Nuriddin Oʻlmasboyev
Nuriddin Oʻlmasboyev (1900—1938) — davlat va jamoat arbobi. Millati — oʻzbek. Kommunistik partiya tarkibiga 1919-yil kirgan. Partiya bilaet raqami: 1367356. Unacha Qoʻqondagi oʻqituvchilar seminariyasida ikki sinfni tugatgan. 1918-1920-yillarda Toshkentda partiya maktabida oʻqib, partiya xodimi mutaxassisligiga ega boʻlgan. Nuriddin Oʻlmasboyevning xotini Ravza shoir Usmon Nosirning singlisi boʻlgan[1].
Nuriddin Oʻlmasboyev | |
---|---|
Tavalludi |
1900-yil |
Vafoti |
1938-yil Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Taʼlimi | Moskva kimyo texnologiyalar instituti |
Faoliyat yillari | 1919—1938 |
Nuriddin Oʻlmasboyev 1900-yil Qoʻqonning Bekboʻta qishlogʻida korxonada yollanib ishlovchi xizmatchi oilasida tavallud topgan. Otasi paxta tozalash zavodi egasi boʻlgan Umar Eshon Zokirboyev qoʻlida ishlagan. U Zokirboyevga paxta topshiruvchilari qarzlarini undirib berish bilan shugʻullangan.
U yoshligidan jadid va rus-tuzem maktablarida tahsil oladi. U Qoʻqondagi siyosiy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Nuriddin Oʻlmasboyev 1917-yilda otasining daʼvati bilan Qoʻqondagi oʻqituvchilar seminariyasiga oʻqishga kiradi. Seminariyada oʻqib yurgan kezlarida komsomolga qabul qilinadi. 1919-yil Toshkentga kelib, „Chigʻatoy gurungi“da faol ishtirok etada boshlaydi. Soʻng partiyaga kirib, partiya va davlat ishlariga aralasha boshlaydi. Toshkentda partiya maktabini bitirgach, Qoʻqon komsomol tashkilotida iashlagan. Viloyat komsomol tashkilotida uch yil faoliyat koʻrsatgan. Viloyat komsomol komiteti kotibi boʻlib ishlagan. 1923-yildan partiya-sovet ishiga oʻtadi. 1923-yil sentyabrdan 1924-yil sentyabrgacha Qoʻqon uyezdi ijroiya komiteti raisi oʻrinbosari, Fargʻona viloyat partiya komiteti qarori bilan Andijon uyezd-shahar partiya komiteti kotibi qilib yuborilgan. Akmal Ikromov tashabbusi bilan u Qoʻqonga okrug partiya qoʻmitasi kotibi etib tayinlanadi.
1925-yil dekabrdan Oʻzbekiston Kompartiyasi Mk yoʻriqchisi, 1926-yil dekabrdan Markaziy Komitetning tashkiliy boʻlim mudiri oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 1928-yil fevralda Markaziy Komitet qarori boʻyicha N.Oʻlmasboyev Oʻzbekiston Kompartiyasi Fargʻona okrug partiya komiteti kotibi qilib tayinlangan, dekabr oyidan esa maorif xalq komissarligi siyosiy-maʼrifiy boʻlimi mudiri, , xalq maorif komissari kollegiyasi aʼzosi boʻlib xizmat qilgan. 1928-yil unga „Hujum“ kompaniyasini boʻshashtirgan deb hayfsan beriladi. Nuriddin Oʻlmasboyev 1930—1933-yillarda Moskvada oliy partiya maktabida tahsil oladi. Shu bilan birga Moskva kimyo-texnologiyalar institutida ham oʻqiydi. 1933-yil institutda 3-kursdan 4-kursga oʻtganda VKP (b) MK qarori bilan Bagʻdod tumani Mashina-traktor stansiyasiga ishga yuboriladi[2]. Dastlab Fargʻona viloyati Bogʻdod MTSida siyosiy boʻlim boshligʻi, bir muddatdan soʻng Samarqand viloyati Jomboy tumani partiya qoʻmitasi birinchi kotibi sifatida faoliyat olib boradi. U qisqa muddatda Jomboy tumani qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va xalqning turmush tarzini yaxshilashda katta yutuqlarga erishadi[3].
1931-yildan OʻzSSR yer-suv ishlari xalq komissarligi meva-sabzavotchilik boshqarmasi boshligʻi, 1936-yil mart oyidan Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida yoʻriqchi, keyin qishloq xoʻjaligi uchun kolxoz rahbar xodimlarini tayyorlash boʻyicha sektor mudiri vazifasida ishlagan[4].
1937-yil 28-sentyabr kuni OʻzSSR IIXK Zagvozdin bu vaqtda OʻzSSR KP MK qishloq xoʻjaligi boʻlimida tashkilotchi boʻlib ishlayotgan Nuriddin Oʻlmasboyevni aksinqilobiy targʻibot va aksinqilobiy tashkilot aʼzosi degan ayblovlar bilan qamoqqa olishga qaror chiqaradi. Shu kuning oʻzida order olinib, u qamoqqa olinadi. U Akmal Ikromovning safdoshi sifatida qamalgan[5]. Nuriddin Oʻlmasboyev bir necha kun qiynoqlardan soʻng unga qoʻyilgan aylarni tan olishga majbur boʻladi. 1937-yil 12-noyabr kuni tergovchilar Nuriddin Oʻlmasboyevni OʻzSSR JKning 57-1, 63, 67-moddalari bilan aybdor deb qaror chiqariladi. 1937-yil 15-noyabr kuni oʻtkazilgan oxirgi soʻroqda Nuriddin Oʻlmasboyev oʻzining xalq xoʻjaligini izdan chiqarish boʻyicha jinoyatlarini tan olishga majbur boʻladi. 1938-yil 4-oktabr kuni Oliy sud qaroriri bilan unga oliy jazo tayinlanadi va shu kunning oʻzidayoq otib tashlanadi. 1957-yil 1-avgust SSSR Oliy sudi Harbiy kollegyasi qarori bilan Nuriddin Oʻlmasboyev oqlanadi[6].
Manbalar
tahrir- ↑ „Nodira Rashidova. Usmon Nosir: “Men hayotga qaytishim kerak…” (1988)“. ziyouzcom. Qaraldi: 29-iyun 2023-yil.
- ↑ O'zbekistonda sovet davlatining qatag'on siyosati. Ilmiy maqolalar toʻplami. Toshkent, 2012 — 54-bet.
- ↑ Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet.
- ↑ Rustambek Shamsiddinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari. 1-kitob. Toshkent, „Sharq“ 2012 — 66-bet. ISBN 9789943004818.
- ↑ Нодира Рашидова „УСМОН НОСИР: “МЕН ҲАЁТГА ҚАЙТИШИМ КЕРАК…”“. kh-davron.uz. Qaraldi: 29-iyun 2023-yil.
- ↑ Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.