Manyoshu(yaponcha 万葉集, Son-sanoqsiz barglar toʻplami) — yapon yozma she’riyatning birinchi adabiy yodgorligi.

Manyoshu yozma sheʼriyatining № 8 nusxasi.

„Manyoshyu“ sheʼriy antologiyasining yaratilishi

tahrir

Manyoshu Nara davrida yaratilgan, yapon poeziyasining qadimiy va koʻp oʻqiladigan yapon antologiyasidir. Manyoshu oʻn ming barg yig‘indisi degan maʼnoni anglatadi. Antologiyaga yapon jamiyatining har xil ijtimoiy qatlamlaridan chiqqan 450 ta muallif kiritilgan. Qadimgi hokimlar va taniqli shoirlar, saroy ayonlari va har xil darajadagi saroy amaldorlari qoʻshiqlari bilan birgalikda baliqchilar, dehqonlar, chegara soqchilari va Yaponiyaning oddiy odamlarining qoʻshiqlari ham joylashgan. Uning qachon bir butun toʻplam holiga keltirilganligi maʼlum emas, ammo unda oxirgi tilga olingan sana 759 yildir. Yodgorlikning asosiy tuzuvchisi undan oldin har xil odamlar tomonidan yig‘ilgan qoʻshiqlarni va oilaviy toʻplamdagi qoʻshiqlarni birlashtirib, ularga oʻzining sheʼriy toʻplamini qoʻshgan shoir Otomo Yakamochi (718-785 yillar) deb taxmin qilinadi. 759 yilning Yangi yilida Ivami provinsiyasida uning yozgan sheʼri „Manyoshu“dagi oxirgi sheʼr hisoblanadi. Yodgorlik 20 ta kitobdan iborat, ularda 4516 ta qoʻshiq va sheʼrlar bor. Yapon sheʼriy janrlaridan tyoka yoki nagauta, tanka koʻrsatilgan. Tanka har xil lirik kayfiyatni ifoda etadi va har xil sheʼriy turlarga mos keladi. Bu xilma-xil sheʼriy sintaksis, sheʼrning ichki ohangi va har xil leksik vositalar yordamida amalga oshiriladi. Antologiyada sedoka — oltilik, baliqchilar qoʻshig‘i ham uchraydi: eng qadimgi nusxasi savol-javob yoki qoʻshiq-dialog shaklida. Barcha bu janrlar umumiy vazn qonunida, yaʼni maʼlum miqdorda va boʻg‘inlarning almashinuvida quriladi. Nagautada qiyin beshlik va yettilik sheʼrlaridagi qiyin almashinuv qoʻshiqning oxirida 7 boʻg‘indan tashkil topgan qoʻshimcha alohida satr bilan mustahkamlanadi. Tankaning beshligi quyidagi boʻg‘in tuzilishiga ega: 5-7-5-7-7. Ammo „Manyoshu“da u tuzilishga har doim ham rioya qilinmagan. Sedokaning oltiligida odatda boʻg‘inlarning toʻg‘ri almashinuvi saqlangan: 5-7-7-5-7-7. „Manyoshu“dagi 4516 qoʻshiqdan 265 tasi nagauta, 4194 tasi tanka va 57 tasi sedokadan iborat. Shunday qilib, „Manyoshu“dagi Nara davrining buyuk shoiri Kakinomoto Hitomaroning toʻplamidan 15 ta qoʻshiq, Takahasi Musimaroning toʻplamidan 32 ta qoʻshiq, Tanabe Sakimaroning toʻplamidan 31 ta qoʻshiq, tuzuvchisi nomaʼlum boʻlgan „Qadimgi qo’shiqlar to’plami“ („Kokasyu“) dan qoʻshiqlar kiritilgan. Boshqa yodgorliklardagi qoʻshiqlar ham uchraydi — bular „Kodziki“, „Nihongi“, „Fudoki“, chegara soqchilari qoʻshiqlari toʻplami. „Manyoshu“dan oldingi toʻplamlar har xil viloyatlarda xizmat qilgan shoirlar tomonidan yig‘ilgan. Ular xitoy amaldorlariga oʻxshab xalqning kayfiyati, urf-odatlari haqida fikr yuritish uchun qoʻshiqlar yig‘ishga majbur boʻlishgan bu haqida „Manyoshu“ antalogiyasining oʻzida soʻz yuritiladi.VIII asrning hamma yozma yodgorliklari uchun saylanma asarlar toʻplamini yaratish xos boʻlgan. Bunda xalq urf-odatlarining taʼsiri boʻlib, birlashish qadimgi jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga xos boʻlgan. „Manyoshu“ning xususiyatlaridan biri undagi sheʼrlarning oddiyligi va samimiyligidir, biroq Otomo no Yakamochi (718-785)ning „Manyoshu“ga kiritilgan 426 ta tankasi, 46 ta uzun sheʼrlari diqqatga sazovar. „Manyoshu“ning toʻliq kitob holiga kelishi 759 yillarga toʻg‘ri keladi. Ayni oʻsha davrda Yaponiya millat sifatida shakllana boshlagan. Yaponiyaning g‘arbidagi Nara shahri poytaxt hisoblangan va oʻzining kuch-qudrati bilan va maʼdaniyat markazi sifatida nom chiqargan. Oʻsha davrda Yaponiya maʼdaniy jihatdan Xitoyga qaram boʻlgan. She’rlar Xitoy usulida 20 ta kitobga boʻlingan va yana kitobning nomi „oʻn ming“ ligi shu bilan bog‘liq. Oʻn ming raqami Xitoy tilida „man“ yoki „ban“ soʻzi bilan ifodalanadi va u oʻziga xos maʼnoga ega boʻlib, cheksizlikni bildiradi. Masalan, „banzai“ soʻzi „oʻn ming yil“ yaʼni „Imperatorga uzoq umr“ maʼnosini bildiradi. VIII asrning eng yaxshi shoirlar asarlari va xalq qoʻshiqlari yozuvlaridan, har xil toʻplamlardan tashqari „Manyoshu“ga mushoiralarda toʻqilgan qoʻshiqlar va sheʼrlar, juda koʻp va har xil qoʻshiq-maktublar, sayyohlarning lirik kundaliklari, hamda yodgorlikning oxirgi toʻrtta kitobini egallagan Otomo Yakamochining lirik kundaligi kiritilgan. Antologiyaning qoʻshiq va sheʼrlarida oʻsha zamon Yaponiya hayotining har xil tomonlari, tabiati, turmushi, qadimgi urf-odatlari, udumlari, tarixiy voqealar aks ettirilgan, lekin asosiy boylik — antalogiyani yapon adabiyotining durdonasiga aylantirgan sheʼriy shoh asarlar toʻplamidir. „Manyoshu“ning katta xronologik diapazoni maʼlum badiiy tuzilishning yaratilishiga olib kelgan. Yodgorlikda xalq og‘zaki ijodi ham, adabiy sheʼriyat ham oʻzaro taʼsir, oʻzaro aloqa va taqqoslashda koʻrsatilgan, yaʼni adabiy sheʼriyat shakllanishining qiyin jarayoni aks ettirilgan.

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  1. Shuichi Kato. A History of Japanese Literature (The First Thousand Years)ISBN4-7700-2934-9., 2002
  2. Manʼyosyu („Sobranie miriad listev“) Tom 3 A.Ye. Gluskina „Nauka“ Moskva 1972g.
  3. Manʼyosyu (Izbrannoe) Perevod A.Ye. Gluskinoy „Nauka“ 1987g.

Manbalar

tahrir
  1. Muxtarov T. Gulyamov I. — Literatura Yaponii. T., 2009
  2. Y.Kojima, M.Kinoshita, H.Tono. Manyoshu 1-tom, Tokio 1994