Moxov
Moxov (arab, maxv — yoʻq qilish yoki chetlatish), lepra, prokaza — butun organizmni, xususan, teri, nerv sistemasi hamda ichki aʼzolarni zararlaydigan surunkali infeksion kasallik. Uni kislotaga chidamli moxov mikobakteriyasi (Mycobactererium leprae Hansen) qoʻzgʻatadi.
Kasallik tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Ayrim tarixiy qoʻlyozmalarda taʼkidlanishicha, miloddan 3— 3,5 ming yil avval M. Misrda uchragan. Moʻgʻuliston, Xitoy kabi davlatlarda esa miloddan 2—2,5 ming yil ilgari bu kasallikka chalingan bemorlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bor.
M. Yevropa davlatlarida lepra deb yuritiladi va shu nom bilan jahon tibbiyot nomenklaturasiga kiritilgan.
M. qoʻzgʻatuvchisini birinchi boʻlib, Norvegiya vrachi Gerhard Xansen 1871-yilda aniqlagan va uning nomi bilan Xansen tayoqchalari deb yuritiladi. Tayoqchalar tuzilishi hamda ayrim xususiyatlari bilan sil tayoqchalariga oʻxshab ketadi.
M. bilan faqat odamlar kasallanadi. Bemor sogʻ odam bilan uzoq vaqt maishiy muloqotda boʻlganda yuqadi. M.ga kattalarga qaraganda bolalar koʻproq moyil boʻladi. Shuning uchun aksariyat hollarda xastalik bemorning yaqin qarindoshlariga, ayniqsa, farzandlariga tez yuqadi.
Kasallik asta-sekin boshlanadi. Inkubatsion davri 4—6 oydan 5—6 yilgacha, baʼzan bundan ham uzoqroq. Spirtli ichimliklarga ruju qilish, koʻp chekish, yolchitib ovqatlanmaslik, sanitariyagigiyena qoidalariga rioya qilmaslik bu davrni qisqartirishi mumkin. Inkubatsion davr oxiriga kelib, bemorning darmoni quriydi, isitmasi koʻtariladi, nevralgik ogʻriq, chov va son limfa tugunlarining kattalashishi, burun qurib, qonab turishi kuzatiladi.
M.ning differensiallanmagan, tuberkuloid va lepromatoz shakllari bor. Differensiallanmagan (dogʻli) shaklida terining ayrim joylarida qizgʻishoqimtir, oqimtir-pushti rangli kattakichik dogʻlar paydo boʻladi. Ular teri damidan bir oz koʻtarilib turadi. Soch toʻkiladi: terining sezuvchanligi oldin oshib, keyin yoʻqoladi. Quloqorqasi, boʻyin, yelka va tirsak nervlari yoʻgʻonlashadi. Bu shakl 4—5 yildan keyin tuberkuloid yoki lepromatoz shakliga oʻtadi. Tuberkuloid M.da terida kattakichik kizil tugunchalar hosil boʻlib, birbiriga qoʻshilib ketadi. Lepromatoz M. oʻta yuqumli va ogʻir oʻtadi. Bemorning peshonasida, ogʻzi-burni atrofida, jagʻlari terisi va quloq suprasida joylashgan tugunlar uning qiyofasini oʻzgartirib qoʻyadi. Kasallik oʻchogʻi sohasidagi teri sezuvchanligi yoʻqolib, ayniqsa, qosh va kipriklar toʻkilib, bemorni xunuk qilib qoʻyadi.
Tugun va doʻmboqchalar qattiqlashadi, ular moshdek, hatto noʻxatdek boʻlishi mumkin. Baʼzan toʻqimaning gemorragik komponentlari qoʻshilib, uning rangi zangsimon boʻlib qoladi. Oqibatda toʻqimalarning qon bilan taʼminlanishi yomonlashadi, terida, ayniqsa, qoʻl-oyoq terisida hadeganda bitavermaydigan tropik yaralar paydo boʻladi. Katta tugunlar va infiltratlar chu-qur yaralar hosil qiladi.
Koʻz muguz pardasining infiltratlanib yaralanishi baʼzan bemorni butunlay koʻr qilib qoʻyadi. Markaziy nerv sistemasidagi oʻzgarishlar bemorda nevrotik buzilishlarga (nevroz, psixoz), periferik nerv sistemasining yalligʻlanishi esa qattiq ogʻriq bilan kechadigan nevrit va polinevritga sabab boʻladi. Qoʻl va oyoqlarda (barmoqlar va panjalarda) ogʻriq, temperatura va taktil sezuvchanlik yoʻqola boshlaydi. Trofik oʻzgarishlar natijasida bemorning barmoqlari xuddi qurbaqa yoki tyulen panjalariga oʻxshab qoladi. Oyoq va qoʻl de-formatsiyalanib, mutilyasiya (barmoqlarning tushib ketishi) kuzatiladi.
Koʻz qovoqlari muskullarining kichrayishi oqibatida bemorning koʻzi oxirigacha yopilmay qoladi (logo-ftalm). Yuz nervining zararlanishi oqibatida mimika muskullari atrofiyalanib, bemorning yuz koʻrinishi niqob kiygan yoki qaygʻuli odamga oʻxshab qoladi.
M.lar maxsus tashkil etilgan leprozoriylarda davolanadi. Bemorning oila aʼzolari teri kasalliklari dispanseri nazoratiga olinadi.
Soʻnggi yillarda kasallikning oldini olish va davolashga oid mukammal choratadbirlar ishlab chiqilgan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, butun dunyoda M. kasalligi 2005-yilga kelib deyarli yoʻqotiladi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |