Naim Saidov
Naim Saidov (1902, Qoʻqon - 1939.2.6, Toshkent) - jurnalist va tarjimon. Qoʻqondagi Madrasa, "yangi usul" va "Namuna" maktablarida tahsil koʻrgach, Moskvaga borib, dastlab ishchilar fakulteti (1923—24), soʻngra davlat jurnalistika instituti (1925—28)da oʻqigan: Toshkentga qaytgach, "Qizil Oʻzbekiston" (1928—30) gaz. muharriri oʻrinbosari, soʻng "Yangi Fargʻona" gaz. masʼul muharriri (Koʻqon, 1930—31), Oʻzdavnashr bosh muharriri (1931 — 33) bulib ishlagan. N.S. tarjimonlik faoliyatida oʻzbek tiliga ruscha soʻz va atamalarni olib kirish va oʻzbek tilining shu asosda ruslashtirilishiga qarshi ona tilining sofligi uchun kurashgan. Ayni paytda u arab yozuvidan lotin yozuviga oʻtish jarayonida xalq ommasi savodsiz boʻlib qolmasligi uchun "Kattalar uchun alifbo", "Savodsizlar uchun alifbo", "Chala savodlilar uchun alifbo", "Koʻrlar uchun alifbo" (1929—30), "Savodsizlar uchun oʻqish kitobi" (1936) singari oʻquv qoʻllanmalarini yaratgan. 20—30-yillar oʻzbek matbuotida faol ishtirok etgan. N.S. "Milliy ittihod" tashkilotiga aʼzo boʻlganlik va yoshlar oʻrtasida millatchilik kayfiyatini tarqatganlikda ayblanib hibsga olingan (1938.30.1) va qamoqxonada vafot etgan.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |