Mastit (grekcha: μαστός – – koʻkrak, siyna) – sut bezining yalligʻlanishi. Mastit koʻpincha emizikli ayollarda (90 %), aksariyat hollarda esa birinchi tugʻuruqdan keyin uchraydi va laktatsion mastit deb ataladi. Mastit chaqaloqlarda va balogʻatga etish davrida oʻsmirliklarda ham uchrashi mumkin. Mastitning odatda qoʻzgʻatuvchilari: stafilokokklar, enterobakteriyalar. Sut beziga infeksiya tushish yoʻllari: limfogen, sut yoʻllari orqali, gematogen. Mastitda infeksiyaning kirish darvozalari: areola va soʻrgʻichning yorilishlari, sut bezi shikastlari. Mastit rivojlanishiga olib keluvchi omillar: sut bezida sutning turib qolishi, yashash sharoitlarining antisanitar holati, chaqaloq emizish davrida sut beziga parvarishning etarli boʻlmasligi[1].

Mastit

Mastitning tashqi koʻrinishi
KXK-10 N61
KXK-9 611.0
MedlinePlus 001490

Etiologiyasi va patogenezi

tahrir

Odatda, mastit stafilokokk infeksiyasii va enterobakteriyalar tufayli kelib chiqadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi koʻpincha sut beziga limfogen yoʻllar bilan oʻtadi. Koʻkrak uchi va koʻkrak uchi atrofidagi pigmentlashgan zonaning (areola) yorilishi, sut bezining shikastlanishi kirish darvozasi vazifasini oʻtashi mumkin. Infeksiya sut beziga sut yoʻllari va gemotogen yoʻllar bilan tushishi mumkin. Koʻkrak bezlarida sutning toʻxtab qolishi, sanitariya talablariga javob bermaydigan turmush sharoitlari, bolani emish davrida koʻkrakni yetarlicha parvarish qilinmaganhgi kasallikning paydo boʻlishi uchun imkon tugʻdiruvchi omillar hisoblanadi.

Patologik-anatomik manzarasi

tahrir

Virulent infeksiya taʼsiri ostida sut bezining yiringli shikastlanishi va toʻqimalarining yemirilishi bilan kechadigan yalligʻlanish jarayoni avj oladi. U yon-atrofdagi toʻqimalarga oʻtganda koʻkrak qafasi devori flegmonasi paydo boʻlishi mumkin. Toʻqimalarda shish, infiltratsiya va maddalash kuzatiladi. Mastit abssesslar vujudga kelishi bilan ham paydo boʻladi (m. superficialis) Odatda, yuza mastit koʻp uchraydi. Unga shunday xususiyat xos: yiring bevosita teri ostida boʻlib, u yerdan tashqariga yorib chiqadi va shu zahotiyoq jarayon toʻxtaydi. Subareoslar asbsess (m. subareolaris) yuza mastit turlaridan biridir. Mastitning anchagina ogʻir turi – sut bezlari boʻlakchasining yiringli yalligʻlanishidir. (m. mtraglandularis): yiring yigʻayotgan oʻchoq yetarlicha chuqurlikda joylashgan boʻlib, bezlar parenximasini hamda yondosh biriktiruvchi qatlamlarni qamrab oladi. Bezlar orasidagi yumshoq toʻqimalarda va koʻkrak qafasi fassiyasida joylashgan retromammar abssess (m. retroglan-dularis) ayniqsa ogʻir tur hisoblanadi.

Tasnifi

tahrir

Oʻtkir va surunkali. Amaliyotda oʻtkir mastitning seroz (boshlangʻich), infiltratli, abssesslashgan, flegmonali va gangrenoz turlari farqlanadi. Surunkali mastitlarga yiringli va yiringsiz turlar kiradi. Yiringli surunkali mastit qisman kam uchraydi. Odatda, oʻtkir mastit notoʻgʻri davolaganda yuzaga keladi. Yiringsiz surunkali mastitga periduktal surunkali mastit kiradi. Shuningdek, maxsus sil, zaxli mastitlar kuzatiladi, lekin ular kam uchraydi.

Klinik manzarasi

tahrir

Jadallik bilan boshlanish mastitga xosdir. Yalligʻlanish et uvishishi, shishning tez kattalashishi va sut bezida qattiq shish (bu shish hajm jihatidan kattalashib, paypaslab koʻrilganda ogʻriq beradi) paydo boʻlishi bilan kechadi. Mastitning boshlangʻich bosqichidayoq sut oqishini taʼminlash va sut yoʻllarida sut ivishining oldini olish zarur. Sutni muntazam sogʻib tashlash zardobli mastit bosqichida kuzatiladigan yalligʻlanishni bartaraf etish uchun koʻpincha imkon beradi. Biroq jarayonning keyingi avj olishi infiltratsiya bosqichiga oʻtadi. Sut bezi kattalashganda usti qizargan teri ostidagi qattiqlik aniqlanadi. Tungi ogʻriqlar, uyqusizlik, umumiy quvvatsizlik paydo boʻladi. Harorat 40 °C ga yetadi. Leykotsitoz koʻpayadi, ECHT koʻtariladi. Mushak osti limfa tugunlari kattalashganini aniqlash mumkin. Keyin infiltratning yiringlashi (yiringlash davri) yuz beradi va mastitning flegmonoz-gangrenoz turi avj oladi. Bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, et uvishib turaveradi, septik hodisaiar koʻpayadi. Yalligʻlanish oʻchogʻi ustidagi teri qizaradi, emchak uchining ichiga botib ketganligi koʻriladi. Vena turi sathi sezilarli ravishda kengaygani va limfangit belgilari kuzatiladi. Infiltrat sohasi paypaslab koʻrilganda flyuktuatsiya aniqlanadi, leykotsitoz 15-20x10 /1 ga yetadi, anemiya rivojlanadi, siydikda oqsil, leykotsitlar va donali silindrlar paydo boʻladi. Ayrim hollarda oʻtkir yalligʻlanish jaarayoni surunkali infiltrativ formasiga oʻtishi mumkin, bu forma kuchsiz isitma, oʻrtacha ogʻriq infiltratning sezilarli ravishdagi qattiq shishi bilan kechadi. Mastitning bunday formasi surunkali, uzoq davom etadigan xususiyatga ega boʻlib, unga davo qilish ancha qiyin kechadi.

Differensial diagnozi

tahrir

Mastitlarni sut ivib qolishidan (laktostazdan), ginekomastiyadan, koʻkrak bezi xavfli oʻsmasidan, shuningdek, koʻkrak qafasi devori flegmonasidan farqlash lozim.

Davosi

tahrir

Tinch-xotirjamlik tartibiga amal qilish buyuriladi, bolani koʻkrak, yaʼni ona suti bilan boqish toʻxtatiladi, biroq sut muntazam sogʻib tashlanadi, fizioterapevtik davolash tadbirlari qoʻllanadi. Sut bezi muayyan holatda koʻtarilgan boʻladi. Oʻz vaqtida boshlangan doridarmonlar bilan davolash (odatda, dastlabki 36 soatda) koʻpincha naf berib, tez sogʻayishga olib keladi. Bu davrda antibiotik terapiyani sulfanilamide bilan kombinatsiya qilib keng qoʻllanadi. Sut bezining infiltratsiyasiga novokainli antibiotiklar, ampitsillin bilan birga 0,25-0,5 foizli novokain 200 ml miqdorida retromammar yuborilsa (500 000 TV) naf beradi. Bez yiring olganda darhol jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi. Operatsiya odatda venaga narkoz yuborish orqali amalga oshiriladi. Toʻqimalarni kengaytirib kesish uchun radiar kesishlar oʻtkaziladi, bu kesishlar emchak uchi atrofidagi pigmentli sohaga tegmasligi kerak, aks holda sut chiquvchi yoʻlchalar shikastlanadi. Abssess boʻshligʻi barmoq bilan tekshirib koʻriladi, boʻshliq keng koʻlamda drenaj qilinadi. Boʻshliqlar koʻp boʻlganda toʻqimalarning ayrim gʻovchalari yorilib, yagona boʻshliq yuzaga keltiriladi va koʻproq ishonchli drenaj qilishga imkon beruvchi kontraperturalar -qoʻshimcha kesishlar amalga oshiriladi. Abssess punksiyasidan maqsad, yiringni chiqarib yuborish va boʻshliqqa antibiotiklarni kiritishdir. Retromammar abssesslar Bardenxayyer usuli bilan yoy shaklida kesiladi. Kesish bez osti teri burmasi boʻyicha va bez oldingi koʻkrak devoriga oʻtadigan joyda amalga oshiriladi. Shunday qilinsa abssess boʻshligʻi toʻla drenaj qilinadi va yaxshi kosmetik effekt taʼminlanadi. Antibiotiklar, qon oʻrnini bosuvchilarni quyish va giperbarik ksigenatsiya keng qoʻllanadi[2].

Manbalar

tahrir
  1. Ergashev U.Y.. Xirurgik kasalliklar 213-bet. ToshTA 2020. 
  2. Oripov O.. Umumiy xirurgiya 383-bet. Yangi asr avlodi 2008.