Mutlaq huquq — intellektual mulk obʼyektiga nisbatan uning egasiga tegishli boʻlgan mulkiy huquqlar majmui. Mutlaq huquq egasi intellektual mulk obʼyektidan oʻz xohishiga koʻra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanishga haqli. Ushbu obʼyektdan boshqa shaxslarning foydalanishiga huquq egasining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga toʻliq yoki qisman oʻtkazishga, intellektual mulk obʼyektidan boshqa shaxsning foydalanishiga ruxsat berishga va qonun doirasida uni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli. Mutlaq huquq sanoat mulki obʼyektlari, seleksiya yutuqlari boʻyicha patent orqali tovar belgilariga, xizmat koʻrsatish belgilari boʻyicha guvoh-noma orqali, firma nomiga nisbatan dalolatnoma orqali rasmiylashtiriladi. Mualliflik va turdosh huquq obʼyektlari, kompyuter dasturlariga nisbatan esa Mutlaq huquqlar muallifga (ish beruvchiga yoxud buyurtmachiga) asar yaratilishi fakti asosida tegishli boʻladi. Mutlaq huquqlarning amal qilish muddati qonunlarda belgilab qoʻyiladi (mas, ixtiroga nisbatan patent 20 yil, badiiy asarga nisbatan muallifning butun hayoti va uning vafotidan keyin 50 yil davomida amal qiladi va hokazo). Mutlaq huquq universal vorislik (mas, meros tartibida) yoki shartnoma asosida boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin. Mutlaq huquq bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1034—1040moddalarida belgilab qoʻyilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil