Mayiz
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Mayiz – oftobda, soyada yoki maxsus quritgich mashinalarda quritilgan uzum gʻujumi. Mayizbop uzum navlaridan tayyorlanadi[1].
Turlari
tahrirQuritish usuliga koʻra, quyidagi turlari bor:
1) avlon (turli nav uzumlari oftobda quritiladi);
2) bedona;
3) garmiyon;
4) sabza;
5) soyaki va boshqa turlari bor.
Umuman olganda, mayizni danakli uzum navlaridan ham, danaksizlaridan ham tayyorlash mumkin. Hozir uni asosan danaksiz kishmish uzumi navidan tayyorlashadi. Bunda qora kishmishdan tayyorlanadigan ,,qora mayiz" eng ommalashgan nav hisoblanib, u nordon boʻlmaydi va shirin taʼmga ega. Jigarrang tusga ega sariq mayiz ,,Oq kishmish"dan tayyorlanadi va u nordon-shirin taʼmga ega. Bu mayizning bozori qora mayiz bilan taqqoslaganda ancha kichik. U toʻy oshi, meva-yongʻoqli aralashmalar (masalan, myusli) tayyorlashda va qandolatchilikda ishlatiladi.
Danakli uzum navlaridan tayyorlanadigan mayizni soʻnggi bir necha oʻn yilliklar ichida asta-sekin isteʼmolchilar ratsionidan chiqib ketdi. Ayni paytda unga talab juda past, shu bois sotuvda bunday mayiz kam uchraydi[2].
Tayyorlanishi
tahrirMayiz solishning oddiy usulida uzum boʻyra, bordon yoki suvalgan maydonga yoyilib quritiladi. Bu usulda uzum 20-30 kunda quriydi. Ishqor eritmasiga botirib olingan uzum 7-10 kunda qurib, 24-30%, maxsus qurilgan soyakixonada esa 4-8 haftada qurib, 23-25% mayiz tushadi. Oʻzbekiston FA ,,Asbobsoz" birlashmasida mayiz quritishda qoʻllanadigan maxsus mashinalar (mayiz quritgichlar) yaratilgan. Bu mashinalar mayizni oftobda quritishda chang bilan ifloslanishning oldini oladi. Mayiz tarkibida quruq moddasiga nisbatan 79,5-87,5% gacha qand, 0,5-3% organik kislotalar, 2,1-2,9% azotli moddalar, 1% kletchatka, 2-2,9% kul va boshqalar bor. Mayiz namligi 18%dan ortiq boʻlmasligi kerak. Quritilgan uzum chang, turli aralashmalardan tozalanadi, standart qutilarga, qoplarga joylanadi. Aʼlo navli mayizlar Oʻzbekiston, Tojikiston, Eron, Afgʻoniston, Italiya, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda tayyorlanadi[1].
Anʼanaviy texnologiyalarga muvofiq, uzumni quritish tabiiy sharoitda ochiq havoda, maxsus kameralar va uskunalardan foydalanmagan holda bajariladi. Bunday tabiiy sharoitlarda sifatli mayiz hosil boʻlishi uchun issiq, shabadali va quruq ob-havo boʻlishi kerak. Mayiz tayyorlash mavsumi avgustda boshlanishini hisobga olsak, uzum hosilini u ideal darajada yetilishini kutib qanchalik kech yigʻib olinsa, havo haroratining keskin oʻzgarishlari va yogʻingarchiliklar xavfi shunchalik yuqori boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, quritish sharoitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Boshqacha qilib aytganda, qancha koʻp kutilsa, kuzning syurprizlarga boy ob-havosi shuncha yaqinlashaveradi. Shu sababdan, ob-havo sharoiti bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida mayiz tayyorlashga ishlatiladigan uzum hosilini yigʻishtirib olish ,,Kish-mish" navi glyukoza tarkibi boʻyicha minimal darajaga yetgan kundan boshlanadi.
Mayiz tayyorlash uchun uzum hosilining yigʻim-terimi bir necha haftaga choʻzilishi bois, har bir terimda glyukoza tarkibi asta-sekin ortib boradi va ushbu davrning oxiriga borib birlamchi xomashyo tarkibidagi glyukoza miqdori ideal darajaga yetadi. Shu tariqa, olinadigan soʻnggi mahsulotning oʻrtacha miqdori har 4 kg uzumga 1 kg mayizga yetadi.
Uzumni quritishda Oʻzbekistonda ikki xil usul qoʻllanadi: birinchisi – ayvon ostida yoki yaxshi shamollatiladigan mayizxonada va ikkinchisi – ochiq osmon ostida. Birinchi usulda biz ,,soyaki mayiz", yaʼni ,,soyada tayyorlangan mayiz"ga ega boʻlamiz. Bunda uzumni quritish paytida unga quyosh nurlari toʻgʻridan toʻgʻri tushmaydi. Ushbu usulda aynan issiq va quruq shamolning mavjud boʻlishi muhim rol oʻynaydi. Hosil yigʻib-terib olingandan soʻng koʻpi bilan bir kun oʻtgach, uzum boshlari ayvon ostida yoki mayizxonada gorizontal yogʻochlarga ilib chiqiladi. Mayizxonada quritilganda uni har tomondan shamollatish imkoni boʻlishi lozim. Mazkur usulda quritish 30-40 kun davom etadi. Bunday usul yordamida tayyorlangan mayiz ikkinchi usulda tayyorlanadigan mayizdan oʻzining yumshoqligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Ikkinchi usul – ochiq osmon ostida toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nurlarida quritishdir. Uzum hosili yigʻishtirib olingach, har bir bosh uzum maxsus ajratilgan maydonchalarga bir qator qilib, bir-biriga tekkizmay va orasidan shamol oʻtadigan oraliqda terib chiqiladi. Bunday uslubda quritishda jarayon havo haroratiga qarab 15 kundan 25 kungacha vaqt oladi.
Har ikki tayyorlash usulida ham uzum boshlari donachalar soni nuqtai nazaridan oʻta zich boʻlmasligi lozim. Aks holda, bunday uzumlarni yaxshi shamollatish qiyin boʻladi va bu mayiz sifatiga salbiy taʼsir qiladi.
Mayiz tayyorlashda birlamchi xomashyoning – uzumning sifati juda muhimdir. Yaʼni olingan uzum hosilida yirik mevalar katta va uzum boshlarining zichligi maqbul darajada boʻlishi kerak. Buning uchun esa butun uzum yetishtirish davrida ancha mehnat, xarajatlar qilish va barcha zarur agrotexnik tadbirlarni bajarish talab etiladi[2].
Shifobaxsh xususiyatlari
tahrir100 gramm mayizda 860 mg kaliy bor. Shuningdek, organizm uchun gʻoyat foydali boʻlgan fosfor, natriy, kalsiy, magniy hamda temir moddasi, B1, B2, B5 va PP vitaminlari ham moʻl-koʻl.
Mayiz immunitetni oshirishda foydali. Mayizdagi antioksidantlar yordamida organizmdagi hujayralar erkin radikallar taʼsiridan himoyalanadi.
Vitamin va mikroelementlar, shuningdek magniy hisobiga asablarni tinchlantirish xususiyatiga ega. Qolaversa, yurakka ham quvvat boʻladi.
Osteoxondroz yoki osteoporozda muolaja davomida taomnomaga mayizni kiritish lozim.
Kamqonlik aniqlangan boʻlsa, mayizni yeyish bilan barobar uning suvini ichish ham tavsiya etiladi. Buning uchun 10 dona mayizni piyolaga solib, ustidan yarim stakan qaynatib ilitilgan suv quyiladi. Piyola ustini yopib, ertalabgacha qoldiriladi. Och qoringa mayiz suvini ichib turilsa, gemoglobin miqdori normallashadi.
Xastalikdan keyin quvvatni tiklash uchun mayiz, yongʻoq va asal aralashmasi tavsiya etiladi. Teng miqdorda yongʻoq va asalni goʻshtqiymalagichdan oʻtkazib, taʼbga koʻra asal bilan aralashtirib olinadi. Nonushta vaqti 1-2 choy qoshiqdan isteʼmol qilish yaxshi foyda beradi.
Buyrak kasalliklarida kunora mayiz isteʼmol qilish maqsadga muvofiqdir. Mayiz tarkibidagi foydali elementlar peshob ajralashini faollashtiradi.
Muntazam mayiz isteʼmol qilish ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarida ham asqatishi mumkin. Mayiz suvi esa milk shamollashi, stomatit yaralari hamda yoʻtalga foydali.
Mayizli muolaja semizlik, yurak yetishmovchiligi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi hamda qandli diabetda tavsiya etilmaydi[3].
Adabiyotlar
tahrir- Abdullayev R. M. va boshqalar, „Uzum yetishtirish va mayiz quritishning zamonaviy texnologiyasi“, Toshkent, „Sharq“, 2013.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 2,0 2,1 „Ideal sifatdagi mayiz qanday tayyorlanadi? Ekspert – mayiz tayyorlashning nozik jihatlari haqida“. Qaraldi: 2023-yil 25-aprel.
- ↑ „Mayiz yeng, xastalanmaysiz“ (2017-yil 9-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 29-may.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |