Mavlono Riyoziy II (15–16-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan xurosonlik shoir[1]. Nomi “Majolis un-nafois”ning uchinchi majlisida tilga olinadi. Alisher Navoiy uning Zova viloyati qozisi ekani, feʼl-atvori murakkabligi, qozilik mansabiga noloyiq ishlar qilgani uchun vazifasidan ozod qilingani, keyinchalik qancha harakat qilmasin mansabiga qayta tiklana olmaganligi haqida yozadi. “Navodir ush-shabob”ning 27-qitʼasida ushbu voqeaga yana munosabat bildirib, qozi boʻladigan kishi fiqh ilmini mukammal bilishi kerakligi, Mavlono Riyoziy riyozat ilmiga yaqin boʻlib, fiqhdan bexabarligi sababli qozilik lavozimiga noloyiq degan xulosaga keladi:

Riyoziy boʻlsa qoziy, bas ajabdur,

Kerakkim fiqh ilmin bilsa qoziy.

Anga chun fiqhdin aslo xabar yoʻq,

Ne yangligʻ bas boʻlur qozi Riyoziy[2].

Mavlono Riyoziy minbarda vaʼz aytganda oʻz sheʼrlarini oʻqib, yigʻlab behush boʻlar ekan. Navoiyning yozishicha, bir kuni shogirdlari bilan togʻ sayliga borishganida, tosh yumalatishgan va u toshning biri bir bechoraga tegib, vafot etgan. Shunda Mavlono Riyoziy qochib ketgan va uni topa olishmagan. “Majolis un-nafois”da Mavlono Riyoziyning quyidagi bayti keltirilgan:

Malak shusta ba obi Xizr agar domoni man budi,

Hanoʻzam, dasti dur az domani jononi man budi.

(Mazmuni: Agar malak mening etagimni tiriklik (Xizr) suvi bilan yuvganda edi, mening jononim boʻlsang ham etagimni tutolmasding)[3].

Manbalar

tahrir
  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Navodir ush-shabob. 
  3. Majolis un-nafois.