Maxtumquli (turkmancha: Magtymguly Pyragy; forscha: مخدومقلی فراغی, Maxtumquli Faroğiy); 1724-yil, Gurgan daryosi sohilidagi Hoji-govshan qishlogʻi – 1807-yil) – turkman shoiri va mutafakkiri.

Mahtumquli
Asl ismi turkmancha: Magtymguly Pyragy
Tavalludi 1724
Hoji-govshan, Huroson, Safaviylar davlati
Vafoti 1807
Kojarlar imperiyasi
Taxallusi Firogʻiy
Ijod qilgan tillari turkmancha, forscha, arabcha
Fuqaroligi turkman
Janr poeziya

Otasi Davlatmamat Ozodiy (1700—1760) ham shoir boʻlgan. M. boshlangʻich taʼlimni oilada oʻz otasidan olgan. Soʻng qishloq maktabida Niyozsolih mulla qoʻlida oʻqigan. Dastlab M. Xalach atrofining Qiziloyoq qishlogʻidagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Koʻkaldosh, Xivaning Shergoziy madrasalarida tahsil olgan. Nizomiy, Firdavsiy, Fuzuliy, Navoiy singari mashhur sho-irlar ijodidan bahramand boʻlgan. Zargarlik bilan shugʻullangan. Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Ozarbayjon, Samarqand, Turkiston kabi bir kancha shaharlarga sayohat qilgan. M. ning oilaviy sharoiti xususida har xil rivoyatlar bor. Maxtumqulishunoslar M. Menglixon ismli qizni chin dildan sevganini, birok ularning turmush qurishiga imkon boʻlmaganini yozadilar.

Menglixon Maxtumquliga qarindosh yani xolasining qizi boʻlib ular yoshlikdan bir-birlariga koʻngil qoʻyishadi, biroq Maxtumquli katta yoʻqotishlarni boshidan oʻtkazadi, otasi va ikki akasining oʻlimi uning oilasini moddiy qiyin ahvolga olib keladi, qizga beriladigan qalin pulini bera olmasligini bilgan Menglining akalari singlisining norizoligiga qaramasdan uni boshqa birovga turmushga berib yuborishadi.

M. bir kancha lirik sheʼrlar, lirik-epik dostonlar, gʻazal va muhammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pandnasihat harakteridagi 10 ming miyeradan ortiq sheʼrlari yetib kelgan. M. sheʼrlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, oʻz davrining muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalari, shoirning ichki kechinmalari teran ifoda etilgan („Boʻlmasa“, „Kelgay“, „Bilan“, „Naylayin“, „Yetmas“, „Bular“, „Ketdi zamona“ va boshqalar). Asarlarida turkman urugʻlarini birlashishga chaqirgan. Ular oʻrtasidagi nizojanjallarni tugatishga uringan („Taka, yovmut, koʻklang, yozir, alili – Bir davlatga qullik kilsak beshimiz…“).

M.ning ishq-muhabbat mavzuidagi sheʼrlari ham ohangdorligi, chukur falsafiy mohiyati bilan ajralib turadi. Shoirning hayot va oʻlim, inson va borliq, goʻzal insoniy fazilatlar va odob-axloqqa oid sheʼrlarida islom dini hamda tasavvufiy karashlar taʼsiri yaqqol seziladi („Mahtumkuli, shukr et sen Xudoga, Oʻlim barobardir shohu gadoga…“).

Koʻp sheʼrlariga Qurʼoni Karim oyatlari, hadisi sharifning mazmun mohiyati singdirilgan. Shoir sheʼrlarida paygʻambarlar, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy singari ulugʻ zotlar juda koʻp tilga olinadi. Shuningdek, Allohga munojot, Rasululloh (sav)ga murojaat ohanglari M. sheʼriyatining eng asosiy tamoyillaridan biridir („Riyodan, yo Rab“, „Sochdi Muhammad“, „YO Rasul“ va boshqalar).

M. uslubida xalq ogʻzaki ijodiga yaqinlik bor. M. turkman xalqining maqol va matallarini, xalqtiliga xos ayrim unsurlarni adabiyotga olib kirishda katta xizmat qilgan. Shoirning purmaʼno misralari turkman millatining hikmatli soʻzlari, aforizmlar qatoridan oʻrin olgan. M. ijodi Yevropa va rus sharqshunoslari, turkman va oʻzbek olimlari tomonidan tadqiq etilgan; qiyosiy oʻrganilgan. Xususan, Navoiy ijodining M.ga taʼsiri va boshqa adabiy taʼsir masalalari tekshirilgan (S. Qoriyev, „Navoiy va Mah-tumquli“, „Maxtumquli va Islom shoir“, „Maxtumquli sheʼrlari asosida yaratilgan oʻzbek xalq qoʻshiklari“ va boshqalar).Shuningdek Maxtumqulining „Namasan“, „Ayrildim“, „Oshiq boʻlmisham“, „Ustodingdan ayrilma“, „Koʻring“ sheʼrlari Komiljon Otaniyozov, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov tomonidan maromiga yetkazib kuylangan.

M. sheʼriyati barcha turkiy millatlar, jumladan, oʻzbeklarning ham maʼnaviy mulkiga aylangan. Bir necha marta sheʼrlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Koʻplab sheʼrlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. M. haqida kinofilm, spektakl va badiiy asarlar yaratilgan.

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Quramboyev K., Oʻzbek-turkman adabiy aloqalari, T., 1978.

Manbalar

tahrir
  • Tanlangan asarlar, T., 1963;
  • Maxtumquli sheʼriyatidan, T., 1976;
  • Saylanma, T., 1995;
  • Turkman mumtoz sheʼriyati durdonalari, Urganch, 2000.

Havolalar

tahrir