Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti

(Mikrobiologiya institutidan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi mikrobiologiya ilmiy tadqiqot instituti — nazariy va eksperimental mikrobiologiya hamda biotexnologiya masalalari boʻyicha yirik ilmiy markaz. 1947-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya va botanika institutida mikrobiologiya laboratoriya, 1965-yil mazkur laboratoriya negizida mikrobiologiya boʻlimi tashkil etilib, 1977-yil institutga aylantirildi. Institutning asosiy ilmiy yoʻnalishi Oʻrta Osiyo (Oʻzbekiston) mikroflorasining xilma-xilligini oʻrganish, ajratib olingan mikroorganizmlarni sistemaga solish hamda nopatogen va shartli patogen mikroorganizmlarning yirik regional (Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqasida yagona boʻlgan) mahalliy toʻplami (kolleksiya)sini tuzishdan iborat. Institutda mikroorganizmlar fiziologiyasi, sitomorfologiyasi va biokimyosi, mikrobiologik yoʻl bilan fiziologik faol birikmalar, antibiotiklar va mikroorganizmlardan zahar olish oʻrganildi. Oʻsimlik qoldiqlari va sanoat chiqindilaridan yem-xashak tayyorlash, mikroorganizmlarda qarama-qarshilik tabiati va ular ishlab chiqargan biologik preparatlarni oʻrganish natijalaridan dehqonchilik, ipakchilik, chorvachilik va sanoat tarmoqlarida foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Institutda mevali daraxtlar, sabzavot, poliz, texnika va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining bakteriya, zamburugʻ va viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklari oʻrganilib, ularga qarshi kurash choralari ishlab chiqildi. Mikroorganizmlarning geokimyoviy faoliyatiga oid tadqiqotlar olib borildi. Rudalardan mis, rux, kobalt, molibden, oltin, kumush va boshqa metallarni mikrobiologiya yoʻli bilan ajratib olish imkoniyatlari mavjudligi isbotlandi va texnologiyasi ishlab chiqildi. Qishloq xoʻjaligi va sanoat korxonalaridan chiqadigan oqova suvlarni mikrobiologik usulda tozalash biotexnologiyasi joriy etildi. Tanlash, gen va hujayra muhandisligi yordamida mikrobiologiya va oziq-ovqat sanoati hamda chorvachilik uchun oqsillar, fermentlar, vitaminlar, biologik oʻgʻitlar; shifobaxsh sut-qatiq tayyorlash uchun tomizgʻi mikroorganizmlarning oʻta mahsuldor shtammlarini olishda kamchiqitli va chiqitsiz biotexnologiya usullari yaratildi. Gʻoʻzaning oq palak va boshqa kasalliklariga qarshi biologik himoya vositalarining ilmiy asoslari ishlab chiqildi. Lipaza — lipolaktin preparatini ishlab chiqarishning ilmiy-texnik hujjatlari tayyorlandi hamda uni qoʻllashning aniq sohasi belgilandi. Gen va hujayra muhandisligi usullari yordamida sellyuloza hamda oqsil ishlab chiqaruvchi mikroorganizmlarning yangi xillari topildi. Institut xodimlari oldida turgan vazifa atrof muhitni muhofaza qilish hamda foydali mikroorganizmlardan xalq xoʻjaligi tarmoqlariga joriy etishdan iborat. Institutda 9 laboratoriya boʻlib, ularda 200dan ortiq xodim, jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi 1 akademik (M. Mavloniy), 10 fan doktori, 42 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2003).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil