Trixofitiya
Trixofitiya (yun. trichos — qil, soch va phyton — oʻsimlik), qirma temiratki (moyxoʻrak) — zamburugʻlar qoʻzgʻatadigan yuqumli kasallik. Trixofitiyani parazit zamburugʻlarning bir necha turi qoʻzgʻatadi. Ulardan ayrimlari faqat odamda parazitlik qilib, trixofitiyaning yuzaki shaklini keltirib chiqaradi. Boshqalari, asosan, hayvonlar (sichqon, kalamush, sigir, ot, qoʻy va boshqalar)da parazitlik qiladi; trixofitiya bilan zararlangan odamlarda uning chuqur shakli paydo boʻladi.
Yuzaki trixofitiya bilan, asosan, bolalar, ayrim hollarda kattalar, ayniqsa, ayollar kasallanadi. Bunda teri va boshning sochli qismi, kamroq soqol va moʻylov kasallanadi. Kasallik sogʻlom odamga bemordan yoki uning buyumlari (bosh kiyim, taroq va boshqalar)dan oʻtadi. Zamburugʻ tushgan terida 5—7 kundan soʻng dumaloq qizil yalligʻlangan dogʻ paydo boʻlib, tezda kattalashadi va qipiklanadi. Boshning sochli qismidagi zamburugʻlar teridan tezda sochga oʻtadi. Soch tolalarining tusi oʻzgaradi, moʻrtlashadi, zararlangan joydagi tolalar toʻkilib ketadi, tirnoqlar ham zararlanadi.
Chuqur trixofitiyada odam badanida va boshning sochli qismida, soqol, moʻylovlarda yiringli yara (qarang Abssess) paydo boʻladi. Ular ogʻrib, bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, baʼzan temperaturasi koʻtariladi. Agar vaqtida davolanmasa, soch toʻkilib ketadi. Trixofitiyaning chuqur shakli koʻpincha sut sogʻuvchilar va choʻponlarda kuzatiladi. Hozirgi jinsiy yoʻl bilan yuqadigan qov soha Trixofitiyasi ham aniklangan. Trixofitiya bilan ogʻrigan bemor kasalxonada davolanadi. Teri trixofitiyasi qisqa vaqt ichida tuzalib ketadi. Soch va tirnoq trixofitiyasi uzoq davolanishni taqozo etadi.
Chuqur trixofitiyaning oldini olish uchun sichqon va kalamushlarga qarshi kurash olib boriladi[1].