Manas — qirgʻiz xalq qahramonlik eposi. Asar 3 qismdan iborat (500-553 misra). Geneologik sikl asosida bosh qahramon Manas, uning oʻgʻli Semetey va Semeteyning oʻgʻli Seytekning qahramonona hayoti tafsiliga bagʻishlangan. ,,Manas" nazmda yozilgan boʻlib, sheʼriyatning sajʼ yoʻli bilan aytilgan. ,,Manas" odatdagi qahramonlik eposi koʻlamidan ancha keng. U qirgʻiz hayotining oʻtmishdagi qariyb barcha sohalarini oʻzida jamlagan va shu jihati bilan ,,qirgʻiz xalqi hayotining badiiy qomusi" deb eʼtirof etiladi. Asarning asosiy motivi qahramonona vatanparvarlikdir; unda ona yurtni tashqi va ichki yovlar zulmidan qutqarish va qoʻriqlash, zulm va haqsizlikka nafrat, diniy va milliy anʼanalarga hurmat yetakchilik qiladi. Dostonda milliy turmushning barcha jihatlari keng koʻlamda va teran aks etgan, shuning uchun ham Chingiz Aytmatov uni ,,qadimgi qirgʻiz ruhining sarbaland choʻqqisi" deb atagan edi. Asarda Baqay, Almambet, Qoʻshay, Sirgʻaq, Xonikey, Aloke, Chubaq, Semetey, Qoʻzqamanlar, Oychurek kabi oʻziga xos xarakterga ega boʻlgan oʻnlab xilma-xil yetakchi obrazlar bor. ,,Manas" esa butun epos voqealari markazida turadigan bosh qahramondir. Asarda yuzlab personajlar ishtirok etishi, voqealar qariyb yuz yillik muddat ichida Osiyoning juda katta hududi — Uzoq Sharqdagi Amur daryosi boʻylaridan tortib Oltoy, Markaziy Osiyodagi voqealarni qamrab olganligi tufayli, ,,Manas" nihoyatda keng koʻlamga ega — u hajman nafaqat turkiy ellar folkloridagi, balki dunyodagi eng yirik doston hisoblanadi; 1-qismining oʻzi 250 ming misradan ortiq.

Fayl:General views of Bishkek, Kyrgyz Republic (30274818043).jpg

,,Manas"ning alohida ahamiyati shundaki, u biron-bir urugʻ yo qabila dostoni boʻlmay, umumxalq eposidir, ikkinchidan, unda tasvirlangan voqelik tugal — boshlanishi va yakuniga qadar mumtoz qahramonlik eposining janr xususiyatlariga toʻla muvofiq keladi va shu jihati bilan ham monumentaldir.

,,Manas"ni oʻrganish XIX asrning 2-yarmidan boshlangan. Qozoq etnografi Ch.Ch.Valixonov, keyinroq V. V. Radlov ,,Manas"dan parchalarni ilk bor qogʻozga tushirib, uning rus va nemis tillaridagi taglamasini taqdim qilishgan. XX asrda epos manaschi Sogʻimboy Oʻrozbekov, Sayoqboy Qoralayev va boshqa oqinlar ijrosida yozib olingan. ,,Manas" hozirda ham yaratilayotgan va jonli ijro etilayotgan dunyodagi yagona eposdir. Hozirga qadar ,,Manas"ning 80 dan ortiq varianti yozib olingan. Doston XX asrda V.V.Jirmunskiy, M.Avezov, R.Z. Qodirboyeva va boshqa olimlar tomonidan teran tadqiq etilgan. Qirgʻiziston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ishlab turgan ,,Manas" boʻlimi manasshunoslikni ilmiy oʻrganish va muvofiqlashtirish markazi hisoblanadi.

,,Manas"ning boshqa turkiy xalqlar dostonlari bilan mushtarak jihatlari borligi toʻgʻrisida gipotezalar mavjud, ammo tasdiqlanmagan; oʻxshash motivlar esa genealogik emas, balki tipologik asosga ega.

,,Manas" qirgʻiz xalqining milliy iftixoridir, xalqaro aeroport, institut va boshqalarga ,,Manas" nomi berilgan, 2 jildli ,,Manas" ensiklopediyasi nashr etilgan. ,,Manas" oʻzbek tiliga ilk bor 1958-yilda ,,Qirgʻiziston haqiqati" gazeta nashriyoti xodimlari tomonidan qisman oʻgirilgan edi. 1964-yilda Mirtemir tarjimasida eposning 1-qismi bosilib chiqdi. Bu tarjima Ch.Aytmatov va boshqa qirgʻiz hamda oʻzbek olimlarining yuksak bahosiga sazovor boʻlgan. ,,Manas"ning 2-qismi esa Sultan Akbariy tomonidan ancha qisqartirishlar bilan 1982-yilda nashr etildi va nihoyat, ,,Manas"ning bolalar uchun tayyorlangan varianti tarjimasi 1995-yil bosilib chiqdi (uning tarjimoni T.Adashboyev Xalqaro ,,Manas" oltin medali bilan taqdirlandi).

1995-yil barcha turkiy tilli davlatlarda ,,Manas" eposining 1000 yilligi xalqaro miqyosda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.

Zuhriddin Isomiddinov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil