Nikolskiy qishlog‘i
Nikolskiy qishlog‘i (Nikolskiy posyolkasi) – XIX asr oxirlarida asos solingan, Toshkent shahriga eng yaqin masofada joylashgan rus qishlog‘i.
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Mamlakat | Rossiya imperiyasi |
Hudud | Turkiston general-gubernatorligi Sirdaryo viloyati |
Tuman | Qurama (Toshkent) uyezdi |
Koʻchada joylashgan binolar | maktab, qishloq xo‘jaligi bilim yurti, Turbat (Turkiston batalyoni) ambulatoriya punkti, politsiya punkti, Mineral suvlar va vino mahsulotlari zavodi |
Asos solinishi
tahrirRuslar bosqiniga qadar bu yerlar Sho‘rtepa va Saritepa deb nomlanib, qisman jaloyir, sirg‘ali, qipchoq, qirg‘iz kabi urug‘lar, qisman shu atrofda va shaharda yashovchi o‘zbeklarga tegishli bo‘lgan. Mazkur joyning rus qishlog‘iga aylanishi haqida turli ma’lumotlar mavjud[1]. Ayrim rus manbalarida bu yerlar, garchi shaharliklarning qir-adirlari deb sanalsa ham, shahardan uzoq, o‘simligi juda kam bo‘lgani uchun ulardan hech kim foydalanmaganligi qayd etilgan. Boshqa rus manbalarida esa Saritepadagi yerlar general Chernyayevning buyrug‘iga binoan shu yerda qamish o‘rish bilan mashg‘ul bo‘lgan qirg‘izlardan tortib olingan va g‘azna hisobiga o‘tkazilib, foydalanish uchun 1864-yildan 1872-yilga qadar askarlarga berilgani yozilgan.
Uchinchi guruh manbalarda Nikolskiy qishlog‘i uchun Yalang‘ochdagi yerlar ajratilgan bo‘lib, ular Toshkent aholisiga tegishli ekani ko‘rsatilgan. Jumladan, arxiv hujjatlarida bu yerdagi ba’zi joylar Toshkentning Shayxontahur qismidagi Darxon mahallasida yashagan Ashurmuhammad Tabaopalov, Rasulmuhammad Qurbonboyev va Rahmatulla Mirzayevlardan tortib olingani va bu shaxslar 1895-yilda ham hali bu joylar uchun Shahar boshqarmasiga murojaat qilib, pul talab qilib yurganlari haqida bayon qilinadi. Shuningdek, hujjatlardan bunday da’vogarlar ko‘pligi, ular orasida sobiq rus askarlari ham bo‘lgani ma’lum.
Rus askarlari tortib olingan yerlar evaziga, asosan, pul yoki boshqa joydan yer so‘ragan bo‘lsalar, mahalliy aholi ko‘proq pul yoki shu yerlarning o‘zi qaytarilishini talab qilgan. Bunga javoban 1873-yili ba’zi da’vogarlarga chorva boqish uchun qulay Niyozbek yerlaridagi maydonlar ajratilgan, ayrimlariga ma’lum miqdorda pul berilgan, yana boshqalari esa umuman javobsiz qoldirilgan. Ma’lumotlarga asoslanib, Nikolskiy qishlog‘i uchun Sho‘rtepa, Saritepadagi qirg‘iz, o‘zbeklarning va Yalang‘ochdagi Toshkent aholisiga tegishli yerlar ruslar tomonidan 1864-yildan dastlab zo‘rlik bilan tortib olingan, keyinroq esa 1873-yildan g‘azna buyrug‘iga binoan qisman sotib, qisman tortib olingan, degan xulosaga kelish mumkin.
Nomlanishi
tahrirXIX asr oxirlarida asos solingan mazkur rus qishlog‘ining “Nikolskiy” deb nomlanishiga sabab, bu yerda 1865-yili may oyida rus qo‘shinlari qo‘qon askarlari ustidan g‘alaba qozonishgan. Shu bois general Chernyayev shu yerda namunali rus turar joyi barpo etish niyatida maxsus komissiya tuzgan, komissiyaga bu ish bilan shug‘ullanishni yuklagan va Toshkent shahri taqdirini hal qilingan 1865-yil 9-may sanasi – Nikolskiy kuniga to‘g‘ri kelgani uchun rus askarlari g‘alabasi sharafiga „Nikolskiy“ deb nom qo‘ygan[2].
Hududi
tahrirNikolskiy qishlog‘i uchun ajratilgan joy tahminan 500 desyatinani tashkil qilib, Toshkentdan 10 versta masofada, shaharning sharqiy tomonida bo‘lgan, atrofi qirlar bilan o‘ralgan, ko‘proq nam yerlar, botqoqlik, qamishzolardan iborat edi. Yer maydonlarining deyarli barchasiga sholi va kamroq miqdorda klever ekilgan. Sarisuvga tutashgan hudud esa botqoqliklardan iborat bo‘lib, bu joylarda qamishzorlar ko‘p edi va qamish mahsulotlarini ishlab chiqarish shu yerlik aholining qo‘shimcha hunariga aylangan. Qishloq hududidan oqib o‘tgan asosiy ariq Kichik Qorasuv bo‘lib, undan sug‘oriladigan yerlarda, keyinroq esa botqoqlarni quritish natijasida vujudga kelgan maydonlarda ham g‘alla yetishtirilgan.
Aholisi
tahrir1890-yili 2-oktyabrda Nikolskiy qishlog‘ining aholisi ro‘yhatdan o‘tkazilganda, u yerda 748 odam yashagan, ulardan 46,7%i erkak, 62,4%i ayollar bo‘lgan. 1895-yilda oilalar soni 260 ta bo‘lgan. Erkaklar, asosan, dehqonchilik (120 oila dehqonchilik bilan shug‘ullangan), shuningdek, ba’zi hunarmandchilik turlari bilan mashg‘ul bo‘lib, oila boqqanlar, ayollar esa ko‘pincha shaharda yashab, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanganlar.
Davr mobaynida Nikolskiy qishlog‘ining aholisi ko‘payib borgan. Turar joylar soni ortgan. Bozor kunlari, Toshkentga yaqinlikni hisobga olgan holda, seshanba va shanba kunlariga belgilangan (Toshkentda bozor kunlari, asosan, chorshanba va yakshanba kunlari bo‘lgan). Sababi bu yerda odamlar Chirchiq va boshqa uzoqroq joylardan kelib mahsulotlarini sotib ketganlar. Nikolskiy aholisi ko‘pincha vositachi savdogarlar vazifasini bajargan, shuningdek, toshkentlik savdogarlar shu yerdan mol xarid qilganlar.
Inshootlar
tahrir1890-yili butun qishloqda 167 turar joy binosi bo‘lib, ikkita asosiy ko‘cha o‘tgan. Bu ko‘chalarni bir-biri bilan bog‘lovchi yana bir katta ko‘cha keyinroq, 1884–1895-yillarda, polkovnik Abgral boshchiligida qurilgan. Ko‘chalar bir-biriga parallel yotqizilgan bo‘lib, shimoldan janubga tomon yo‘nalgan, berk ko‘chalar ularga perpendikulyar tarzda joylashgan.
Nikolskiyda maktab (1885-yili Ayxodjinov tomonidan qurilgan, maydoni 300 sajen, 1 bino, 6 xona), qishloq xo‘jaligi bilim yurti (1891-yili qishloqning janubiy qismida Turkariqqa yaqin yerda), Turbat (Turkiston batalyoni) ambulatoriya punkti (1891-yili Zokirxo‘ja Imonov uyini ijaraga olgan), politsiya punkti, Mineral suvlar va vino mahsulotlari zavodi (1889-yili Beloklonovning uyida ochilgan) kabi muassasalar bo‘lgan.