Navkar, nu kar (moʻgʻulcha noxor — doʻst, oʻrtoq) — 1) moʻgʻul xonlari, noʻyon huzurida xizmat qiluvchi oliy tabaqali yigitlar. N.lar — qurollangan erkin kishilar boʻlib, noʻyonlarga oʻz ixtiyorlari bilan xizmat qilishgan va ularning qaramogʻida boʻlishgan. Urush paytida N. avvalambor jangchi, tinchlik paytida esa qoʻriqchi va "uy kishisi", xonadonga yaqin kishi boʻlgan. N.lar xizmatlari evaziga dastavval uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak va qurol-yarogʻ, keyinchalik esa harbiy oʻljaning bir qismi, inʼom etilgan yer mulki va qarollar bilan takdirlanganlar, bu esa ularni yirik zodagonlarning vassallariga aylanishlariga imkon bergan. Xizmat pillapoyasida oʻz isteʼdodini namoyish etgan koʻpgina N.lar keyinchalik turli harbiy boʻlinma va qismlarga qoʻmondon boʻlganlar; 2) Amir Temur va temuriylar davrida N. atamasi — "xizmatkor", "askar", "qoʻshin" maʼnolarida qoʻllangan; 3) Usmonli turk imperiyasi 14—17-asrlarda N. "tanqoʻriqchi, xizmatkor"; 4) Safaviylar davlatida N. — harbiy-maʼmuriy mansabdorga tobe harbiy xizmatchi, askar; 5) Xiva xonligida N. — "lashkar"ni anglatgan; 6) Buxoro xonligida N. xizmati uchun davlat tomonidan belgilangan maosh bilan taʼminlangan va majburiy harbiy xizmatni oʻtagan. Harbiy harakatlardan boʻsh paytlarda N. soqchilik vazifasini bajargan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil