Mimikriya (ing. mimicry, yun. minikos — taklidiy) — himoya vositasiga ega boʻlmagan organizmning shunday vositaga ega boʻlgan yoki yeb boʻlmaydigan organizmlarga takdidiy oʻxshashligi; niqoblanish rangi va shakllaridan biri. M. hayvonlarda himoya vositasiga ega boʻlmagan hayvonlarning atrof muhitdagi turli narsalarga, yeb boʻlmaydigan yoki himoya vositalariga ega boʻlgan organizmlarga oʻxshashligi. Masalan, qiziloyoq qush tuxumi rangi yer rangiga, shakli toshga oʻxshash boʻladi. Ignabaliklar va dengiz otchalarining koʻrinishi suvoʻtlarga oʻxshaydi. Tropik oʻrmonlardagi koʻpchilik ilonlar rangi va shakli daraxtlarga oʻralib oʻsadigan lianalarga oʻxshab ketadi. Avstraliya butazorlarida yashaydigan kaltakesaklar tanasining sirti tikanlar bilan qoplangan. M. hayvonlar shakliga ham tegishli boʻlishi mumkin. Mas, Braziliya daryolarida tarqalgan bargbaliq xazonga, kallima kapalagi qurigan barglarga, beshiktervatarlar tanasining rangi va shakli oʻsimliklarga yoki qurigan butoqqa oʻxshaydi. Ayrim beozor kapalaklar va ikkiqanotlilar zaharli arilarga, zaharsiz ilonlar rangi zaharli ilonlarga taqlid qiladi.

Oʻsimliklarda M. hayvonlarga oʻxshab butun organizmga emas, balki ayrim organlarga tegishli boʻlib, foydali hayvonlar (mas, changlatuvchilar)ni jalb etish, zararkunandalarni qoʻrqitish uchun xizmat qiladi. Mas, nektarsiz gullar nektarli gullarga oʻxshaydi. Hasharotlar bu gullardan shira qidirib, ularni changlatadi. Hasharotxoʻr oʻsimliklar tutqich apparati oqish rangli gulga oʻxshashligi tufayli hasharotlarni jalb qiladi. Gulga qoʻngan hasharotlar qopqonga tushib qoladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil