Giyohvandlik vositalari

(Narkotik moddadan yoʻnaltirildi)

Giyohvandlik vositalari — maxsus roʻyxatga kiritilgan va davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlikni keltirib chiqaruvchi sintetik vosita (preparat) lar va oʻsimliklar[1]. Giyohvandlik vositalari roʻyxati BMTning 1988-yilgi „Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash toʻgʻrisida“gi konvensiyasida, shuningdek, giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining qaroriga (1995-yil 1-aprel) 1-sonli ilovada berilgan. Giyohvandlik vositalarilar sirasiga marixuana, nasha, kannabis smolasi, nasha moyi, qoradori, morfin, geroin, kodein, efedron, kokain va boshqalar kiradi.

Geroin

Oʻzbeksitonda

tahrir

Giyohvandlik vositalaridan tibbiy maqsadlarda foydalanilganda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibga qatʼiy rioya etilishi kerak. Giyohvandlik vositalari bilan erkin muomala qilish taqiqlangan. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustdagi „Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida“gi qonuniga binoan, ularni veterinariya, ilmiy va oʻquv maqsadlarida, ekspertlik faoliyatida, jismoniy shaxslarga berish va boshqa maqsadlarda muomalada boʻlish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlamay, oz miqdorda, gʻayriqonuniy tarzda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan (OʻzR MJK, 56-modda). Oʻzbekiston Respublikasi JKda tarkibida giyohvandlik vositalari boʻlgan ekinlarni ekish yoki yetishtirish (270-modda), qonunga xilof ravishda egallash (271-modda), oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlash, olish, saqlash, tashish, joʻnatish (273-modda), giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga jalb etish (274-modda), ularni ishlab chiqarish yoki foydalanish qoidalarini buzish (275-modda), oʻtkazish maqsadini koʻzlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar (276-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. „Giyohvandlik vositasi boʻlgan oʻsimliklarni ekish“, deyilganda ularning urugʻini maxsus tayyorlangan yerga sepish yoki koʻchatini oʻtqazish tushuniladi va shu harakatlarning oʻzi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishga asos boʻladi. „Giyohvandlik vositasi boʻlgan oʻsimliklarni yetishtirish“, deyilganda har qanday yerda ekilgan yoki oʻzi unib chiqib, oʻsib yotgan shunday oʻsimliklarni parvarish qilish (sugʻorish, chopish, oʻgʻit berish va hokazo) tushuniladi. „Giyohvandlik vositalarini konunga xilof ravishda egallash“, deyilganda ularni oʻgʻrilik, firibgarlik, oʻzlashtirish, talonchilik, mansabni suiisteʼmol etish, tovlamachilik, bosqinchilik kabi yoʻllar bilan egallash tushuniladi. Giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlagan, olgan, saqlagan, tashigan shaxs, agar shunday harakatni birinchi marta sodir etgan boʻlsa va ular miqsori koʻp boʻlmasa, oʻz ixtiyori bilan aybini boʻyniga olib kelib, giyohvandlik vositalarini topshirsa, jazodan ozod qilinadi (273-modda). Giyohvandlik vositalarining konunga xilof ravishda muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻygan yuridik shaxs sudning karoriga binoan tugatilishi mumkin.

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.