Madaniyat tarixi davlat muzeyi
О‘zbekiston rangtasviri yurtimizdagi turli muzeylarning kolleksiyalarida о‘z aksini topgan. Jumladan, О‘zbekiston Davlat san’at muzeyi, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqolpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi, Samarqanddagi О‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyidagi milliy rangtasvir kolleksiyalari ular orasida kо‘lami va salohiyati jihatidan eng yirik tо‘plamlar hisoblanadi. Mazkur kolleksiyalarning har biri о‘zining shakllanish tarixi, komplektatsiyaga oid yondashuvi va strategiyasiga ega. Shu о‘rinda Samarqand muzeyidagi milliy rangtasvir kolleksiyasi shakllanishi ham о‘ziga xos yо‘lni bosib о‘tgan.
Muzeyning tashkil etilishi va tо‘plamlarning shakllanishida havaskor о‘lkashunoslar, qadimiy madaniy meros buyumlarini tо‘plovchilar, kolleksionerlarning hissasi katta. Ular orasida amaldorlar M.N.Rostislavov, L.S.Barshevskiy, arxeolog D.I.Evarnitskiy, Samarqand Viloyat statistika Qо‘mitasi raisi M.N.Virskiy, arxeolog V.L.Vyatkin, polkovnik I.T.Poslavskiylar xizmati, shuningdek mahalliy kolleksionerlar – usta Mirza Qosimov (sirlangan koshinlar tо‘plami), Mirzo Abdulla Buxoriy (qadimiy liboslar va matolar tо‘plami) va Mirzo Abdullo Rahmonlarning shaxsiy tо‘plamlarini muzeyga in’om etishlari muzeydagi dastlabki kolleksiyalarning tashkil topishiga sabab bо‘ladi. 1874 yildan boshlab M.N.Rostislavov boshchiligida Zarafshon okrugi boshlig‘i mahkamasida arxeologik qazishmalarda topilgan ashyo, qо‘lyozmalar, hadya etilgan buyumlar tо‘planib borgan va 1876 yilda shu kolleksiya zaminida О‘zbekistondagi birinchi muzey (Tashkentskiy publichniy muzey) tashkil etilgan. Mahkamada saqlanayotgan kolleksiyaning bir qismi 1883 yili Toshkent muzeyiga topshirilsa-da, Samarqanddagi noyob qadimiy buyumlar soni ortib boravergan. 1896 yilning 21 iyulida tо‘plangan kolleksiyalar zaminida rus olim va amaldorlarining sayi harakatlari natijasida avliyo Georgiy cherkovi binosida yangi tashkil etilgan muzeyning ochilish marosimi yirik tarixiy hodisa sifatida muhrlanadi.
Muzeyning “Rangtasvir” kolleksiyasi deb ataluvchi fondida umumiy sonda 4000 dan ortiq rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika asarlari saqlanib, ular orasida milliy rangtasvir mingdan ortiq asarlar jamlanmasini tashkil etadi. Madaniyat tarixi muzeyi avvallari Samarqand Davlat birlashgan badiiy va me’moriy muzey-qо‘riqxonasi tarkibida faoliyat yuritgan va bu kо‘p jihatdan rangtasvir kolleksiyasining komplektatsiya jarayoniga bevosita ta’sir kо‘rsatgan. Tо‘plamning tashkil topishi bir qator tarixiy-madaniy omillarga bog‘liqdir. Xususan, Samarqandga turfa xil qarashlarga ega bо‘lgan rassomlarning kirib kelishi, L.Bure, L.Vishnevskiy, O.Tatevosyan kabi rassomlar tomonidan “Kommunna” nomli maktabning tashkil etilishi (1918), badiiy hayotning jonlanishi, bosma nashrning rivoji bilan bevosita aloqadordir. Aynan shu davrdan, ya’ni 1920 yillarning о‘rtalaridan muzeyda tarixiy ashyolar bilan bir qatorda tasviriy san’at asarlari komplektatsiyasi jarayoni boshlangan. Tо‘plamni boshlab bergan ilk rangtasvir asari musulmon zohidining etnografik portretini ifodalagan S.M.Dudinning “Darvesh” (inv№ J-1) asari sanaladi. Buni kartinaning inventar raqami ham tasdiqlaydi. Shundan sо‘ng S.Yudin, R.Zommer, L.Bure, P.Fokin, A.Nikolayev (Usto Mо‘min), D.Kojushka, N.Karazin va I.Kazakovlarning bir qator ishlari tо‘plam tarkibiga qiritiladi. Xususan, A.V.Nikolayevning “Bedana ushlagan bola” (inv№ J-5) asari rassomning Samarqand muzeyidagi yagona ijod namunasi sanaladi.
Kolleksiyaning shakllanishiga ta’sir kо‘rsatgan omillardan biri mustaqillikka qadar yig‘uv-tо‘plov ishlarining mafkuraviy g‘oyalar, ommaviy targ‘ibot rejalari bilan bog‘liqligidir. Tо‘plam tarkibiga asosan kо‘rgazmalarda nomi alohida ta’kidlangan asarlar, nomdor rassomlarning ishlari qabul qilinganligi sababli davrdagi badiiy jarayonlarni bir tomonlama aks ettirgan. Shu sababli, davr mafkurasiga tо‘g‘ri kelmagan ishlar tо‘plam tarkibiga kiritilmagan. Ehtimol, Toshkentdagi san’at muzeyi kolleksiyasida avangard asarlari mavjudligini uning birinchi rahbari A.Volkov bо‘lganligi, Nukusdagi rangtasvir zahirasidagi о‘zbek va rus modernizmini I.V.Savitskiyning о‘ziga xos komplektatsiya strategiyasi bilan izohlash mumkindir.
Doimiy ekspozitsiyalar orasida Samarqand muzeyining rangtasvir bо‘limi ekspozitsiyasi tor doirada, bir tomonlama bо‘lib qolganligini belgilash о‘rinlidir. Buni ikki omil bilan izohlash mumkin: birinchidan, ekspozitsiya makonining mо‘jazligi, ikkinchidan, uzoq yillar davomida ekspozitsiya faoliyati mafkuraviy g‘oyalarga asoslanganligi va muzey xodimlari bu tizimdan xamon chiqib keta olmaganligi. Ekspozitsiyadagi kartinalarni kuzatar ekanmiz u yerda manzara, natyurmort, portret kabi realizmdagi izlanishlarni hamda uzoq yillar davomida an’anaga aylanib qolgan nomlarni kо‘rish mumkin (P.Benkov “Shoxi Zindadagi rassomlar”, V.Ufimsev “Yoz gullari”, O.Tatevosyan “Qiz portreti”, M.Avetov “Choyxonada”, L.Bure “Tandir yasash” va x.k.).
Shuni alohida ta’kidlash joizki muzeyning fondlarni hisobga olish bо‘limi faoliyati belgilangan tartibda, ma’lumotlardan foydalanish uchun qulay tarzda tashkil etilgan. Har bir kitobning (Kirim kitobi, inventar va vaqtinchalik saqlash kitoblari) alohida ranglarga muqovalanganligi, ularning temir seyfda saqlanishi, ma’lumotlarni, xususan arxiv materiallarni elektron shaklga о‘tkazish ishlari olib borilayotganligini alohida e’tirof etish joiz. Bu muzey xodimlarining, xususan fondlarni hisob bо‘limi mudiri L.Latipovaning malakali ish faoliyati va jonkuyarligi mahsulidir.[1][2][3][4]
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |
- ↑ Kultasheva Nigoraxon Daniyarovna. MILLIY RANGTASVIR KOLLEKSIYASI О‘ZBEKISTON MADANIYATI TARIXI DAVLAT MUZEYIDA//maqola
- ↑ Kuryazova D.T. О‘zbekistonda muzey ishi tarixi. Oliy о‘quv yurtlari uchun о‘quv-uslubiy qо‘llanma. Toshkent. 2010.
- ↑ Yunusov M.A. Samarqand muzeyi kolleksiyasining shakllanishi tarixidan. Arxelogiya Uzbekistana. №1. 2017
- ↑ Samarqand muzeyi durdonalari. О‘zBA akademigi A.A.Hakimov ilmiy tahriri ostida. Toshkent – 2004