Mingbuloq tumani

Oʻzbekistondagi tuman
(Mingbuloq (tuman)dan yoʻnaltirildi)

Mingbuloq tumani (1994-yilgacha Zadaryo tumani) — Namangan viloyatidagi tuman. Markazi Jomashoʻy shaharchasi. Ushbu tuman 1952-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Sirdaryoning chap sohilida, Markaziy Fargʻonaning qoʻriq va boʻz yerlarida. Shimolidan viloyatning Chust va Toʻraqurgʻon, Shimoli-sharqdan Namangan, shimoli-gʻarbdan Pop tumanlari, janubi-sharqdan Andijon viloyatining Ulugʻnor, janubiy va janubi-gʻarbdan Fargʻona viloyati tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,74 ming km². Aholisi 121,7 ming kishi (2023). Tumanda 1 shaharcha (Jomashoʻy), 7 qishloq fuqarolar yigʻini (Boʻston, Gulbogʻ, Goʻrtepa, Dovduq, Oltinkoʻl, Mehnatobod, Momoxon) bor. Tuman markazi Jomashuy shaharchasi.

Mingbuloq tumani
tuman
Tarkibida Namangan viloyati
Maʼmuriy markazi Jomashoʻy
Yirik shahari Jomashoʻy
Asos solingan sanasi 1994-yil 23-dekabrda
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 121,7 ming kishi (2023-yil)
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 0,74 ming km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Avtomobil raqami kodi 50
Rasmiy sayti http://mingbuloq.uz/
Xaritada
Mingbuloq tumani xaritada
40°51′48″N 71°27′35″E / 40.86333°N 71.45972°E / 40.86333; 71.45972

Tabiati

tahrir

Hududi, asosan, pasttekislik, koʻpchilik qismi qoʻriq va boʻz yerlar hamda kum barxanlaridan iborat. Iklimi quruq. Oʻrtacha temperatura iyulda 28°. Yanvarda — 3,5°. Vaqt-vaqti bilan shamol va boʻronlar boʻlib turadi. Yillik yogʻin 150–200 mm. Tuman hududidan Sirdaryo oqib oʻtadi. Qoʻqonkoʻl, Qolgandaryo, Toʻngʻizkoʻl, Tegirmonkoʻl kabi koʻllar bor. Goʻrtepa qishlogʻi yonida mineral buloq ochilgan. Yerlari och tus boʻz va shoʻrxok botqoq tuproq. Asosiy suv manbai — Sirdaryo, Oxunboboyev nomli kanal (uz. 45 km dan ortiq), bir necha suv oʻtkazish tarmoqlari va inshootlari mavjud. Yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, tol, qamish, yulgʻun, gʻoʻmay, shoʻra va boshqa oʻsadi. Hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, boʻri, quyon, ilon, kaltakesak, echkemar, yumronqoziq, koʻrsichqon, qushlardan chumchuq, musicha, qirgʻiy, zargʻaldoq, qargʻa, boyoʻgʻli va boshqa bor.

Aholisi

tahrir

Aholisining aksari qismi oʻzbeklar; rus, kirgiz, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga 123 kishi. Shaharliklar 80,1 ming kishi, qishloq aholisi 11.6 ming kishi (2002-yil)

Xoʻjaligi

tahrir

Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, bogdorchilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda Gulbogʻ paxta tozalash zavodi, 130 dan ortiq yirik, oʻrta va kichik korxona, 550 ga yaqin kichik firma mavjud (2002). Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi— paxtachilik. Mingbuloq tumanida 9 shirkat xoʻjaligi va fermerlar uyushmasi bor.Qolaversa gurtepa qishlogʻining bugungi kundagi 500dan ziyod yashikchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlari tumanimizni asosiy respublikaga namuna boʻla oladigan tadbirkorlarimizdan iboratdir.

Ijtimoiy soha

tahrir

2001/2002 oʻquv yilida 51 umumiy taʼlim maktabi, 1 qishloq va suv xoʻjaligi kolleji, 1 iqtidorli bolalar internati boʻlib, ularda 22 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi, shuningdek, 1 litsey mavjud. Madaniyat saroyi, 27 ommaviy kutubxona faoliyat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona (400 oʻrin), poliklinika, sil kasalliklari dis-panseri (125 urin), yukumli kasalliklar kasalxonasi (65 oʻrin), 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 5 qishloq vrachlik punkti, 24 feldsher-akusherlik punkta aholiga xizmat koʻrsatadi (2002). 1953-yildan „Istiqbol sari“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 5100).[1]

Tarixi

tahrir

XV asrning oxiri va XXI asrning boshlarida yashagan temuriyzoda podshoh va ajoyib o’zbek shoiri, tarixchi va geograf Zahiriddin Muhammad Bobur tumanimizning shimolidan oqib o’tuvchi Sirdaryo sohilida joylashgan Axsikent shahri to’g’risida yozib, daryoning janub tomonlarini shunday tasvirlagan: “Ovi qushi bisyor yaxshi bulur. Sayxun daryosining Axsi tarafi dashtdur. Andijon tarafi jangaldur Bug’u-maral, qirg’ovul va tovushqoni ko’p topilur, asru semiz bulur”. Bu ulug’ zotning bu joylarga qutlug’ nazari tushganligidan tashqari ov qilish maqsadida o’tib, muborak qadami ham tekkan bo’lishi mumkin. Tuman hududidagi Goʻrtepa qishlog’i eng qadimiy aholi punkti bo’lib, Namangan-Farg’ona, Qo’qon-Andijon yo’llari ustida joylashgan. Bu shaharlar orqali qo’shni Afg’oniston, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlardan o’tib keluvchi karvonlarga qo’noq vazifasini o’tagan. Oktabr davlat to’ntarilishigacha ham gurkirab, rivojlangan kichikroq shahar, shaharcha darajasiga yetgan. Bu hududning Qo’qon xonligining Namangan bekligi, oxirgi paytlarda qo’rg’oni Momoxon qishlog’ida joylashgan Toshboy mingboshi, Baland Gurtepa markazida mingboshi Abdusalim amin, Xumor amin, Fayzi aminlar orqali boshqargan. Keyinchalik 1876-yili Qo’qon xonligi Rossiya qo’shinlari tomonidan shafqatsizlarcha bosib olingach, Umumrossiya ma’muriy boshqaruv tizimi joriy qilindi. Yangi tuzilgan Farg’ona viloyati tarkibida uezdlar tashkil etildi. Hozircha Namangan viloyati hududida dastlab Namangan, Chust uezdlari tuzildi. Uezdlar esa o’z navbatida volistlarga bo’lindi. Ko’p o’tmay Namangan, Chust uezdlari birlashtirildi. Xuddi shu davrda, ya’ni 1925-yilda Namangan uezdi tarkibida Axsi-Shaxand, Olmos, Asht, Bobodarxon, Varzik, Kosonsoy, Kapa, Qirg’izqo’rg’on, Nanay, Nayskaya, Pishqo’rg’on, Tergachi, To’raqo’rg’on, Uychi, Xonobod, Chodak, CHhst, Yangiqo’rg’on valostlari bo’lgan. Faxriylarimizning xotirasicha, hududning yaqinligi, Sirdaryo orqali tutashib ketganligiga asoslanadigan bo’lsak, Gurtepa-Jomasho’y qishloqlari atrofidagi aholi punktlari toki Jiydaqishloq, Yakkatolgacha Axsi-Shaxand volosti, Gulbog’ qishlog’i atrofidagi aholi punktlari toki Tegirmon, Qo’g’aliko’lgacha Chust velosti tasarufida bo’lganligi oydinlashadi. Rossiyaning mustamlakasiga aylantirilgandan keyin boshlangan talonchilik siyosati 1971-yilgi oktabr davlat to’ntarilishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar tomonidan ham davom etildi. O’lkamiz rus shaharlaridagi sanoat korxonalarini suv tekin xomashyo bilan tahminlash manbaiga aylanib boraverdi. Serquyosh yurtda har qanday yo’l bilan paxta yetishtirishni ko’paytirib, markazga tobora ko’proq tola yetkazib berishga harakat qilindi. Shu maqsadda 1921-yilda Qo’qon gruppa tumanlarida oltita davlat xo’jaligi (sovxoz) barpo etildi. 1924-yil yanvarda Qoraqalpoq temir yo’l bekati yaqinida “Tollik Yakkatut” savxozi ham tashkil etiladi. Sovxozda moskvalik paxtachi Brikin, Buxorolik mahalliy yaxudiy Benyamindan tortib olingan yerlar, vodakachka berkitildi. Savxozning birinchi direktori Visladagi o’rmonchilik va qishloq xo’jaligi institutini bitirgan agronom Aleksandr Aleksandovich Voskresenskiy, bosh agronomi N.A.Romanenko bo’ladi. Ikkovi Andijondan parga yuradigan “Titan”, “Mogul” traktorlarini olib kelib, dastlab o’zlari boshqaradilar. Yangi yerlar o’zlashtirila boshlandi. Paxta hosildorligi ortib, yalpi hosil ko’payib boradi. 1929-yili sovxozning o’zida mo’jaz Jingauz barpo etilib, paxta chigiti ajratib olinadi. 1938-yildan jingauz mustaqil korxona sifatida faoliyat ko’rsata boshlaydi. Paxtachilik sovxozi va paxta tozalash korxonasining vujudga kelishi ishchilar tabaqasining shakllanishiga, tuman hududida ijtimoiy ongning yanada rivojlanishiga ijobiy tahsir ko’rsatganligi shubhasiz. 1926-yildan boshlab boshqaruvning okrug, tuman tuzilmasi joriy etilib, volostlar bir-biriga qo’shilgan holda tumanlar vujudga keladi. Tumanlarni ham birlashib ketishi, ajralib chiqishi, bo’linishi jarayonlari ro’y beradi. Natijada, 1936-yilda Pop, To’raqo’rg’on tumanlari vujudga keladi. Shu taxlitda tumanimiz hududi ham ikkiga bo’linib, ana shu ikkala tuman tarkibiga kirib qoladi. Xalqimiz poplik, to’raqo’rg’onliklar bilan bahamjihatlikda urush arafasi, Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi tiklanish yillarining mashaqqatlarini birgalikda boshdan kechiradilar. Respublika rahbariyati 1946-yilda Markaziy Farg’onaning ana shu cho’l mintaqasida Zardaryo kanalini rekonstruktsiya qilish, bosh inshoot qurish, yangi yerlar o’zlashtirish bilan shug’ullanuvchi 1-qurilish-montaj boshqarmasi (SMU-1)ni tashkil etadi. Boshqarma Jamasho’y qishlog’ida avval o’zi uchun mahmuriy, ishlab chiqarish binolari, turar-joylar quradi. Qishloq shaharcha qiyofasini olib, aholining turmush madaniyati osha boshlaydi. Boshqarma tuzilib, muvaffaqiyatli ishlay boshlashi cho’lda yangi tuman barpo etish uchun maddaniy va maʼnaviy asos yaratadi, cho’lni ommaviy ravishda keng miqyosda o’zlashtirish ishlari boshlab yuboriladi. Nihoyat, 1952-yil 16-aprelda O’zbekiston SSJ Oliy Soveti Prezidiumi “O’zbekiston SSJ tarkibida yangi rayonlar tuzish to’g’risida”gi №173 Farmoni bilan xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi ijroiya komitetining cho’l yerlarda markazi “Gulbog’” sovxozi bo’lgan Zardaryo rayonini tuzish haqidagi iltimosini qondirdi. Shu yili 29-mayda esa O’zbekiston SSJ Oliy Soveti Prezidenti tomonidan “Zardaryo rayoni”ning mahmuriy markazi to’g’risida” № 187 Farmoni qabul qilinib, tumanning mahmuriy markazi “Gulbog’” sovxozidan Jomasho’y qishlog’iga ko’chirildi. 173-farmonga binoan yangi Zardaryo tumaniga Pop tumanidan Nayman Yakkatut, Mehnatobod qishloq Sovetlari, “Gulbog’” sovxozi, To’raqo’rg’on tumanidan Momoxon, Gurtepa, Dovduq va Jomasho’y qishloq Sovetlari olib berildi. 1994-yil 23-dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan Zardaryo tumanining nomi Mingbuloq tumani deb o’zgartirildi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Havolalar

tahrir

1. Mingbuloq tumani tarixi[sayt ishlamaydi]