Neustoyka (rus.) — fuqarolik huquqida majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usullaridan biri; qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi. Oʻzbekiston Respublikasining FK boʻyicha, N. toʻlash haqidagi talab yuzasidan kreditor oʻziga yetkazilgan zararni isbotlashga majbur emas. N. bilan faqat haqiqiy talab taʼminlanadi. Agar qarzdor majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmasa, kreditor N. toʻlashni talab qilishga haqli emas.

Neustoyka jarima yoki penya shaklida boʻladi. Qarzdor majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda to‘laydigan va, qoida tariqasida, qat’iy pul summasida hisoblanadigan neustoyka jarima hisoblanadi. Qarzdor majburiyatlarning bajarilishini kechiktirib yuborganida to‘laydigan va o‘tkazib yuborilgan muddatning har bir kuni uchun majburiyatning bajarilmagan qismiga nisbatan foiz bilan hisoblanadigan neustoyka penya hisoblanadi.

N. toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi. N. toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qatʼi nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli. Qonuniy N.ning miqdori, agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan koʻpaytirilishi mumkin.

Manbalar

tahrir

• O'zRes Fuqarolik Kodeksi https://lex.uz/docs/-111189#-154438:~:text=572/3943%2Dson)-,1%2D%C2%A7.%20Neustoyka,-260%2Dmodda.%20Neustoyka