Moshxoʻrda

Moshdan tayyorlanadigan suyuq taom

Moshxoʻrda — guruch va mosh solib tayyorlanadigan suyuq taom[1].

Etimologiyasi

tahrir

Bu ot ,,dukkakli o‘simlikning yumaloq, to‘q yashil rangli doni” ma’nosini anglatadigan tojikcha mosh oti bilan ,,yeb-ich” ma’nosini anglatadigan xo‘rdan fe’lining xo‘rd o‘tgan zamon ravishdoshi shaklidan o‘zbek tilida tuzilgan bo‘lib, “mosh bilan guruchdan tayyorlanadigan suyuq ovqat” ma’nosini anglatadi[2].

Turlari

tahrir

Masallig‘i va tayyorlash usuliga ko‘ra qiymali moshxo‘rda, go‘shtli jazlama moshxo‘rda, po‘stdumbali moshxo‘rda kabi turlari bor[1].

Tayyorlanishi

tahrir

Qiymali qaynatma moshxo‘rda tayyorlash uchun sovuq suvda 4-5 marta tozalab yuvilgan moshni sovuq suvli idishga solib o‘rtacha olovda qaynatiladi. Mosh ochilgach, yuvilgan guruch, halqa-halqa qilib to‘g‘ralgan piyoz, mayda kubik 0,5X0,5X0,5 sm shaklida to‘g‘ralgan sabzi va dumbayog‘i, katta kubik (2X2X2 sm) qilib to‘g‘ralgan kartoshka, (qishda sholg‘om) hamda pomidor solinadi. Yog‘liroq go‘shtdan qiyma tayyorlab, tengma-teng piyoz qo‘shib, tuxum chaqib, tuzini rostlab, mijilganidan so‘ng yong‘oq kattaligida dumalatib sharchalar yasaladi va qaynab turgan joyga bitta-ikkitadan solib, sust olov berib to yog‘i chiqquncha qaynatiladi. Moshi batamom pishganda tuzini rostlanadi. Tayyor taomni dasturxonga tortishda kosalarga quyib, 1 osh qoshiqda qatiq va 1 chimdim chopilgan yo qirqilgan oshko‘k (kashnich, ukrop, rayhon, yalpizdan mavsumga qarab bir xilini olib) sepib keltiriladi.

Po‘stdumbali moshxo‘rda

tahrir

Moshxo‘rdaning asosan qishda va yilning sovuq kunlari tayyorlanadigan turini tayyorlashda po‘stdumba bo‘lmasa, tuzlab qo‘yilgan dumba yog‘i solinadi. Qatiq qo‘shib dasturxonga tortilsa, seryog‘ligi bilinmay iste’mol etiladi va a’zolar kerakli kaloriyani oladi. O‘tmishda ushbu taom uchun dumba yog‘i yoki po‘stdumbani maxsus tuzlab, sur qilib olib qo‘yilgan.  Buning uchun po‘stdumbaning yog‘li tomoniga ko‘p tuz sepib o‘rab olib qo‘yilgan. Dumba yog‘ini eni o‘z kattaligida, qalinligini esa 2 sm qilib, tuz sepib o‘rab salqin joyda saqlangan. Taom tayyorlashda undan kerakligini kesib olib, iliq suvda yaxshilab yuvib maydalab to‘g‘raladi. Sovuq suvli idishga terib, yuvib tozalangan moshni solib qaynatiladi, ochilgach, po‘stdumba yoki yog‘ni solib 1 soatcha miltiratib qaynatiladi. Taomga halqa-halqa qilib to‘g‘ralgan piyoz, mayda kubik qilib to‘g‘ralgan sabzi, katta kubik shaklida to‘g‘ralgan sholg‘om solinadi. Sabzavotlar chala pishganda yuvilgan guruchni solib, pishirish oxiriga yetkaziladi va tuzi rostlanadi.

Jazlama moshxo‘rda

tahrir

Moshxo‘rdaning bu turini tayyorlash uchun qo‘y yog‘ini mayda to‘g‘rab eritiladi, jizzasini olib qo‘yib, yaxshi dog‘langanidan so‘ng piyoz solib qovuriladi, biroz qizarishi bilanoq mayda to‘g‘ralgan go‘shtni solib piyoz bilan birga qovuriladi. Bunga mayda kubik qilib to‘g‘ralgan sabzi, o‘rta kubik shaklida to‘g‘ ralgan sholg‘ om va kartoshkani katta kubik, usulida to‘g‘ rab, suvga solib olib qo‘yiladi. Qozonga suv quyiladi, hali u qaynab chiqmasdan moshni 3-4 marta yaxshilab yuvib, solinadi. Olovni pastlatib asta qaynatiladi va mosh ochilganda yuvilgan guruchni va to‘g‘ralgan sabzavotlarni solib pishiriladi. Mosh to‘la pishib ezilganidagina taomga tuz solinadi, so‘ng ta’bga ko‘ra ziravorlar va olib qo‘yilgan jizzani qo‘shiladi. Dasturxonga tortishdan avval 10 daqiqacha dam berib, so‘ngra kosalarga quyib, yuziga bir qoshiqdan qatiq yoki iylangan suzma, qirqilgan yalpiz (rayhon, kashnich, ukrop, ko‘k piyoz) solinadi.

Shifobaxshligi

tahrir

Qadimgi tabiblar bu taomni asablarga orom beruvchi, ko‘zni ravshan qiluvchi, safroni kamaytiruvchi, yaxshigina terlatib isitmani sovutuvchi parhez sifatida qo‘llaganlar.

Moshning asli vatani Hindiston bo‘lib, Osiyoda va Afrikada keng tarqalgan, biroq Amerika va Yevropa qit’alarida mutlaqo ekilmaydi. Bu joylarda uni ,,Osiyoning jigarrang tusdagi mayda no‘xatchalari” deb atashadi yoki ba’zan ,,Sariq loviya” deb ham yuritishadi. Dukkakdoshlar oilasidan, doni ikki pallali katta-kichikligi murch doniday keladi, biroq shakli yumaloq –  silindrsimon, 1000 donasi 30 dan 80 grammgacha keladi. Rangi turlicha bo‘lishi mumkin: jigarrang, to‘q yashil yoki qo‘ng‘ir. Eng yaxshisi to‘q yashil tusdagisi bo‘lib pishishi oson, mazasi ham yaxshi va o‘ziga xos hidi ham bo‘ladi. Mosh qancha uzoq saqlansa, shuncha rangi o‘zgarib qo‘ng‘ir bo‘lib boradi, qattiq bo‘lib qoladi, pishishi qiyinlashib, mazasi ham qirqiladi. Shu sababli moshni bir yildan ortiq saqlab bo‘lmaydi, qancha tez ishlatib yuborilsa, shuncha yaxshi va foydalidir. Shuni ham alohida qayd qilib o‘tish kerakki, xalq tabobatida moshli ovqat ko‘proq yoz faslida, kunduz kuni iste’mol etilgani ma’qul, deyiladi, qishda va kechqurun yeyilgani qiyin hazmlanadi hamda jig‘ildonni qaynatadi. Moshning tarkibida 45-50 foizgacha kraxmal, 25 dan 30 foizgacha oqsil moddasi bo‘lib, u go‘shtdan qolishmaydi. Shu sababli moshli taomlar juda lazzatli va to‘qtutar bo‘ladi. Moshda yana 2-4 foizgacha yog‘  moddasi, turli ma’dan tuzlar hamda ba’zi darmon-dorilar mavjuddir. Mosh to‘g‘risida Abu Ali ibn Sinoning quyidagi fikrlari biz uchun g‘oyat qimmatlidir: ,,Mosh. Javhari yirik loviyaga yaqindir. Uni iste’mol qilish uchun eng yaxshi payt yoz paytidir.  Namligi va quruqligi mo‘tadil. Po‘sti ajratilgan mosh mo‘tadil, po‘sti ajratilmagani quruqlikka moyildir”.

XVIII asrda yashagan tabib Sayid Muhammad Hasrat o‘zining ,,Husayn tuhfasi” nomli tabobatga oid she’riy risolasida mosh to‘g‘risida bunday yozadi:

Xilti yaxshi, kuchli yeli bor biroq,

Baqla kabi qazmi emas kiyinroq.

Uzum suvi bilan qo‘shilgani dam,

Shishga foyda qilsa ajabmas, ukam.

Semirtirar undan yeganda kishi,

Tani kuchga to‘lib, ketar tashvishi[3].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tiliing etimologik lug‘ ati. 3-jild, Toshkent, 2009 — 142-bet. 
  3. Mahmudov K. O‘zbek tansiq taomlari, 1989.