Otorinolaringologiya (oto..., yunoncha rhis — burun, larynx — tomoqva...logiya), laringootorinologiya (LOR) — quloq, burun va tomoq hamda uning atrofidagi aʼzolar kasalliklarini oʻrganadigan fan. Eshituv fiziologiyasi, uning buzilishi va shunga aloqador kasalliklarni oʻrganish (audiologiya), ovoz fiziologiyasi, uning oʻzgarishi va bu oʻzgarishlarni keltirib chiqargan kasalliklarni oʻrganish (foniatriya), quloq ogʻir boʻlib qolishi, karlik sabablarini oʻrganish (surdologiya) ham otorinolaringologiyaga kiradi. Normal va patologik sharoitda ichki quloq (asosan, labirint)ning bosh miyaning turli boʻlimlari bilan aloqasini oʻrganadigan soha otonevrologiya deb ataladi.

Otorinolaringologiya 19-asr oʻrtalarida xirurgiya va terapiyadan mustaqil soha sifatida ajralib chiqqan. Sobiq Ittifoqda 1922-yildan Otorinolaringologiya tibbiyot institutlarida mustaqil fan sifatida oʻqitila boshladi, ilmiy tadqiqot institutlari tashkil etildi. Oʻzbekistonda bu sohadagi tadqiqotlar dastlab Oʻrta Osiyo universitetida professor S. F. Shteyn tomonidan 1920-yilda tashkil qilingan kafedrada olib borildi. Oʻrta quloqning oʻtkir va surunkali yalligʻlanishi, uning asoratlarini aniqlash, karlikni davolash usullari ustida tadqiqotlar oʻtkazildi (qarang J. Mirazizov, A. I. Moʻminov, A. N. Dadamuhamedov, Gʻ. Q. Ibrohimov, S. A. Hasanov, K. A. Xoʻjayev, A. M.Hakimov). Hozirgi hiqildoqning oʻtkir va surunkali yalligʻlanishi, xavfli va xavfsiz oʻsma kasalliklarini aniqlash, davolash muammolari ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 1-ToshTIning Otorinolaringologiya kafedrasi qoshida quloq va yuqori nafas yoʻllari faoliyatini mikroxirurgik usulda tiklash markazi, 2-ToshTIning Otorinolaringologiya kafedrasi qoshida eshitish qobiliyatini qayta tiklash markazi va foniatriya ilmiy-amaliy markazi tashkil etilganligi bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari koʻlamining kengayishiga olib keldi. Oʻzbekistondagi barcha tibbiyot intlarida Otorinolaringologiya fan sifatida oʻqitiladi. Qoʻchqor Mirazizov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil