Mahmud Somi al-Barudiy
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Mahmud Somi al-Barudiy (1839-1904).
Yangi davr Misr sheʼriyatida oʻziga xos iz qoldirgan shoir Mahmud Somi ibn Hasan al-Barudiyning kelib chiqishi cherkes mamluklariga borib taqaladi. U zodagon oilada dunyoga keldi. Shoirning ajdodlari harbiylar boʻlganligi sababli oila anʼanasiga koʻra 12 yoshli al-Barudiyni harbiy oʻqishga berishadi. Yoshligidan adabiyotga qiziqqan al-Barudiy mumtoz adabiyotni koʻp mutolaa qiladi, sheʼriyatni chuqur oʻrganadi va oʻz zamonasining eng oʻqimishli odamlaridan biri boʻlib etishadi. Uning tugʻma shoirlik isteʼdodi va sheʼriyatga boʻlgan cheksiz ixlosi mumtoz sheʼriyatni mukammal bilishiga zamin yaratdi. Ana shu bilimlari tufayli u 7 jilddan iborat toʻplam tuzib, unga 30 nafar eng koʻzga koʻringan mumtoz arab shoirlarining asarlarini kiritdi. Uning oʻzi ham juda erta sheʼr yoza boshladi.
Al-Barudiyning hayoti voqea-hodisalarga juda boy, davlat ishlari, xalq taqdiri bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Misr hokimi-xediv Ismoil davrida al-Barudiy yirik davlat arbobi darajasiga koʻtarildi: bir qancha janglarda jasur, qobiliyatli zobit sifatida tanilganidan soʻng avvaliga Misrning Sharqiy viloyatlaridan birida, keyin Qohira shahrida hokimlik qildi, maorif, vaqf, harbiy vazirliklarini boshqardi. U koʻp safar qilar edi. Fransiya va Angliyada boʻlganida Gʻarb madaniyati bilan yaqindan tanishdi. Al-Barudiy turk va fors tillarini mukammal bilar, hatto bu tillarda asarlar ham yaratgan edi.
1877-1878-yillarda al-Barudiy Turk-Bolqon urushida ishtirok etib, urush voqealariga bagʻishlangan, koʻp qasidalar yozdi. Urushning jangovor manzaralari, uning qurbonlari shoir qalbida oʻchmas iz qoldirdi va shoir sheʼriyatida oʻz ifodasini topdi.
XIX asrning 70-yillarida al-Barudiy zamonasining boshqa maʼrifatparvar ziyolilari kabi islom islohotchisi Jamoliddin al-Afgʻoniyning gʻoyalari taʼsirida boʻldi va uning „maxsus maʼrifiy maktabi“ oʻquvchisiga aylandi.
Al-Afgʻoniyning bu davrdagi maʼrifatparvarlik faoliyati milliy ozodlik harakati, Gʻarb mustamlakachilarga qarshi arab xalqlarini birlashtirish, keng xalq ommasini zamonaviy ruhda maʼnaviyat yoʻlida tarbiyalash gʻoyalari bilan sugʻorilgan edi.
Konstitutsion tuzum tarafdori boʻlgan al-Barudiy tenglik va adolat gʻoyalarini targʻibot qildi, konstitutsiya dasturiga amal qilishga daʼvat etdi, istibdod va yakkahokimlikka qarshi chiqdi.
Al-Barudiy 1879-1882-yillarda Misr xalqining Arabiposho rahbarligida inglizlarga qarshi koʻtargan isyonning asosiy rahbarlari va targʻibotchilaridan boʻlib etishdi. Bu yillar yozilgan asarlarida ijtimoiy mavzular ham oʻz aksini topdi. U oddiy xalqning ogʻir ahvoliga oʻquvchi eʼtiborini jalb qilar, yer haydovchi falloh zulmga chidayolmay oʻz yerlarini tashlab ketganligidan nolirdi.
Shuncha mansablarga ega boʻlgan al-Barudiy nega endi xediv siyosatiga va uni qoʻllab-quvvatlab turganlarga qarshi isyon koʻtardi degan savol tugʻilishi mumkin.
Al-Barudiy haqiqiy vatanparvar edi. Uning davlat arbobi maqomida olib borayotgan harakatlari zoe ketayotganini tushunib turardi. Misr XIX asrning 80-yillariga borib, Angliyaning yarim mustamlakasiga aylanib qolgan edi. Qizil dengiz bilan Oʻrta yer dengizini bogʻlagan Suvaysh kanalini qazish natijasida mamlakat qarzga botganidan foydalanib, inglizlar mamlakatni oldin moliyaviy tomonidan, soʻng esa siyosiy jihatdan oʻzlariga tobe qilib olgan edilar.
Uning devoni hayotlik paytida chop etilmasdan qolib ketdi. Faqat vafotidan soʻng, oʻsha yili rafiqasi tomonidan sheʼrlari toʻplanib nashr etildi. 1934-yilda esa uning ikki jildlik devoni Misr maorif vazirligining topshirigʻi bilan shoirlar Ali al-Jorim va Shofiq tomonidan nashr etildi. Ushbu nashr 1904-yildagiga nisbatan ancha mukammal boʻlgani bilan, al-Barudiyning qoʻlyozma holidagi barcha asarlarini toʻliq oʻz ichiga olmagan edi. Shu sababli boʻlsa kerak, 1940-yilda shoirning har jihatdan ancha mukammal ikki jildlik devoni bosmadan chiqdi, 1953-1973-yillarda u qayta nashr etildi.