Moʻynoq tumani
Moʻynoq tumani – Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimolidagi tuman. 1931-yil 19-sentabrda tashkil etilgan. Amudaryo deltasi, Orol dengizining janubidagi hududlarni egallaydi. Qoraoʻzak, Chimboy, Boʻzatov tumanlari, Qozogʻiston Respublikasining Oqtoʻba, Qiziloʻrda viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 37,94 ming km². Aholisi 28,8 ming kishi (2003). Tumanda 5 ovul fuqarolari yigʻini (Boʻzatov, Madali, Tikoʻzak, Uchsoy, Qozoqdaryo), 1 shahar (Moʻynoq) bor. Markazi – Moʻynoq shahri Tabiati. Tuman hududining aksari qismi Orol dengizining qurigan tubi (Orolqum) va Amudaryo deltasidagi koʻllardan iborat. Tumanning xoʻjalik va madaniy markazi – Moʻynoq shahri Keyingi yillarda deltadagi ilgari suv bosib yotgan ayrim yerlar oʻzlashtirilib, ekinlar ekilmoqda. Qurilish materiallaridan tosh, qum, gil bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —7,4°, iyulniki esa 26,3°. Vegetatsiya davri 213 kun. Yillik oʻrtacha yogʻin 105 mm, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Tumanda Sudochye, Kavsir, Zokirkoʻl, Sarikoʻl, Shegekda va bir qancha mayda koʻllar bor. Amudaryoning Orolga quyilish qismi ham shu tuman hududida. Tuproqlari botqoq-oʻtloqi, allyuvial qayir tuprogʻi. 148,3 ming ga yer oʻtloq va yaylov (asosan, qamishzor). Yovvoyi oʻsimliklardan qamish, qoʻgʻa, chiy, turangʻil, terak, jiyda, yulgʻun, bugʻdoyiq, yantoq va boshqa oʻsadi. Moʻynoq tumani Oʻzbekistondagi hayvonot dunyosiga boy tumanlardan. Baliqning 30 dan ortiq turi bor (zogʻorabaliq, oqmarqa, choʻrtan, laqqa, taran, olabuga, sudak, toʻrta, burge, baqra, pilmay, amur baligʻi, yalpoqburun, chavoq, ilonbosh va boshqalar) Ondatra ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Qushlarning 80 dan ziyod turi (oʻrdak, gʻoz, qirgʻovul, oqqushlar, birqozon, qoʻton, qoravoy, chagʻalay, churalay va boshqalar), sut emizuvchilardan qobon, boʻri, chiyaboʻri, boʻrsiq, quyonlar bor.
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Qoraqalpogʻiston |
Maʼmuriy markazi | Moʻynoq |
Asos solingan sanasi | 1930 |
Hokim | Baxtiyar Menglibekov [1] |
Rasmiy tillar | qoraqalpoq |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
43°46′0″N 59°2′0″E / 43.76667°N 59.03333°E |
Aholisi koʻp millatli. Qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, rus, ukrain, tatar, koreys va boshqa millat vakillari yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 1 kishidan koʻproq.
Xoʻjaligi. Tumanda baliqchilik va chorvachilik xoʻjaliklari mavjud. Sanoat korxonalari Amudaryo deltasidagi Moʻynoq, Uchsoy, Qozoqdaryo, Poʻrlitov, qisman Qoʻngʻirotda joylashgan. Umumiy ekin maydoni 1323 ga. Shundan 938 ga gʻalla (asosan, bugʻdoy, sholi), 80 ga kartoshka, sabzavot va poliz, 305 ga maydoni yem-xashak ekinlari bilan band (2003). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 9,6 ming qoramol, 750 ga yaqin ot bor (2003). Parrandachilik (ondatra, tulki, suvsar) bilan ham shugʻullaniladi. Tumanning asosiy transporta suv transportidir. Havo va avtomobil transportidan foydalaniladi. Qoʻngʻirot – Beynov temir yoʻl tumanni Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi bilan bogʻlaydi. Tumandagi 13 dan ziyod umumiy taʼlim maktabida 5770 oʻquvchi taʼlim oladi, Moʻynoq sanoat transport kasb-hunar kolleji (507 oʻquvchi), Moʻynoq biznes maktabi (145 oʻquvchi) faoliyat koʻrsatadi (2003). 40 ga yaqin kutubxona, 20 ga yaqin klub bor. 20 dan ziyod tibbiy muassasada 40 vrach ishlamoqda.[2]
Moʻynoq tumani – Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimolida joylashgan maʼmuriy birligi. Shimolida Orol dengizi joylashgan.
Aholisi
tahrirAholisi – 26 941 kishi (2007).
Iqlimi
tahrirIqlimi kontinental, qishi sovuq, yozi issiq boʻladi.
-
Kemalar qabristoni
-
Sobiq dengiz sohilida oʻrnatilgan yodgorlik
-
Qadim artefakti: baliqchi bilan plakat
Manbalar
tahrir- ↑ Мойнақ районы ҳәкимлиги
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrir- Orol dengizi ekologik halokati markazida (Wayback Machine saytida 17-iyun 2009-yil sanasida arxivlangan) (Moʻynoq shahri haqida maqola)
- Moʻynoq shahri atroflari topografik xaritasi[sayt ishlamaydi]
- Qoraqalpogʻiston norasmiy sayti (Wayback Machine saytida 30-sentabr 2017-yil sanasida arxivlangan)
- Kemalar qabristoni (Wayback Machine saytida 2012-06-11 sanasida arxivlangan) (Moʻynoq tevarak-atroflari fotoalbomi, 2010-yil, aprel)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |