Matbuot — barcha bosma mahsulotlar majmui tor maʼnoda davriy nashrlar, asosan, gazeta va jurnallarni ifodalaydi(sinonimi – pressa). Matbuot ijtimoiy ongning oʻtkir va taʼsirchan vositasi sifatida kishilik jamiyatiga doimiy va faol taʼsir koʻrsatadi, jamoatchilik fikrini shakllantiradi, omma ongiga muayyan qarashlarni singdirishda qudratli gʻoyaviy omil hisoblanadi. Matbuot jamiyat hayotini turli (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ishlab chiqarish, ilmiytexnikaviy va boshqalar) yoʻnalishlarda yoritadi.

Matbuot XV asrning oʻrtalarida Yevropada tarkib topgan, qariyb V asr mobaynida (ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari – radioeshittirish va televideniye paydo boʻlguniga qadar) kishilararo ommaviy muloqotning, bilim va gʻoyalar tarqatishning asosiy vositasi sanalgan. Dastlabki bosma nashrlar kitob, risola va varaqalardan iborat boʻlgan, XVII asrning boshlarida gazetalar, keyinroq esa jurnallar tashkil topdi. XIX asrning oʻrtalarida matbuot agentliklari vujudga kela boshladi (qarang Informatsiyey agentlik). XX asrda ommaviy axborotning radioeshittirish va televideniye singari turlarining paydo boʻlishi va taraqqiy qilishiga qaramay, matbuot hamon kishilik jamiyatidagi oʻz oʻrni va mavqeini tobora kengaytirib borayapti, ijtimoiy-siyosiy hayot va faoliyatning hamma tomonlariga doimiy va samarali taʼsir koʻrsatayapti. Butun dunyoda matbuotining muttasil keng tarqalib borayotgani buning isbotidir.

Tarixiy rivojlanish jarayonida matbuotning xususiy shaxslar, ijtimoiy guruhlar (siyosiy oqimlar, partiyalar, kasaba uyushmalari, madaniy-maʼmuriy tashkilotlar va boshqalar), hissadorlik jamiyatlari, hukumat muassasalari va boshqa tomonidan taʼsis etilgan va ularning maqsadlariga xizmat qilgan qator turlari vujudga keddi. Matbuot qaror topgan dastlabki paytlarda Yevropada cherkov diniy mafkurani targʻib qilishda bosma kitoblardan, varaqalardan keng foydalandi. Jamiyat maʼnaviy hayotiga cherkov taʼsirining tobora cheklanishi oqibatida dunyoviy matbuot tashkil topdi va keng rivojlana boshladi. Ilgʻor ijtimoiy tuzum, demokratik tartiblar oʻrnatish uchun kurashda taraqqiyparvar matbuotning xizmati katta boʻldi.

Oʻzbekistonda matbuot XIX asrning 2-yarmida tarkib topdi. Toshkentda 1870-yilda oʻlkadagi mustamlakachi hukmronlar tashkil etgan "Turkestanskiye vedomosti" va "Turkiston viloyatining gazeti" Markaziy Osiyodagi matbuotIning ilk namunalari hisoblanadi. Turkistonda dastlabki taraqqiyparvar milliy gazetalar 1905–1907 yillardan faoliyat koʻrsata boshladi ("Taraqqiy", "Xurshid", "Shuhrat" va boshqalar). Ularning yoʻlini XX asrning ikkinchi oʻn yilligida chop etilgan "Sadoi Turkiston", "Sadoi Fargʻona", "Najot" gazetalari, "Oyina" jurnali davom ettirdi. Milliy nashrlar Turkistonni savodli, maʼrifatli, taraqqiyotga erishgan, obod, mustaqil diyorga aylantirish gʻoyalarini targʻib qildilar.

1917-yildan soʻng, sobiq SSSR tarkibidagi barcha ittifoqdosh respublikalarda boʻlganidek, Oʻzbekistonda ham yangi siyosiy yoʻnalishdagi partiyasovet matbuotining koʻp tarmoqli tizimi qaror topdi. Umumdemokratik qoidalarga zid ravishda matbuotning shakllanishi va rivojlanish jarayoni yakkapartiyaviylik – kommunistik partiyaning mutlaq yakka hokimligi sharoitida kechdi. Gazeta, jurnallar, kitoblar qiyofasi, yoʻnalishi shu hukmron partiya rahbariyati koʻrsatmalari asosida belgilandi.

Istiqlol tufayli Oʻzbekiston matbuoti taraqqiyotida ham sifat jihatidan butunlay yangi – demokratik rivojlanish bosqichi boshlandi. Endilikda tashkilotlar, partiyalar, uyushmalar, ayrim jamoalar, fuqarolar ham matbuot nashrlarini taʼsis etish huquqiga ega boʻldilar. Mamlakatda matbuot erkinligitl taʼminlashga imkoniyat yaratila borildi. Ommaviy axborot vositalarining normal faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoit yaratish, ularni nashr etish va tarqatish bilan bogʻliq moliyaviy va texnik masalalarni yechishda, ijodkorlarning demokratik jarayonda faol ishtirok etishi uchun amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qoʻllab-quvvatlash ijtimoiysiyosiy jamgʻarmasi tashkil qilindi (1996-yil 30-avgust). Bu jamgʻarma ommaviy axborot vositalari vakillarining mustaqil, oʻz-oʻzini boshqaruvchi, hukumatga qarashli boʻlmagan tashkiloti hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining "Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida" (1996-yil 30 avgust), "Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida" (1997-yil 26 dekabr), "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida" (1997-yil 24 aprel), "Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida" (1997-yil 24 aprel) qonunlari qabul qilinishi Oʻzbekiston matbuoti taraqqiyotida muhim rol oʻynadi.

Oʻzbekiston matbuoti ishiga umumiy rahbarlik qilib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish toʻgʻrisida" farmoni (2002-yil 3-iyul) ga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi etib qayta tashkil etildi. Shunga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi, viloyat hokimliklari huzurida matbuot va axborot hududiy boshqarmalari tuzildi. Mazkur islohot mamlakat ijtimoiy hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish sharoitida respublika aholisining axborotga boʻlgan talab-ehtiyojlarini yanada toʻliqroq qondirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng koʻlamda rivojlantirishga koʻmaklashish, axborot xizmatlarining zamonaviy bozorini shakllantirish yoʻlida oddinga tashlangan katta qadam boʻldi.

Oʻzbekiston matbuot mahsulotlari (bosma nashrlar) davriy va davriy boʻlmagan nashrlarga boʻlinadi. Davriy nashrlarga gazeta, jurnal, jurnal tipidagi nashrlar (byulletenlar, ilmiy axborotlar va boshqalar), davriy boʻlmagan nashrlarga kitob, risola, bosma mahsulotlar va boshqalar kiradi. Bular ham, oʻz navbatida, bir qancha turlarga – umumsiyosiy va ixtisoslashgan. Muassisligiga koʻra – hukumat idoralari, xalq harakatlari, partiyalar, uyushmalar, jamgʻarmalar, tijorat, diniy tashkilotlar va boshqalarning gazetalari. Hududiy yo'nalishga qarab – markaziy (mamlakat miqyosida), viloyat, shahar, tuman, quyi matbuot organlari (qarang Kup tirajli gazeta) boʻladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida reklama, tijorat, xususiy gazetalar yuzaga keldi (yana qarang Gazeta).

Jurnallar mohiyatiga koʻra – ijtimoiysiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy, adabiybadiiy, tabiiy-ilmiy, qishloq xoʻjaligiga oid va boshqalar. Yo'nalishiga qarab – bolalar, yoshlar, xotin-qizlar va boshqalarga boʻlinadi. Muassisligiga koʻra – hukumat idoralari, nodavlat tashkilotlar, xususiy jurnallar ham chiqmoqda.

Kitob mahsulotlari maqsadiga qarab – ommaviy adabiyot, siyosiy adabiyot, badiiy adabiyot, ilmiy adabiyot, ilmiy-ommaviy adabiyot, darslik, maʼlumotnoma adabiyoti va boshqalarga boʻlinadi. Mamlakatda bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib, keng ommaga zarur boʻlgan, xaridorgir kitoblar nashr etadigan nashriyotlar tizimi yuzaga keldi (yana qarang Noshirlik).

1906-yil 27-iyunda "Taraqqiy" gazetaning 1-soni chiqqan . Shu sanadan (27-iyun) boshlab Oʻzbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanib keladi (1993-yildan).

Oʻzbekiston matbuotiga doir masalalar asosan "Oʻzbekiston matbuoti" jurnalida yoritiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Pidayev T., Matbuot – millat chirogʻi, T., 1999; Abduazizova N., Turkiston matbuoti tarixi (1870 – 1917), T., 2000.

Tohir Pidayev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil