Maksim Gorkiy (ruscha: Максим Горький) (asl ismi Aleksey Maksimovich Peshkov (ruscha: Алексей Максимович Пешков); 1868-yil [E.U. 16-mart] 28-mart, Nijniy Novgorod – 1936-yil 18-iyun, Moskva) – rus va sovet yozuvchisi va jamoat arbobi[1]. Sobiq Ittifoq yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi raisi. Besh marta Adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod etib koʻrsatilgan[2].

Gorkiy 1900-yilda

Gorkiy bir qator roman („Foma Gordeev“, 1899; „Uchovlon“, 1990—01 va b.), hikoya („Konovalov“, „Chelkash“ va b.) va dramatik asarlar („Meshchanlar“, „Tubanlikda“, 1902; „Chorbogʻchilar“, 1904 va b.) muallifi. „Tubanlikda“ pyesasida Gorkiy shafqatsiz hayot tubanlikka itqitgan insonlarning azob-uqubatlarini mahorat bilan bergan. „Ona“ (1907) romanida birinchi boʻlib adabiyotda inqilobiy kurashni xayrixohlik bilan tasvirlagan. „Bolalik“ (1913–1914), „Odamlar orasida“ (1915–1916), „Mening dorilfununlarim“ (1923) qissalari avtobiografiya asarlardir. Gorkiy Sharq xalqlari tarixi bilan qiziqib, „Italiya ertaklari“ (1911–1913) asarida Sharq mifologiyasidan oʻz badiiy niyati asosida foydalandi, rus adabiyotida Amir Temur siymosiga ilk bor murojaat etib, uning tarixiy haqiqatdan uzoqlashgan obrazini chizdi. Gorkiy mehnatkash ommaning Vladimir Lenin rahbarligida 1917-yil oktyabrda mamlakatni ostin-ustun qilish, koʻplab begunoh kishilarning qonlarini toʻkish hisobiga tarixiy jarayonni oʻzgartirmoqchi boʻlganini va Favqulodda komissiya qatliomini keskin qoraladi, koʻpgina yozuvchilarni bolsheviklarning taʼqibidan saqlab qoldi. U oʻsha vaqtdagi vaziyatda Rossiyada sotsialistik inqilob bemavrid va halokatli, deb hisoblaydi. Avval xalqning madaniy saviyasini koʻtarish, soʻng inqilob qilish mumkin, deb oʻylagan („Bemavrid fikrlar“ publitsistik asarlar turkumi, 1917–1918). Ammo keyinchalik Gorkiy oʻzi qarshi boʻlgan sotsialistik inqilobiy kurash tomoniga butunlay oʻtib ketadi. Gorkiy bir qancha (Lev Tolstoy, Anton Chexov, Vladimir Korolenko va b. haqidagi) adabiy portretlar muallifi. „Artamonovlar ishi“ romani (1925) da yangi tarixiy avlodning gʻalabasi qonuniy ekanligini tasvirlagan. „Jahon adabiyoti“ nashriyoti, „Shoir kutubxonasi“, „Ajoyib kishilar hayoti“ va b. kitoblar turkumi uning faol ishtirokida tashkil qilindi. Kiborlar halokati va inqilob gʻalabasi muqarrarligi „Yegor Bulichev va boshqalar“, „Dostigayev va boshqalar“ (1933), „Vassa Jeleznova“ (2-nashri, 1935) pyesalarining bosh mavzuidir. „Klim Samginning hayoti“ roman-epopeyasida (1927–1936; 4-qism tugallanmagan) rus xalqining XX asr boshlaridagi gʻoyaviy-ijtimoiy kurashi, hayoti aks etgan. Gorkiy chet elda (1921–1931) va Rossiyaga qaytganidan keyin zamonaviy adabiyot gʻoyaviy-estetik tamoyillari (shu jumladan, sotsialistik realizm nazariyasi) ning shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadi va shu yoʻsinda kompartiyaga adabiyotni oʻz monopoliyasidagi gʻoyaviy qurolga aylantirib olishiga koʻmaklashadi. Sovet davlati rahbarlari Gorkiyning katta xalqaro obroʻsidan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishgan. Ular makri bilan aldangan Gorkiy 1930-yillar boshlaridagi qatagʻon siyosatini tarbiyaviy ahamiyatga molik tadbir, deb tushundi. Gorkiy ijodi taʼsirida boshqa milliy adabiyotlar (fransuz, nemis, ingliz, xitoy kabi) da ham sotsialistik realizm metodiga asoslangan asarlar koʻplab yaratildi. Gorkiy asarlari 1930-yillarning boshida dastlab Choʻlpon, keyinchalik Abdulla Qahhor, Oybek, Hamid Olimjon, Mirzakalon Ismoiliy va b. tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Aksariyat pyesalari Oʻzbekistan teatrlarida sahnalashtirilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Liukkonen, Petri „Maxim Gorky“. Books and Writers (kirjasto.sci.fi). Finland: Kuusankoski Public Library. 2009-yil 6-iyulda asl nusxadan arxivlangan.
  2. „Nomination Database“. The Nobel Prize. 2018-yil 28-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 10-dekabr.

Adabiyotlar

tahrir