Mavsum marosim qoʻshiqlari — xalq ogʻzaki ijodining yil fasllarini belgilovchi, turli marosim hamda anʼanaviy bayramlar jarayonida ijro etilgan qad. qoʻshiq turlaridan. Kelib chiqishi eneolit (yangi tosh) davrida yuzaga kelgan chorvachilik va dehqonchilik mehnatlari bilan bogʻliq. Qadimda mazkur mehnatlar yil fasllarining uzviy aylanib turish jarayoniga bevosita bogʻliq boʻlgan. Odamlar turli marosimlar, qurbonliklar va qoʻshiklar homiy ruhlarga yoqib, ular bizga moʻl hosil beradi, deb ishonishgan. Buning natijasida bir-birini toʻldiruvchi mavsumiy marosim qoʻshiqlar silsilasi shakl topgan: bahor kelishi munosabati bilan "Oftob chiqdi", "Laylak keldi", "Boychechak" kabi qoʻshiqlar kuylangan; "Sumalak", "Gulyor" "Navroʻz yoʻklovlari", "Ish oshi" aytimlari "Navroʻz" bayrami va "Lola sayli", "Qizil gul sayli" milliy-anʼanaviy xalq bayramlarida; "Shoxmoylash", "Qoʻsh-qoʻsh" kabilar shudgorlash davrida, "Sust xotin" qurgʻoqchilik boshlanganida ijro etilgan. Yozkuz fasliga oid "Oblo baraka", "Oʻrim", "Xoʻr mayda", "Qovun sayli", qishda oʻtkazilgan gapgashtaklarda ("Alyor"), "Yas-yusun" marosimlari mashhur boʻlgan. Beruniy 6-asrdan ajdodlarimiz kuzgi teng kunlikni "Mehrjon", bahorni "Navroʻz" bayrami bilan davlat miqyosida nishonlanganini aytadi. Mavsum marosim qoʻshiqlariq.da ilk bor band, bandnaqarot shakllari rivoj topib, oʻyin harakatlari yoki afsun aytimlarining ritmik xususiyatlarini ifodalovchi musiqiy va sheʼriy (jumladan, satr boʻgʻinlar soniga asoslangan barmoq) vaznlar yuzaga keladi. Muayyan ritmik "qolip" larga hamda parda tuzilmalariga tayangan ohanglar negizida keyinchalik ohangdor musiqa usulubi shakl topadi (yana q. Qoʻshiq, Marosim qoʻshiqlari).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil