Munshaot

Sharq sheʼriyatidagi janrlardan biri

Munshaot (arab.—insho etilganlar, yaʼni yozilganlar, bitilganlar) — Sharq sheʼriyatidagi janrlardan biri, muallifning nazmda yoki nasrda yozilgan maktublar toʻplami. Bunday toʻplamlar bir yoki bir necha muallif kalamiga mansub xatlar yigʻindisidan iborat boʻlgan. Maktublar shunchaki bitilgan xatlar boʻlmay, badiiyatning oʻziga xos turi — insho sanʼati sifatida yuzaga kelgan, chuqur mazmunga va goʻzal badiiy ifodaga ega boʻlgan. Baʼzi maktublar yuksak sanʼat bilan oʻta jimjimador yozilgan. Asosan arab va fors tillarida yaratilgan. Oʻzbek adabiyoti tarixida M.ning shakllanishi va rivojlanishi Alisher Navoiy ijodi bilan bogʻliq. Navoiy "Munshaot" asarining muqaddimasida forscha maktublar shakllangan yuksak uslubga ega ekanini, turkiy xalqlarda bu uslubda hali hech ish qilinmaganini va oʻzi M.ga birinchi boʻlib koʻl urganini qayd qilgan. Navoiyning ushbu asaridagi mak-tublarning aksariyati sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlari boʻlmish shahzodalarga yozilgan. Ularda Navoiy maktub egalariga davlatni idora etish, hukumat ishlarini bajarishga doir oʻzining qimmatli maslahat va takliflarini bayon etadi, adolat va hushyorlikka chorlaydi. M. baʼzan "ruqʼaot", "maktubot" deb ham yuritilgan. M.larning talaygina qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Ularning baʼzilari, mas, "Munshaoti Mirzo Sodiq" (inv. № 302—1, 4423— II), "Munshaoti Yusufiy" (inv № 5046—III) mualliflarning oʻzlari tomonidan, baʼzilari esa kotiblar tomonidan tartibga keltirib koʻchirilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil