Laringit
Laringit (laringo yunoncha – yalligʻlanish) – hiqildoq shilliq qavatining yalligʻlanishi. Oʻtkir va surunkali xillari bor. Oʻtkir laringit koʻpincha katar, gripp, kizamiq, skarlatina, koʻkyoʻtal va boshqa, shuningdek, butun organizmning sovqotishi, ovoz boylamlariga zoʻr kelishi (baqirib gaplashish), muzdek yoki juda issiq ovqat isteʼmol qilish, tamaki chekish, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish natijasida roʻy beradi. Oʻtkir laringitda bemor tomogʻi qurib, qirilishi, tirnalishidan shikoyat qiladi; yoʻtal tutadi, tovushi boʻgʻiq, doʻrillagan yoki butunlay chiqmay qoladi, baʼzan yutinganda ogʻriq paydo boʻladi. Oʻtkir laringitning kataral, diffuz, gemorragik, flegmonoz va boshqa shakllari farq qilinadi.
Koʻpincha, bolalarda (xususan, 6—8 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻtkir laringitning soxta krup (boʻgʻma) shakli uchraydi. Bu, odatda, ekssudativ diatez va boshqa allergik kasalliklarga moyil bolalarda kuzatiladi. Oʻtkir kataral laringit tezda tuzalib ketishi, diffuz-gemorragik shakli esa ogʻirroq kechib, uzoq, davom etishi mumkin. Flegmonoz laringitda bemorning ahvoli mushkullashadi, harorati koʻtariladi, hiqildoq sohasida ogʻriq paydo boʻlib, yutinish qiyinlashadi va hokazo.
Oʻtkir laringitning bot-bot qoʻzib turishi va uni yaxshi davolamaslik, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovozni zoʻriqtirib qoʻyish (oʻqituvchilar, lektorlar, ashulachilarda) va boshqalar surunkali laringitga sabab boʻladi. Surunkali laringit bilan ogʻrigan bemorning tovushi xirillab boʻgʻiladi, tez toliqadi, koʻpincha yoʻtalib turadi. Davosi : kasallikning xili va kechishiga qarab fizio-terapevtik muolajalar, dorivor moddalardan ingalyasiya buyuriladi, organizmni chiniqtirish, kasbga oid zararli moddalarni yoʻqotish tavsiya etiladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |