Manjaniq
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Manjaniq — toshotar harbiy qurilma. Eshilgan pay, tola yoki junning egiluvchanlik kuchi ostida harakatga keltirilgan. Qad. Yunoniston va Rimda katapulta nomi bilan yuritilgan. Asosan, qalʼa va qoʻrgʻonlarni qamal qilishda qoʻllangan. M. yordamida qamaldagilarga qarata tosh yadrolar irgʻitilgan. Tosh topilmagan kezlarda turli daraxtlardan tayyorlangan gʻoʻla va kundalardan foydalanilgan. Xususan, moʻgʻul bosqinchilari Urganchni 7 oy davomida qamal qilish asnosida tevarak-atrofdan tosh topmay, tutning kundalarini kesib, M.qa solib shaharga otganlar. M.dan otilgan tosh, kunda, gʻoʻlalar bir necha yuz metrga borib tushgan. M. qalʼa, qoʻrgʻon devorlarini buzish, raxna ochish yoki bi-nolarni yakson qilish, shuningdek, qamaldagilarga qiron keltirish uchun ham moʻljallangan. Amir Temur armiyasida ham M. mavjud boʻlgan. Tikrit, Mordin kabi mustaham qalʼalarni egallashda M. qoʻl kelgan. Oʻrta Osiyoda 15-asrdan eʼtiboran oʻt sochish quroli — toʻp, zambarakning qator turlari qurollanishdan muhim oʻrin egallashi sababli M.dan asta-sekin voz kechilgan. Toshotar qurilmaning M.qa nisbatan kichik turi arroda deb nomlangan.
Adabiyot
tahrir- Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |