Malaka oshirish, Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash (OʻzRda) — uzluksiz taʼlim tizimi turlaridan biri, xalq xoʻjaligining barcha sohasida ishlovchi mutaxassislar va rahbar xodimlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirish jarayoni. Kadrlarning raqobatbardoshlik sifatlari hamda bilim va koʻnikmalarining zamon talablariga javob bera oladigan darajada boʻlishini taʼminlaydi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash har bir xodimning oʻz mutaxassisligi boʻyicha soʻnggi fan yutuklari, yangiliklari bilan tanishish, ularni oʻzlashtirish, yangi amaliy ish usullari, ilgʻor ish tajribalarini oʻrganishdan iborat ilmiy nazariy hamda amaliy tayyorgarlik jarayoni hisoblanadi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash davriyligi turli mutaxassislar hamda rahbar xodimlar uchun turlicha boʻlib, 2—5 yilda 1-marta, zarur hollarda bundan qisqa muddatlarda oʻtkaziladi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash universitetlarda, malaka oshirish institutlarida hamda professional qayta tayyorlash huquqiga ega boʻlgan oʻquv markazlarida amalga oshiriladi. Mazkur jarayon ishlab chiqarishdan ajralgan, qisman ajralgan va ajralmagan holda boʻlishi mumkin. Uning shakli Malaka oshirish taʼlim muassasasi tomonidan taʼlim dasturining murakkabligi eʼtiborga olingan holda va buyurmachining u bilan tuzilgan shartnomasi asosidagi ehtiyojlariga muvofiq ravishda belgilanadi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash muddati turlicha boʻlib, har bir holda qoʻyilgan maqsad hamda vazifalarga muvofiq belgilanadi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash taʼlim muassasasi oʻquv jarayonini maqsadli tashkil etish, taʼlim shakli, uslublari, texnologiyasini qoʻllash orqali tinglovchilarga taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishlari uchun zarur sharoitlar yaratadi. Mazkur dasturlar malaka oshirish taʼlim muassasalari tomonidan buyurtmachi eqtiyojlarini, shuningdek, qoʻshimcha kasb taʼlimi dasturlari mazmuni oldiga qoʻyilgan davlat talablarini eʼtiborga olgan holda ishlab chiqiladi, tasdiqlanadi va amalga oshiriladi. Mutaxassislarni professional Malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayoni yakuniy davlat attestatsiyasi bilan tugallanadi. Attestatsiyani oʻtkazish tartibi taʼlimni boshqarish boʻyicha tegishli davlat organlari tomonidan belgilanadi. Oʻquv rejasining barcha talablarini bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilar Malaka oshirish va qayta tayyorgarlikdan oʻtganligi haqida belgilangan namunadagi diplom yoki sertifikat oladilar. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi OʻzR Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Saidqosim Usmonov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil