Muhammad Zohid
Hoja Muhammad Mavlonoiy Zohid — XV- XVI asrlarda yashab oʻtgan[1] (1460—1530) oʻz davrining yetuk olimi, tasavvuf tariqatining fidoiysi, alloma va avliyo. „Tajvizi turki“ (Turkiy qiroat qoidalari) kitobi muallifi. Bu kitobda Qur’oni karimning qiroati, talaffuzi va imlo qoidalari yoritilgan. Muhammad Zohid nomlari Muhammad alayhissalom sunnatlarini qayta tiriltirishda salmoqli hissa qoʻshgan naqshbandiya tariqati pirlarining „silsilai sharif“ida Ubaydulloh Ahrordan keyin yigirmanchi oʻrinda qayd etilgan[2].
Avliyo | |
---|---|
Ism |
Muhammad Zohid |
Tavalludi |
1460-yil |
Vafoti |
1530-yil |
Falsafa maktabi |
|
Asosiy qiziqishlari |
Islom tariqati |
Tavalludi
tahrirHazrat Mavlono Muhammad Zohid Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanining Vaxshivor mavzeyida, tahminan 1460-yilda tavallud topgan. Uning shajarasi Mirzo Ulugʻbek zamonida Samarqand madrasasida mudarris sifatida faoliyat yuritgan Hoja Muhammad Balhiyga borib taqaladi[3]. U kishi falakiyot va riyoziyot ilmlaridan ham habardor boʻlgan. Mirzo Ulugʻbekning sodiq zamondoshlaridan boʻlgan Balhiy taxtni boshqa hukmdor egallaganidan soʻng boshqa olimlar qatori Samarqandni tark etgan va Chagʻoniyonga koʻchib borgan. Muhammad Zohid Muhammad Balhiyning nevarasi hisoblanib, Hoja Muhammad Balhiyning farzandi Hoja Muhammad Ibrohim, uning oʻgli esa Hoja Muhammad Zohid boʻlgan. Sadriddin Salim Buxoriyda yozilishicha, Hoja Muhammad Zohid Yaʼqub Charxiy singlisining oʻgli boʻlgan. Yaqub Charxiy ham naqshbandiya tariqati pirlarining „Silsilai sharif“i da oʻn sakkizinchi oʻrinda turgan va Hoja Alouddin Attorning buyrugʻiga koʻra oʻsha vaqtda Chagʻoniyon deb atalgan yurtga kelgan. Ancha yil bu yerda yashagan va faoliyat olib borgan. Shunday ekan, Muhammad Zohidning nasabi har ikki tomondan ham mashhur sulolalarga bogʻlangan[4].
Hayoti
tahrirMuhammad Zohid bolaligidan togʻasi Mavlono Yaʼqub Charxiy halifa(shogird) lari bilan doimiy suhbatda boʻlgan. Yoshligidan diniy va dunyoviy ilmlarni egallab, tariqatga amal qilgan. Zuhdu taqvoda zamonasida unga yetadigan kishi boʻlmagan. Hayotining bir necha yillarini uzlatda oʻtkazib, oʻz nafsini riyozotlar bilan jilovlash va dunyoviy ushlardan uzoq boʻlish bilan shugʻullangan.
Keyinchalik, gʻaybiy ishora bilan oʻsha davrda qutbi zamon deb ulugʻlangan Hazrat Hoja Ahror huzuriga yoʻlga chiqqan. Uning kelayotganini eshitgan Hoja Ahror Valiy ham otga minib, Hoja Muhammad Zohidni kutib olishga chiqqan. Bir-birlari bilan yuzma-yuz kelganlarida bir daraxt soyasida oʻtirishadi va Hoja Muhammad Zohid ulugʻ piri murshid hisoblangan Hoja Ahrorga murid boʻlgan va Hoja Ahrordan tariqat sirlaridan dars oladi. Hoja Ahror tufayli ham ulugʻ daraja va maqomga erishganligi haqida rivoyatlar mavjud.
„Tuhfat az-zoirin“dagi rivoyatlarda yozilishicha, ular ilk bor uchrashgan kun Xoja Ahror sukr holatida (yaʼni Allohning ishqidan mast) turib qoladi va asr namozi qazo boʻla boshlaydi. U oʻz holiga kelib qarasa koʻkdagi quyosh botayotgan vaqt edi. Shunda Hazrat Xoja Ahror quyoshga: „Ey, quyosh, botmay tur!“- deb hitob qiladi. Ular asr namozini oʻqib olgunlaricha quyosh osmonda porlab turadi. Namozdan soʻng quyosh zudlik bilan botib, olamni qorongʻulik chulgʻaydi[5].
Hazrat Muhammad Zohid ustozi Xoja Ahrorning quyidagi oʻgitlariga har doim amal qilgan: „Xudoyi taoloning haqqini saqlagʻil, to Haq taolo sani oʻz hifzu himoyatida saqlagʻay. Va osonlik va xursandlik vaqtida oʻzingni Alloh taologa oshno qil, to qattigʻlik va dushvorlik chogʻida sanga dastgirlik qilgʻay va har vaqteki, bir hojating tushsa, Alloh taolo dargohida yigʻlagil va yorimandlik (koʻmak)ni andin oʻzgadin tilama va yaqin bilgilki, agar hama xalq xohlasalarki, bir manfaatekim sanga taqdir boʻlmabdur, sanga yetkuramen, desalar, yetkurolmaslar. Va agar xohlasalarkim bir zarareki peshonangga bitilmabdur, sanga yopushtirsalar, yopushtira olmaslar“[4].
Ijodi
tahrirMavlonoiy Zohid hayoti davomida koʻplab ilmiy asarlar yaratgan, lekin ulardan bizgacha yetib kelgani faqat bitta — „Tajvizi turki“ asari hisoblanadi. Ushbu asar Qur’oni Karimni oʻqish qoidalari, turkiy tilda oʻqish, talaffuz qilish va imlosi qoidalari haqida boʻib, arab alifbosidagi 29 ta harfning talaffuz qoidalari ham unda koʻrsatilgan[3].
Shogirdlari
tahrirHoja Ahror vafot etgandan soʻng uning bir qancha shogirdlari tarbiyasi bilan Muhammad Zohir shugʻullangan. Uning shogirdlaridan biri Hazrat Muhammad Darvesh ham zohiriy, ham botiniy bilimlarni chuqur egallaydi va Muhammad Zohiddan tariqat ilmini ham qisqa muddatda oʻrganib avliyo va tarbiyachi ustoz boʻlib yetishadi. U naqshbandiya tariqati pirlarining yigirma birinchi halqasidan joy olgan va piri murshid sifatida Gʻarb-u Sharqqa tanilgan[6].
Vafoti
tahrirMuhammad Zohid Vaxshivor mavzeida 1530-yil vafot etgan va Vaxshivorda dafn qilingan[7].
Xotirasi
tahrir- Muhammad Zohidga atab bir qancha risolalar, asarlar chop etilgan va ziyoratgohlar tashkil qilingan boʻlib, dastlab 2001-yilda "Gʻafur Gʻulom" nashriyoti tomonidan „Surxondaryoning tabarruk ziyoratgohlari“ risolasi yaratilgan.
- Undan tashqari Sadriddin Salim Buxoriyning 2011-yilda chop etilgan „Hikmatdir dunyo“ kitobida Muhammad Zohid haqida batavsil fikrlar bildirilgan.
- Oltinsoy tumanining kichik Vaxshivor qishlogʻida Hoja Mavlono Muhammad Zohid ziyoratgohi tashkil qilingan[6].
Manbalar
tahrir- ↑ „Mavlono Muhammad Zohid“ (2019-2023). 2023-yil 22-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 22-avgust.
- ↑ "Surxondaryoning Tabarruk ziyoratgohlari". 2001."Gʻafur Gʻulom" nashriyoti
- ↑ 3,0 3,1 „Hoja Mavloniy Zohid maqbarasi“ (2018-2023).
- ↑ 4,0 4,1 Sadriddin Salim Buxoriy. "Hikmatdir dunyo". Saylanma. Toshkent. "Gʻafur Gʻulom" nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011-yil, 348-bet
- ↑ Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291-bet.
- ↑ 6,0 6,1 Abdulla Xolmirzayev. Termizdan nur, Qaraldi:2023-yil, 77-bet, "San'at" jurnali nashriyoti, 2015.
- ↑ Yoʻldoshev N. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1993 — 143-bet.