamen xususida
tahrirKvint Kursiy Rufning asarida Spitamen jismonan baquvvat, jasur, mard va tadbirkor bir shaxs sifatida tasvirianadi. Uning yozishicha, dastlabki paytda Aleksandr Spitamenga katta-katta vaʼdalar beradi, hatto Sugʻdiyona hokimligini inʼom etmoqchi boʻladi. Spitamen esa vatanga xiyonat qilishdan koʻra oʻlimni afzal biladi.
Ushbu asarda Spitamen fojiasiga sabab boʻlgan xoinlarga doir maʼlumotlar uchraydi. Shuningdek, Kvint Kursiy Rufning asarida hozirgi Oʻzbekiston hududining Aleksandr qoʻshinlari tomonidan istilo qilinishi, xalqlarning chet el bosqinchilariga qarshi kurashi, xususan, Spitamen qoʻzgʻoloni keng yoritib berilgan[3].
Manbalar
tahrir- ↑ Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild: A—Beshbaliq. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2000.
- ↑ Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. Toshkent: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 44-bet.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 57-58-betlar.
- ↑ Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. Toshkent: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 46-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |