Leptospirozlar
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Leptospirozlar - odam va hayvonlarda uchraydigan oʻtkir infeksion kasallik; zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Leptospiralar qoʻzgʻatadi, ularning 10 dan ortiq serologik guruxlari mavjud. Leptospiralar nam sharoitda uzok, yashaydi, past haroratga chidamli. Kasallikning tabiiy, xonaki va aralash oʻchoqlari bor. Tabiiy oʻchoqlarda, asosan, kemiruvchilar, uy sharoitida esa qoramol va qoʻy-echkilar, choʻchqa hamda kalamush va sichqonlar infeksiya manbai hisoblanadi. Infeksiya kasal hayvondan odamga be-vosita muloqotda yoki teri, shuningdek, ifloslangan suv va oziqovqat orqali yuqadi. Kasallik shartli ravishda sariklik bilan kechadigan (VeylVasilyev kasalligi, uni birinchi boʻlib kashf etgan nemis olimi A.Veyl va rus olimi N.P.Vasilyev nomidan) va sariqsiz xillarga ajratiladi. Sariklik bilan kechadigan L. toʻsatdan qaltirish, harorat koʻtarilishi, qattiq bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi va qusish bilan boshlanadi; dam-badam isitma tutishi kasallikka xos. Muskullarda kuchli ogʻriq, badanda mayda toshmalar boʻladi. Buyrak, jigar, baʼzan qon tomirlar zararlanadi. Kasallikning 4-kuniga kelib badan sargʻayadi. Sariqsiz L. (suv isitmasi)da ham isitma chiqadi, muskul va boʻgʻimlar ogʻriydi, lekin badan sargʻaymaydi, kasallikning bu shakli bir qadar yengil kechadi, deyarli asorat qolmaydi.
Hayvonlardan qoramol, qoʻy, echki, ot, tuya, choʻchqa, it, mushuk, parranda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilarda uchraydi. Kasallik kamqonlik, sariklik, yoppasiga bola tashlash, shilliq pardalar va teriga qon quyilishi, nekroz bilan kechadi. L. Oʻzbekistonning barcha hududlarida uchraydi. Kasallikning yashirin davri 2—20 kun. Qoramol, qoʻy, echkilarda kasallik juda oʻtkir rivojlanib, ishtaha yoʻqoladi, holsizlanadi, nafas olishi va yurak urishi tezlashadi, isitma koʻtariladi va 1—2 kundan keyin hayvon oʻladi. Kasallikdan tuzalgan hayvonlarda uzoq muddatli immunitet paydo boʻladi. Tashhis epizootologik maʼlumotlar, klinik belgilar, serologik usullar va lab. tekshiruviga asosan qoʻyiladi. Davolash: kasallikka qarshi gi-perimmun zardob va streptomitsin, tetratsiklin ishlatiladi. Oldini olish: kemiruvchilarga qarshi kurash, maxsus emlash, veterinariya-sanitariya tadbirlari koʻrish.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |