Nurali qiziq Nurmat oʻgʻli, Layzongul (1882Qoʻqon1969) — xalq qiziqchisi, askiyachi, nayrangboz, ertakchi. Toshkentlik Orif nayrang, qashqarlik Ismoil Hojidan nayrang va chinnilar (lagan, taqsimchalar va boshqalar) bilan tomosha koʻrsatishni oʻrgangan. 1909—1914 yillarda Yusufjon qiziq bilan askiya va qiziqchilikda tortishgan. Asosan, tomoshalarni yakka oʻzi koʻrsatgan. Repertuaridan kulgi-hikoyalar, lof, nakd va latifalar oʻrin olgan. Nurali qiziq Nurmat oʻgʻlining iplar yerdamida harakatga keltiruvchi Layzongul degan qoʻgʻirchogʻi boʻlib, uni taʼriflab qoʻshiq aytgan. "Layzongul" laqabi shundan. Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonning koʻpgina shaharlarida tomoshalar koʻrsatgan, hikoyalari, taʼriflarini oʻzbek, qozoq, tojik, uygʻur tillarida olib borgan. Asosan, Fargʻona vodiysi va Toshkentda ijod etgan. Nurali qiziq Nurmat oʻgʻli tilidan oʻnlab qiziqchilik va ertaklar yozib olingan, shundan bir qismi 1990-yilda "Luqmoni Hakim" nomi bilan nashr qilindi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil