Metod
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Metod (yun. "metodos" — bilish yoki tadqiqot yoʻli, nazariya, taʼlimot) — voqelikni amaliy va nazariy egallash, oʻzlashtirish, oʻrganish, bilish uchun yoʻl yoʻriqlar, usullar majmuasi, falsafiy bilimlarni yaratish va asoslash usuli.
Metodning kelib chiqish tarixi kishilarning amaliy faoliyatiga borib taqaladi. Biror ishni bajarish Metodini egallagan kishi shu ishni boshqalarga nisbatan oson, tez va so`z bajara oladi. Metodni egallamagan inson esa bu ishni bajarish uchun koʻp vaqt va kuch sarflaydi. Metod oʻz mazmuni jihatidan amaliy yoki nazariy shaklda boʻlishi mumkin. Insonning amaliy faoliyatiga oid Metodlar ham voqelikka xos boʻlgan qonuniyatlarni anglab yetish, bilib olishga borib taqaladi. Metodlar haqidagi taʼlimot fanda metodologiya deb ataladi. Inson dastlab atrofdagi narsa va hodisalarni kuzatish, ularni bir-biriga taqqoslash, oʻxshatish, farq qilish asosida voqelik haqida bilimlarini toʻplab borgan. Voqelik haqidagi fanlar rivojlanishi bilan fanlarda qoʻllanadigan yoʻl-yoʻriqlar, Metodlar ham takomillashib borgan. Fanning amaliy (empirik) va nazariy Metodlari vujudga keldi.
Fan Metodlarining asosiy mazmunini amaliyotda sinalgan ilmiy nazariyalar tashkil etadi. Har qanday ilmiy nazariya mohiyati jihatidan Metod funksiyasiga egadir. Metod, oʻz navbatida, yangi ilmiy nazariyalar va qonuniyatlarning ochilishiga vosita boʻladi. Shu nuqtai nazardan Metod bilan ilmiy nazariya funksiyasiga koʻra, bir-biridan farq qiluvchi ilmiy amal hisoblanadi.
Falsafa va fanlar tarixida ilmiy Metodning mohiyatini tadqiq etish, yangi-yangi Metodlarni kashf etish alohida ahamiyatga egadir. Har qanday ilmiy kashfiyotlarga nisbatan olimning biror yangilikni kashf qilishda qoʻllagan ilmiy Metodi koʻproq ahamiyatga egadir, chunki boshqa kashfiyotchilar ham shu olim qoʻllagan ilmiy Metodga tayanib koʻplab kashfiyotlarni ochishi mumkin.
Bilish Metodlari voqelikni qamrab olishi jihatidan 3 turga boʻlinadi: yalpi umumiy bilish Metodlari — hamma fanlarda va bilishning barcha bosqichlarida ham qoʻllaniladigan umumiy va universal Metodlar — metodologiya; umumiy bilish Metodlari — bir qancha yoki barcha fanlarda qoʻllanadigan va bilishning muayyan bosqichi (empirik, nazariy yoki empirik bosqichdan nazariy bosqichga oʻtish chegarasi)da qoʻllanadigan bilish Metodlari; xususiy yoki maxsus Metodlar — ayrim fan doirasida qoʻllanadigan bilish Metodlari.
Oʻrta Osiyo olimlaridan Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino va boshqa fan Metodlarini rivojlantirganlar. Xorazmiy olimlarni uchga boʻlib, ularning bir qismi ilmiy kashfiyotlarni ochishda qo`llaniladigan yoʻl-yoʻriq va usullarni ishlab chiqib boshqa olimlarning ilmiy izlanishlarini osonlashtiradi, deb yozganida, aynan shu Metodlarni ishlab chiquvchi olimlarni nazarda tutgan.
Yaqin davr Yevropa faylasuf olimlari ham Metod taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshishdi. F. Bekon, G. Galiley, R. Dekart, G. Leybnits singari faylasuflar Metodlar haqida maxsus asarlar ham yozishdi.
Hozirgi zamon fanlarida koʻplab umumiy, xususiy ilmiy Metodlar qoʻllanadi. Ayniqsa, keyingi asrda modellashtirish va matematik Metodlarning yangi shakllari rivojlandi, kibernetik modellashtirish va kompyuter modellashtirish Metodlari jamiyatning qariyb barcha sohalarida keng miqyosda qoʻllanilmoqda. Zamonaviy ilmiy Metodlar tadqiqotchilarga dunyo sir-asrorlarini ochishda yordam bermoqda.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |