Mirkarim Osim (1907 — Toshkent — 1984) — yozuvchi va tarjimon. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1944), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1977). Dastlab eski maktabda, soʻngra „Shams ul-urfon“ boshlangʻich maktabi (1917—1920), Narimonov nomidagi taʼlim va tarbiya texnikumi (1921—1924)tahsil olgan. Moskvadagi Bubnov nomidagi pedagogika institutini tugatgan (1926—1930). Samarqandda oʻqituvchilar tayyorlash kursida dars bergan (1930). Davlat nashriyotida muharrir (1931), Toshkent pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim (1932— 49), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir (1959—1972).

„Yangi ariq“ ilk qissasi (1925) Qoʻqon xonligini ideallashtirgan asar sifatida bosilmay qolgan. Mirkarim Osim 1935—1936-yillarga kelib sheʼr yoza boshlagan. Dastlabki yirik asari — „Astrobod“ tarixiy qissasi Alisher Navoiy hayotiga bagʻishlangan. Shundan keyin u Navoiy haqida turkum qissa va hikoyalar yozgan (1937—1940). Mirkarim Osim Oʻrta Osiyo xalqlari tarixining eng qad. davridan 1917-yilga qadar kechgan vaqt ichida oʻtgan muhim tarixiy voqealarni va shu davrda yashagan oʻzbek xalqi ulugʻ siymolari hayotini aks ettiruvchi oʻnlab qissa va hikoyalar muallifi. „Toʻmaris“, „Shiroq“, „Iskandar va Spitamen“, „Temur Malik“, „Mahmud Torobiy“, „Oʻtror“ kabi qissalarida ajdodl arimizning xorijiy istilochilarga qarshi mustaqillik uchun olib borgan kurashi tasvirlangan. Mirkarim Osim oʻz asarlarida Amir Temur, Ulugʻbek, Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mashrab singari oʻzbek xalqi ulugʻ farzandlarining yorqin obrazlarini yaratib bergan. Uning „Zulmat ichra nur“, „Ajdodlar qissasi“, „Jayxun ustida bulutlar“, „Aljabrning tugilishi“, „Ibn Sino qissasi“, „Singan setor“ singari asarlari oʻzbek tarixiy qissachiligining yuksak namunalaridandir.

Mirkarim Osimning tarixiy qissa va hikoyalariga xos asosiy fazilatlar ularda tarixiy haqiqat bilan badiiy toʻqimaning oʻzaro oʻygʻunligi, tarixiy shaxs obrazining tarixiy davr fonida yaratilganligi, xalqparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalarining bu asarlar osha „Qizil ip“ oʻlaroq oʻtganligi hamda badiiy til va uslubning soddaligi, shiraliligi, oʻzbekonaligidir.

M.Sholohovning „Tinch oqar Don“ (2-kitob), S. Borodinning „Yeldirim Boyazid“ romanlari va L.G.Batning „Hayot boʻstoni“ qissasi va boshqa asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2002).

Manbalar

tahrir


Adabiyotlar

tahrir
  • Norqulov N., Sattorov M., Mirkarim Osim, Toshkent, 1977.
  • Karvon yoʻllarida, Toshkent, 1987.
  • Naim Karimov. OʻzME, Toshkent.