Muhiddin Karimovich Rahimov (1903.12.8 — Toshkent 1985.3.10) — kulol, sanʼatshunos. Oʻzbekiston xalq rassomi (1944). Turkiston respublikasi Xalq xoʻjaligi kengashi qoshidagi (Toshkent) badiiy hunarmandlik maktabi (1918—1920), Moskva silikatlar instituti (1924—1926), Leningrad keramika instituti (1927—1929)da oʻqigan. Sanʼatshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim (1965—1971), Toshkent badiiy sanoat oʻquv ishlab chiqarish kombinati (1935—1950), Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (1958— 61) va Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1952—1976)da dars bergan. R. ijodida anʼanaviy oʻzbek kulolligi bilan zamonaviy keramika anʼanalari uygʻunlashgan. Ijodining dastlabki davrida yaratgan buyumlarida yorqin zamindagi koʻk, yashil, sariq gullar jilosi ajoyib mujassamot hosil qiladi. Urta asrlar kulolligini yaxshi oʻrgangan R. anʼanaviy (lagan, guldon) va yangi shaklli bezak idishlar, portretli sovgʻa buyumlar yaratdi, ularning bezagida oʻsimliksimon naqshlar bilan bir qatorda syujetli, hayvon shakllari va yozuvli tasvirlardan mohirona foydalandi. Keramika materiali va boʻyoqdarini oʻrganish yoʻlidagi izlanishlari samarasi sifatida bir qator asarlar maydonga keldi (Mas, „Oʻzbekistonning badiiy keramikasi“, rus tilida, 1961 va boshqalar). R. yaratgan sopol buyumlar respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1977).

R. yashagan uyda „M. Rahimov nomidagi kulollik muzeyi“ ochilgan (1994).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil