Nevralgiya (qadimgi yunoncha: νεῦρον – „nerv“ + ἄλγος – „ogʻriq“) – sezuvchi nerv tolalarining zararlanishi hisoblanadi. Nerv tolalari boʻylab tarqaladigan kuchli ogʻriq; nerv vaqti-vaqti bilan sanchib, zirqirab yoki tortishib ogʻriydi. Uch shoxli nerv, quymich nervi, qovur-gʻalararo nerv nevralgiyasi koʻproq uchraydi. Uchlik nerv shamollaganida yuz, koʻz va tishlarda kuchli ogʻriq boʻladi. Infeksion kasalliklar, intoksikatsiya, shikastlanishlar, moddalar almashinuvining buzilishi, ateroskleroz, organizmning sovuq qotishi, kasbga aloqador zararlar sabab boʻladi. Nevralgiya qaysi soha nervida boʻlsa, oʻsha soha nervining poyasi, qobigʻi taʼsirlanadi, nerv poyasi shishadi, atrofidagi muskullar tortishadi (Masalan, uch shoxli nerv nevralgiyasida yuz muskullari tortishishi), baʼzan nervda struktur oʻzgarishlar kuzatiladi.

Nevralgiya xurujida ogʻriyotgan joyda teri oqarishi yoki qizarishi, terlash, koʻz yoshlanishi yoki soʻlak oqishi, baʼzan toshmalar paydo boʻlishi mumkin.

Davo nevralgiyaning kelib chiqish sababiga bogʻliq. Ogʻriq qoldiruvchi, yalligʻlanishiga qarshi, umumiy quvvatga kirgizuvchi dorilar, fizioterapiya, sanatoriy va kurortlarda davolanish buyuriladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil