Migratsiya patenti
Patent (migratsiya qonunchiligida) – Rossiya Federatsiyasiga vizasiz tartibda keluvchi chet el fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi sub’ekti hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir. 115-son Federal qonunining 13.3-moddasining 1 bandiga koʻra (yangi tahrirda), patentga ega boʻlgan vizasiz chet ellikni quyidagilar ishga jalb qilishi mumkin:
- tashkilotlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- xususiy notariuslar;
- advokatlik idorasini tashkil etgan advokatlar;
- federal qonunlarga muvofiq kasbiy faoliyati davlat tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim boʻlgan boshqa shaxslar;
- shaxsiy, uy ishlari va boshqa shunga oʻxshash masalalarda yordamga muhtoj boʻlgan va tadbirkor boʻlmagan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari.
Migrantlarning toifalari
Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, Rossiya Federatsiyasiga viza talab qilinmaydigan tartibda kirib kelgan chet el fuqarolarigina patent olishlari mumkin.
Hozirgi vaqtda mazkur qoida quyidagi davlatlar fuqarolariga nisbatan qoʻllanadi:
- Abxaziya
- Ozarbayjon
- Moldova
- Tojikiston
- Oʻzbekiston
- Ukraina
Rossiya Federatsiyasi bilan vizasiz safarlarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishgan boshqa davlatlarning fuqarolari uchun („Vizasiz rejim“ moddasiga qarang) mehnat faoliyatini amalga oshirishda cheklovlar mavjud. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlarning fuqarolari „Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnoma“ning (2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan) (2015 yil 8 maydagi tahrirda) 97-moddasiga koʻra, patent olish uchun ariza berishlari talab etilmaydi.
Patent boʻyicha ish
Patentdan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy, uy ishlari va boshqa shunga oʻxshash ehtiyojlar uchun ishlarni bajarish yoki xizmatlarni koʻrsatishda foydalanish mumkin.
Patentga ega chet ellik ishchilarning mehnatidan tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida foydalanish migratsiya qonunchiligini buzish hisoblanadi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq quyidagi maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi:
- har ikki tomon – ikki mingdan besh ming rublgacha jarima shaklida;
- chet el fuqarosi uchun – mamlakatdan chiqarib yuborish.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish tadbirkorlik faoliyati hisoblanishi shart emas, chunki har qanday fuqaro fuqarolik qonunchiligiga muvofiq oʻz mol-mulkini, oʻziga tegishli boʻlgan mulkni tasarruf etish, shu jumladan uni sotishdan daromad olish huquqiga ega. Bu yerda daromad olinishning muntazam koʻrinishga ega emasligi muhimdir.
Patent va ishlash uchun ruxsatnoma
tahrirIshlash uchun ruxsatnoma asosida ishlaydigan chet el fuqarolaridan farqli oʻlaroq, patent egalari bir qator afzalliklarga ega:
- ularga nisbatan migratsiya kvotalari qoʻllanilmaydi;
- Moskva va Sankt-Peterburgda patent ilgariroq „vositachilar“dan olingan ishlash uchun ruxsatnomadan koʻra arzonroqqa tushadi;
- patent uchun moslashuvchan toʻlovi tizimi (dastlab 1 oydan boshlab to 12 oygacha uzaytirish).
- Bir nechta tashkilotda ishlash mumkin (hozirda bir kishi ikkita ruxsatnoma olishi mumkin emas)
Mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish
Patent olgan chet el fuqarosi bilan quyidagi kelishuvlarni tuzish mumkin:
- mehnat shartnomasi;
- fuqarolik-huquqiy shakldagi shartnoma.
Shartnoma turini tanlash chet ellik ishchini yollash davri davomiyligiga bogʻliq. Agar chet ellik ishchi maydan to sentyabrga qadar dala hovlida ishlash yoki bogʻ uyini qurish uchun kerak boʻlsa, unda pudrat shartnomasini tuzish afzalroqdir.
Mehnat shartnomasi ish beruvchi uchun koʻproq majburiyatlarni nazarda tutadi, chunki mehnat munosabatlari Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha boʻlgan chet el fuqarolari tibbiy sugʻurta qilinmaydi, lekin ijtimoiy sugʻurta qilinadi („Majburiy ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida“gi 2006 yil 29 dekabrdagi 255-son Federal qonunning 2-moddasining 1-bandi).
Quyidagi hollarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ijtimoiy sugʻurta qilish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi:
- agar bu fuqarolik-huquqiy shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa;
- majburiy tartibda – mehnat shartnomasini tuzishda.
Patentni olish
Patent olish uchun chet el fuqarosi ishlashni moʻljallagan Rossiya Federatsiyasi sub’ektidagi Rossiya Ichki ishlar vazirligi boshqarmasining migratsiya masalalari boʻyicha organiga murojaat qilishi kerak. Quyidagi hujjatlar taqdim etilishi darkor:
- tasdiqlangan shakldagi ariza;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport) va uning Rossiya Federatsiyasi hududidagi notarius tomonidan tasdiqlangan rus tilidagi tarjimasi;
- ishlash tashrif maqsadi sifatida koʻrsatilgan kirish muhri boʻlgan migratsiya kartasi;
- chet el fuqarosining yashash joyiga kelganligi toʻgʻrisidagi hamda migratsiya roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi muhr qoʻyilgan bildirishnoma blankasining yirtma qismi;
- sugʻurta tashkiloti bilan tuzilgan mazkur chet el fuqarosi mehnat faoliyati davrida amal qiladigan ixtiyoriy tibbiy sugʻurta shartnomasi (polis) yoki mazkur chet el fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan Rossiya Federatsiyasi sub’ektida joylashgan tibbiyot tashkiloti bilan tuzilgan pullik tibbiy xizmatlar koʻrsatish shartnomasi.
- patent berilgan hududdagi stavka boʻyicha daromad soligʻi (patent boji) boʻyicha avans toʻlovining amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi kvitantsiya.
- rus tilini bilishi, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi asoslarini bilishi toʻgʻrisidagi sertifikat;
- 1991 yil 1 sentyabrga qadar SSSR tarkibiga kirgan davlat hududidagi taʼlim muassasasi tomonidan berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjat (asosiy umumiy taʼlimdan quyi boʻlmagan darajada); 1991 yil 1 sentyabrdan boshlab Rossiya Federatsiyasi hududida davlat yakuniy attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan shaxslarga berilgan taʼlim va (yoki) malaka toʻgʻrisidagi hujjat.
- chet el fuqarosida giyohvandlik kasalligi yoʻqligini tasdiqlovchi hamda inson organizmida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning metabolitlari, atrofdagilar uchun xavf tugʻdiruvchi, Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan vakolat berilgan federal ijroiya organi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatda koʻzda tutilgan yuqumli kasalliklar mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan kimyoviy-toksikologik tekshiruvlarni oʻz ichiga oluvchi tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan hujjatlar, shuningdek, mazkur chet el fuqarosida odamda immunitet tanqisligi virusi (OIV-infektsiyasi) keltirib chiqaruvchi kasalliklar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi sertifikat.
Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati toʻgʻrisidagi 115-son Federal qonunining 13.3-modasi
Patent olish uchun hujjatlarni topshirgandan soʻng, chet el fuqarosi barmoq izlarini topshirishi lozim. Dastlab, patent avans toʻlangan muddatga beriladi, lekin uning muddatini bir necha bor uzaytirish mumkin, biroq berilgan kundan boshlab bir yildan ziyod boʻlmagan muddatga.
Toʻlangan kvitantsiyalari boʻlgan patent xorijiy fuqaroning Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlishi uchun qonuniy asosdir (patent uchun toʻlov qilingan muddatga), lekin Rossiya Federatsiyasi hududiga kirgan kundan boshlab bir yildan ziyod boʻlmagan muddatga. Chet el fuqarosi patent berilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oylik muddat tugaguniga qadar oʻn ish kunidan kechiktirmay, patentni bergan migratsiya sohasidagi federal ijroiya hokimiyatining hududiy organiga patentni qayta rasmiylashtirish borasida murojaat qilish huquqiga ega. Shu oʻrinda, patentning amal qilish muddatini uzaytirish uchun murojaatlar soni bir martadan oshmasligi kerak. Shu maʼnoda, patent boʻyicha qonuniy tarzda mamlakat hududida 2 yil davomida boʻlib turish mumkin.
Patent va belgilangan avans toʻlovining amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi kvitantsiyalarning borligi Rossiya Federatsiyasiga viza olinishi talab etilmaydigan tartibda kelgan chet el fuqarosining mamlakat hududida boʻlib turishining qonuniyligini tasdiqlaydi.
Ishga joylashganligi toʻgʻrisida IIVni xabardor qildish
Chet el fuqarosi tomonidan IIV jismoniy yoki yuridik shaxsga ishga joylashganligi toʻgʻrisida ish uchun patent olingan kundan eʼtiboran 2 oy mobaynida xabardor etilishi lozim. IIVni xabardor qilish uchun chet el fuqarosi tuzilgan mehnat shartnomasi nusxasini taqdim etadi.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |