Non sanoati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Non sanoati — oziq-ovqat sanoati tarmogʻi. Nonning turli navlarini, buxanka, bulka va teshikkulcha, parhez, diabetik va shifobaxsh non turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Oʻzbekistonda novvoylik qadimiy tarixga va boy anʼanalarga ega.
Non deyarli har bir oilada tayyorlanishiga qaramay shaharlar va yirik qishloqlarda yirik novvoyxonalar aholining yopilgan nonga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashda muhim mavqeda turgan. Novvoylik kasb-hunarning bir turi sifatida rivojlangan. 1929-yilda Samarqand va Toshkent shahrida dastlabki non pishiradigan sanoat korxonalari qurilgach, novvoychilik oziq-ovqat sanoati tarmogʻiga aylandi. Keyingi yillarda Qoʻqon (1930), Qarshi (1936), Termiz (1940), Buxoro (1946), Urganch (1955), Namangan (1961) kabi yirik shahar hamda shaharcha, tuman markazlari, yirik qishloqlarda non zavodlari, novvoyxonalar qurildi. Oʻzbekistonda Non sanoati yevropacha non xillarini ishlab chiqaradigan non zavodlari va novvoyxonalarni qurish yoʻnalishida rivojlandi. 1960—85 yillarda Toshkent, Jizzax, Nukus, Angren kabi shaharlarda katta (100 t/sutka) va oʻrta (30 t/sutka) quvvatga ega boʻlgan 15 ta non zavodi qurilib ishga tushirildi. Non sanoati korxonalarida milliy nonlarni sanoat usulida ishlab chiqarish imkoniyatini beradigan pechlar (Bruver-Salixov, Danko-Semyonov pechlari) oʻrnatildi. Toshkent, Samarqand va Fargʻona shaharlaridagi non pishirish korxonalari tubdan qayta qurildi. Zamonaviy xamir tayyorlov agregatlarining oʻrnatilishi, uzluksiz xamir taqsimlovchi tizimlar, un va yordamchi mahsulotlarni (tuz, xa-mirturush suti, shakar, yogʻ) idishsiz saqlash qurilmalarining barpo etilishi Non sanoatining rivojlanishiga yordam berdi. Shuningdek, obi non ishlab chiqaruvchi sexlar yiriklashtirilib, savdo doʻkonlariga ega boʻlgan yangi sexlar qurildi. 1986-yil non korxonalarining umumiy quvvati 1886,7 t/sutka non mahsulotlarini tashkil etdi (milliy nonlar hissasi 18% boʻldi). 1987-yil non korxonalari Respublika Oziq-ovqat sanoati vazirligidan Don mahsulotlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgach, firma doʻkonlariga ega boʻlgan kichik novvoyxonalar tizimini tashkil etishga ustuvor ahamiyat berildi. Non sanoati korxonalarida non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarila boshladi. 1988-yilda mamlakatda 29 ta yirik non zavodlari ishladi.
Respublika mustaqillikka erishganidan soʻng, ayniqsa, shahar aholisini non bilan barqaror taʼminlash maqsadida Non sanoati korxonalarini zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlash, non turlarini koʻpaytirish yoʻnalishlarida muhim ishlar amalga oshirildi. Daha va guzarlarda kichik non korxonalari ishga tushirildi. 1995-yilda "Oʻzdonmahsulot" davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi tarkibida 4 non ishlab chiqarish birlashmasi (Toshkent, Yangiyoʻl, Fargʻona, Qarshi), 21 non zavodi ishladi va bir sutkada 1300 t dan ziyod non mahsulotlari ishlab chiqarildi. "Oʻzdonmahsulot" tizimida har biri sutkada 3 t dan 120 t gacha non ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan 200 dan ortiq non zavodlari va kichik novvoyxonalar faoliyat koʻrsatadi (2003). Ularda dunyodagi eng ilgʻor "Vinkler" (Germaniya) va "Ekmasan" (Turkiya) kabi firmalarning zamonaviy jihozlari oʻrnatilgan. Hozirgi "Tansiq non" (Toshkent), "Buxoro non", "Samarqand non", "Nukus non", "Rizq" (Andijon), "Qarshi non" aksiyadorlik jamiyatlari tizimdagi yirik non zavodlari hisoblanadi. Non ishlab chiqarish korxonalari faqatgina yirik shaharlarda emas, balki qishloq joylarida ham rivojlangan. Ayni paytda "Oʻzbekbirlashuv" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida 844 ta non ishlab chiqarish sexlari, 3 mingga yakin tandir (novvoyxona) va kichik korxonalar bor. Ular tomonidan bir yilda 160 ming t non mahsulotlari tayyorlandi (2002). Oʻzbekiston Non sanoati korxonalarida 300 xildan koʻproq non ishlab chiqariladi.
Jahonda Italiya, Germaniya, Turkiya, AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlarda Non sanoati rivojlangan. Kishi boshiga oʻrtacha yillik non isteʼmol qilish koʻrsat-kichlari Italiya, Daniya, Germaniyada 70–82 kg ni, Buyuk Britaniya va Fran-siyada 42–45 kg ni tashkil etadi (2002). Gʻofir Mirzayev.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |