Mirzаrаbоt kаrvоnsаrоyi
Mirzarabot karvonsaroyi – Eski Binokat yoʻlida barpo etilgan karvonsaroy. Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani Rabot qishlogʻida joylashgan. Mirzarabot karvonsaroyi Xushkat shahridan 8 kilometr sharqda, daryo boʻyida, Shohruxiya shahriga oʻtadigan kechuvda joylashgan[1]. V. F. Karavaev tadqiqotlarida uni Sayxunobod tumanidagi Mirza-toʻqay qishlogʻida, daryodan 1-1,5 chaqirim narida bunyod etilgan deb yozadi.
Mirzаrаbоt kаrvоnsаrоyi | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Mavjud emas |
Turi | karvonsaroy, masjid |
Joylashuvi | Rabot qishlogʻi, Sayxunobod, Sirdaryo |
Egasi | Abdullaxon II |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, xom gʻisht |
XVI asrda yozilgan yozma manbalarning guvohlik berishicha, uzoqdan koʻzga tashlanib turgan. Mirzarabot karvonsaroyi 25 ta boʻlmadan tashkil topgan. Xonalari ikki qismga ajratilgan: ularning bir qismidan masjid sifatida foydalanilgan boʻlsa, qolgan xonalari esa hududdan oʻtuvchi karvonlarga xizmat qilib, mehmonxona vazifasini bajargan. XX asr boshlarida Mirzachoʻlni tadqiq qilgan rus olimi V. F. Karavayev karvonsaroy haqidagi baʼzi fikrlarni ham bildirgan. Shayboniy hukmdor Abdullaxon II mazkur binoni barpo etish maqsadida Samarqanddan Sirdaryo boʻyigacha odamlarni toʻplagan va ular gʻishtlarni qoʻlma-qoʻl bir-biriga uzatib turgan. Keyinchalik tashlandiq holatga kelib qolgan. Oʻsha paytlarda atrofi loy suvoqli devorlar boʻylab aylanasiga oʻrab chiqilgan. Buzilib ketmagan holda XIX asrgacha yetib kelgan.
1868-yilda Mirzachoʻlda rus qishloqlarini barpo etish boshlangan. Mirzarabot karvonsaroyi gʻishtlari Obetovanniy (hozirgi Sayxunobod tumani Guliston qishlogʻi oʻrnida) qishlogʻini barpo etishda, keyinchalik Eski Chinoz temiryoʻl stansiyasini qurish uchun buzib olib ketiladi[1]. Bino yaroqsiz holga kelgani uchun Turkiston general-gubernatori uni butunlay buzib tashlashni buyurgan[2]. 1882-yilda rus olimi V. V. Krestovskiy oʻz asarlarida binoning yaroqsiz holga kelib qolgani, undan faqat tuproq uyumlari qolganini yozib qoldirgan[3].