Nurdinjon Aminjonov
Nuriddin Aminjonov (1946-yil 11-aprel, Chust shahrida tugʻilgan) – taniqli oʻzbek madaniyat va sanʼat fidoyisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbek musiqachilik sanʼati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan shoir va xonanda[1].
Hayoti va ijodi
tahrirNuriddin Aminjonov 1946-yilning 11-aprelida Namangan viloyati, Chust tumanida tugʻilgan va Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Eski Toshkent qishlogʻida voyaga yetgan. Uning ota-onasi, Aminjon Otabekov va Rahima Pirmatova, dehqonchilik va uy bekaligi bilan shugʻullangan. U bolaligidan ashula va sheʼriyatga qiziqib, bu isteʼdodini onasining allalaridan olgan.
1961-yilda Toshkentdagi Matbaachilar bilim yurtiga oʻqishga kirib, oʻz ijodiy faoliyatini boshladi. Oʻzbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova va xizmat koʻrsatgan artist Mamadaziz Niyozovning shogirdi sifatida sanʼatda tahsil olgan. 1965-yilda bilim yurtini tamomlagach, Oʻzbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs ansambliga ishga qabul qilindi. Shu davrda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida oʻqishni boshladi va talabalar ansambli „Dilnavoz“ga rahbarlik qildi.
1972-yilda Oʻzbekiston Radioeshittirish va Televideniesining Musiqali eshittirishlar bosh muharririyatida muharrir sifatida faoliyat boshladi. Bu yerda u Respublika boʻylab havaskorlik jamoalari bilan ishlashda katta rol oʻynadi. Nuriddin Aminjonov yuzlab xonandalarning ijodlarini radio orqali ommaga yetkazib, ularning mashhurlikka erishishiga hissa qoʻshdi.
Sanʼatga Qoʻshgan Hissasi
tahrirNuriddin Aminjonov "Tanishing yangi ovozlar, " "Sanʼat saodatimdir, " va „Qoʻshiq orzum mening“ kabi koʻrik-tanlovlarni tashkil etib, yangi isteʼdodlarni kashf qildi. Shuningdek, „Oʻzbekiston kuylagay“ radio festivalini yoʻlga qoʻyib, sanʼatning barcha yoʻnalishlarini targʻib qildi. 1980-yilda u „Xalq ijodiyoti“ boʻlimiga rahbar boʻlib, folklor va baxshichilik sanʼati bilan faol shugʻullandi.
Aminjonov 1982-yilda Oʻzbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasiga va 2008-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻldi. Nafaqaga chiqqandan keyin ham u sanʼatkorlar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirdi. U xalq ijodiyoti namunalarini yozib olish va saqlash ishlarini olib borib, oʻz shaxsiy arxivini yaratdi va milliy boylik sifatida saqlamoqda.
Mukofotlari
tahrir- „O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi“ (2016)
- „Madaniyat va sanʼat fidokori“ (2020)
- „O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi“ (2022)
- „Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (2023)
- “Turon" fanlar akademiyasining faxriy akademik unvoni (2024)
Bugungi Faoliyati
tahrirHozirda Nuriddin Aminjonov Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining „Ustoz-shogird maktabi“da faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda yosh xonandalarga ashula matnining talaffuzi, adabiy matnlar mazmunini chuqur tushunish, va ijro sanʼatiga oid bilimlarini yetkazishga katta eʼtibor qaratmoqda.
Kitoblari
tahrirNuriddin Aminjonov adabiyot sohasida ham samarali ijod qilib, quyidagi kitoblarni yaratdi:
- Dilhiroj
- Ayla tabassum
- Intizor kutdim
- Armonli dunyo
- Qoʻshiqda koʻraman olamni
- Tuprogʻi zar, suvi gavhar
- Koʻnglimning suvrati
- Sevmay boʻlurmu sizni
- Yillar qoʻshigʻi
- Shukrona
- Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy
- Izhori dil
- Asrlarga yoʻldosh Navoiy
- Qanotli qoʻshiqlar (hammualliflikda)
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrir- OʻzME. Toshkent, 2000-yil