Nukat
Nukat — oʻrta asr shahri. Toshkentdan Tunkatga va Fargʻonaga boradigan savdo yoʻlida joylashgan. Nukat 11 —12-asrlardagi Sharq yoʻlnomalarida qayd etilgan. 9—10-asrlarda kattaligi jihatidan Ilokda Tunkatdan keyingi oʻrinda turgan. Nukatning keyinchalik Ulkan Toʻytepa deb atalgan shahar harobasini 1928-yilda M.Ye.Masson Toshkent yaqinidagi Toʻytepa qishlogʻidan topgan. Nukatning markazi toʻgʻri burchak shaklidagi shahriston boʻlib, maydoni 18 gektarni tashkil qiladi. U toʻrt darvozali ulkan devor bilan oʻralgan. Shimoliy qismida toʻrtburchakli 0,75 ga kattalikdagi qalʼa boʻlgan. Nukatning rabodi 100 gadan ortiq maydonni egallagan. Shaharning sharqiy qismida oʻliklar ossuariylar (ostodon)da dafn qilingan qabriston joylashgan. Nukatdan 8—12-asrlarga oid tangalar, sopol, oltin, mis va jez idishlar, temir oʻroq, pichoq, shuningdek, chiroyli qandil va murakkab bosma naqshlar bilan bezalgan idishlar topilgan. Topilmalarning eng qadrlisi 6—7-asrlarga oid. 9—10-asrlarda shahar tez rivojlangan. Idrisiyning maʼlumotiga koʻra, 12-asrda Tunkat tanazzulga uchrashi munosabati bilan Iloq davlatining poytaxtiga aylangan. 13-asr boshida moʻgʻullar istilosi natijasida xarobaga aylangan[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |