Nuh
Nuh (arabcha: نوح) — Qur’onda nomi zikr qilingan paygʻambarlardan biri. Injildagi Noyga toʻgri keladi. Qur’onga koʻra, Alloh Nuhni oʻz qavmiga paygʻambar qilib yuborgan. Nuh oʻz qavmi ichida uzoq umr koʻrdi, yaʼni, 950 yil yashadi (Ankabut surasi, 14-oyat). U turli iloxlarga, butlarga sigʻingan qavmini toʻgʻri yoʻlga boshlab, faqat Allohga ibodat qilishga daʼvat etdi. Lekin qavm uning soʻziga kirmadi, uni masxara qildi. Nuhning daʼvatiga hatto oʻzining xotini va bir farzandi ham ishonmadi. Shunda Nuh Allohdan yordam berishni, kofirlarni jazolashni soʻradi (Shuaro surasi, 118-119-oyatlar). Alloh uning iltijosini qabul etib, Nuhga kema yasashni va barcha jonivorlardan bir juftdan olib kemaga joylashtirishni buyurdi. Keyin osmondan juda koʻp yomgʻir yogʻdirdi, yerning hamma tomonidan ham suv chiqartirdi. Osmon suvi bilan yer suvi qoʻshilib ulkan toʻfon paydo boʻldi. Toʻfonda barcha kofirlar halok boʻldi, faqat kemadagilar sogʻ qoldilar. Toʻfon boshlanishidan oldin Nuhning farzandlaridan biri kemaga chiqmadi. Nuhning otalik mehri qoʻzgʻab, oʻgʻlini kemaga chiqishga undadi. Allohga kufr keltirgan farzand esa, otasiga rad javob aytib imon keltirishdan yana bosh tortdi va toqqa chiqib jon saqlamoqchi boʻldi, lekin u ham halokatga uchradi (Hud surasi, 45-47-oyatlar). Suv pasaygandan keyin kema Judiy togʻi ustida toʻxtadi. Kema togʻ tepasiga kelib toʻxtab, yer toʻfon suvini yutib bitirgach, Alloh Nuhni kemadan yerga tushishga buyurdi. Nuh va unga iymon keltirgan kishilar kemadan tushishdi. Bu zamin Musil degan yurt edi. Nuh qissasini bayon qiluvchi Nuh surasi ham nozil boʻlgan.[1]
Nuh (arabcha: نوح ) | |
---|---|
Fayl:Quran1.gif | |
Boshqa dinlarda : | Noy
|
Jinsi : | erkak |
Turkum: | Elchi |
Manzili: | Musil |
Farzandlari: | Som, Xom, Yosif, Kanon |
Adabiyot
tahrir- Paygʻambarlar qissasi, T., 1993.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |