Munosabat (falsafada) — muayyan tizimdagi elementlarning joylanish xarakteri va ularning oʻzaro bogʻliqligini ifodalovchi falsafiy tushuncha; biror narsa yoki hodisaga nisbatan shaxs mavqeyining ifodasi; turli obyektlarni yoki biror obyektning turli tomonlarini fikran taqqoslash.

Munosabatlar tegishli elementlardan turli darajadagi murakkab tizimlarni keltirib chiqaradi. Masalan, har qanday qonun narsalar, hodisalar oʻrtasidagi muhim munosabat hisoblanadi va aksincha, ayni bir narsa boshqa narsalar bilan turli munosabatda boʻlishi mumkin. Bu esa u yoki bu narsaning koʻp xossaga ega ekanligini bildiradi. Har qanday narsani uni tashkil etuvchi elementlarning oʻzaro nisbati deb qarash mumkin. Bu nisbatning oʻzgarishi bilan narsalar ham oʻzgaradi. Jamiyatda kishilarning faoliyati jarayonida yuzaga kelgan oʻzaro munosabatlar ijtimoiy munosabatlar sanaladi.

Mantiqda munosabat tabiiy tillardagi birdan ortiq egasi (yoxud bir ega yoki bir necha toʻldiruvchisi) boʻlgan gaplar kesimi bilan ifoda qilinadi. Gap egalari (ega va toʻldiruvchilar)ning soniga qarab binar (2 oʻrinli, 2 boʻlakli), ternar (3 oʻrinli, 3 boʻlakli) va umuman, p—ar (p — oʻrinli, p — boʻlakli) M.lar boʻladi. Bu turdagi munosabatlarni munosabatlar mantiqi oʻrganadi. Matematik mantiqning formallashtirilgan tillarida munosabat tushunchasi oʻrnida predikat tushunchasi qoʻllanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil