Erkli Vohidovna Malikboyeva (1928.16.12, Toshkent) – Oʻzbekiston xalq artisti (1971). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1950). 1949-yildan Hamza teatri (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri)da. Ijodining dastlabki yillari mumtoz va zamonaviy dramaturgiyada chuqur lirik obrazlar – Ofeliya („Gamlet“), Sarvinoz („Sevgi afsonasi“), Nazira („Ogʻriq tishlar“), Xannyan („Sabr kosasi“) va boshqalarni mahorat bilan ijro etdi. Umesh („Gang daryosining qizi“), Umar („Jazoir mening Vatanim“) kabi oʻgʻil bolalar obrazida M. ijodining yangi qirralari ochildi. Qahramonlarining oʻziga xos ichki dunyosi, his-tuygʻularini turli harakatlar, mimika, oʻziga xos talaffuz orqali ishonarli talqin etdi. Shuningdek, Anorxon („Hurriyat“), Xadicha („Sarvqomat dilbarim“), Yelizaveta („Mariya Styuart“), Silviya („Zamon dramasi“), Oysha („Imon“), Anna („Tirik murda“), Sottixon („Kelinlar qoʻzgʻoloni“) singari obrazlari toʻlaqonliligi, badiiy yetukligi bilan ajralib turadi. Qahramonning ichki yoki tashqi qiyofasini ochishda unga xos asosiy hislatni asos qilib olgan holda uning tabiatiga moslab betakror talqin tafsilotlarini topishi va natijada bir-biriga oʻxshamagan inson qiyofalarini namoyon qilish M. ijodiga xos[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil