Marathalar davlati - 17-asrning 2-yarmi va 19-asr boshida Maharashtra (Hindiston)da mavjud boʻlgan davlat. Maharashtraning aholisi musulmon yer egalari tomonidan gʻoyat jabrlangan. Ular shu bois boburiylar hukmronligiga qarshi ozodlik harakatlari boshlagan. Bu qoʻzgʻolonga Shoxji, soʻngra uning oʻgʻli Shivaji boshchilik qilgan. 1674-yilda mustaqil Marathalar davlati tuzilgan. Marathalar davlatini markazlashtirish maqsadida bir necha maʼmuriy islohot oʻtkazilgan, yirik yer egalarining yerlari musodara qilingan, dehqonlardan qatʼiy soliq (hosilning 30—40%) undirish qonunlashtirilgan. Shivaji bilan boburiy podsho Avrangzeb oʻrtasidagi urushlar bir necha yil davom etgan. Shivajining oʻlimidan soʻng (1680) Marathalar davlatiga putur yeta boshlagan. Avrangzeb 1689-yilda Maharashtra qoʻshinlarini tormor etib, Shivajining oʻgʻlini qatl etgan. 1714-yilda marath yer egalaridan Balaji Vishvanath Bxat taxtga oʻtirgan va peshvolar sulolasiga asos solgan. Shundan boshlab Marathalar davlatida hokimiyat rasmiy ravishda peshvo (bosh vazir)larga meros qoladigan boʻlgan. Ularning qarorgohi Puna shahri boʻlgan. Keyingi peshvo Baji Rao davri (1721—40) da marathalar Dekan va Shimoliy Hindistonning katta qismini egallaganlar. 1758-yil marathalar boburiylar poytaxti — Dexlini zabt etishgan. 1761-yil Nyanv.da Panipatdagi jangda marathalar (S. Bxau boshchiligida) afgʻonlardan (Ahmadshoh Durroniy qoʻmondonligida) magʻlubiyatga uchragach, ittifoq tarqab ketgan. Shundan soʻng oʻzaro ichki kurash kuchaygan. Bundan foydalangan inglizlarning Ost-Indiya kompaniyasi Marathalar davlatini bosib olgan (1818).

Ad:. Novaya istoriya Indii, M. 1961; Gʻiyosov T. Gʻ., Hindistonning yangi tarixi, T., 1999.

Temur Gʻiyosov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil