Leonid Osipovich Pasternak (ruscha: Леони́д О́сипович Пастерна́к, 1862-yil 3-aprel, Odessa - 1945-yil 31-may, Oksford) — rus post-impressionist rassomi. U shoir va yozuvchi Boris Pasternakning otasi edi.

"Avtoportret" (1908)

Biografiyasi

tahrir
 
"Avtoportret" (1916-yildan avvalgi rasm)

Leonid Pasternak 1862-yil 3-aprelda Odessada pravoslav yahudiy oilasida tugʻilgan. Oila XV asrda yashagan yahudiy faylasufi va Portugaliya xazinachisi Isaak Abrabanelning qarindoshi degan faraz mavjud, ammo bu narsa yetarli dalillar bilan isbotlanmagan[1]. Leonidning otasi uyini mehmonlarga ijaraga berish orqali daromad qilgan. Leonid oilada 6 farzandining kenjasi edi. Yoshligidan tarbiya bergan murabbiylar taʼsirida u sanʼatga qiziqib qoladi.

U rasm chizishni juda erta yoshda boshlagan, lekin oilasi uning chizgan rasmlari oʻqishiga xalaqit berishidan qoʻrqib, uni tushkunlikka tushirishgan. Uning birinchi homiysi Leonid yetti yoshga toʻlganda uning chizgan rasmlarini sotib olishni boshlagan mahalliy koʻcha tozalovchi edi. 1879—1881-yillarda Leonid Pasternak Grekov nomidagi Odessa rassomlik maktabida oʻqiydi.

1881-yildan 1885-yilgacha Leonid Moskva universitetining tibbiyot fakultetida, keyinroq huquq fakultetida oʻqidi. Oxir-oqibat u oʻz hayotini sanʼatga bagʻishlashga qaror qildi va Myunxendagi Qirollik tasviriy sanʼat akademiyasiga oʻqishga kirdi, 1887-yilda uni tugatdi. Rossiyaga qaytgach, podsho Rossiyasi armiyasining artilleriya polklaridan birida majburiy harbiy xizmatni oʻtadi. 1889-yildan rassom sifatida oʻz faoliyatini boshladi.

 
"Imtihon oldi kechasi" (1895;Parij). 1900-yilda sotib olingan.
 
"Aleksandr Pushkin dengiz bo'yida"

Uning faoliyati boshlanishi juda muvaffaqiyatli boʻldi. Uning birinchi koʻrgazmali rasmini oʻsha davrning Rossiyadagi eng muhim sanʼat homiysi Pavel Tretyakov sotib oldi. Tez orada u mashhur rassomga aylandi, Valentin Serov, Isaak Levitan, Mixail Nesterov va Konstantin Korovinni oʻz ichiga olgan Polenovlar toʻgaragining aʼzosi boʻldi. 1889-yilda u badavlat yahudiy sanoatchi Isidor Kaufmanning qizi pianinochi Roza Isidorovna Kaufmanga uylandi. Yangi turmush qurganlar Moskvaga joylashishdi va er-xotinning toʻrt farzandidan birinchisi, taniqli yozuvchi va shoir Boris Pasternak dunyoga keldi (1890-yil).

Leonid Pasternak oʻzini impressionist deb atagan birinchi rus rassomlaridan edi. Rossiyada 1880—1890-yillarda bunday eʼlon kishilarning eʼtiborini jalb qilish uchun yetarlicha yangi edi. Leonid, Peredvijniki va Rossiya rassomlar uyushmasining aʼzosi edi. U Lev Tolstoyning doʻsti edi, bir necha oy Yasnaya Polyanada yashadi va buyuk yozuvchining koʻplab portretlarini chizdi, shuningdek, Tolstoyning „Urush va Tinchlik“ va „Tirilish“ romanlariga rasmlar ishladi.

Mehnat faoliyati

tahrir
 
Leonid Pasternakning o'g'illari: Boris (chapda) va Aleksandr (o'ngda) - 1900-yillar.

Tolstoy romanlariga chizgan rasmlari uchun Parijdagi Butunjahon yarmarkasida (1900) medal bilan taqdirlangan.

Pasternak Rossiya Imperiyasi Badiiy akademiyasining aʼzosi etib saylangan (1905), shuningdek, Moskva rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura maktabida talabalarga dars bergan.

1921-yilda Pasternak Berlinda oʻtkazilishi rejalashtirilgan koʻz operatsiyasi amaliyotiga bordi. U yerga rafiqasi va ikki qizi: Lidiya hamda Jozefina bilan sayohat qilib, oʻgʻillari Boris va Aleksandrni Rossiyada qoldirdi. Operatsiyadan soʻng, u Rossiyaga qaytmaslikka qaror qildi va 1938-yilgacha Berlinda qoldi. Yahudiylarga mansubligi sabab, Germaniyani tark etgan Pasternak Angliyadan panoh topdi. 1924-yilda u mashhur olim, Nobel mukofoti laureati Albert Eynshteyn portretini chizdi (hozirda Quddus Ibroniy universitetining matematika va informatika kutubxonasida saqlanadi[2]). Leonid Pasternak 1945-yil 31-mayda Oksford shahrida vafot etdi.

Chizgan sanʼat asarlari

tahrir

Havolalar

tahrir
  1. Christopher Barnes, Boris Pasternak: A Literary Biography, p. 2.
  2. Albert Einstein Portrait by Leonid Pasternak. Mathematics and Computer Science Library of the Hebrew University of Jerusalem, 2016