Nikolay Andreyevich Yanishevskiy (1891.14.8, Ukraina, Vinnitsa viloyati — 1966.12.10, Moskva) — muhandisgidrotexnik, texnika fanlari doktori (1938), professor (1933), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1940), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator (1950). Petrovsk qishloq xoʻjaligi akademiyasi muhandislik fakultetini tugatgan (1919). 1924-yilgacha RSFSR Yer ishlari xalq komissariati qishloq xoʻjaligini melioratsiyalash boʻlimida katta mutaxassis, Moskva qishloq xoʻjaligini melioratsiyalash institutida katta ilmiy xodim, Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy tekshirish institutida eksshtuatatsiya boʻlimi boshligʻi, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari (1925—35). 1935-yildan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutida gidromelioratsiya sistemalarini ekspluatatsiya qilish kafedrasi mudiri. Yanishevskiy suvdan foydalanishni rejalashtirishning nazariy asoslari va usullarini ishlab chiqqan (Oʻrta Osiyoning barcha irrigatsiya sistemalarida qoʻllanadi).